08:33 / 23.07.2021
9866

Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarining funksional vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan bir qator nizomlar tasdiqlandi.

Bular:

  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining funksional vazifalari to‘g‘risidagi nizom (1);
  • Ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati to‘g‘risidagi nizom;
  • Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab- quvvatlash masalalari kotibiyati to‘g‘risidagi nizom;
  • Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti to‘g‘risidagi nizom.

Nizomga (1) asosan, Bosh vazir o‘rinbosari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi uning nomzodini ma'qullagandan so‘ng Prezident tomonidan lavozimga tasdiqlanadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Prezidentga va Bosh vazirga hisobot beradi. Uning faoliyati uzluksiz ta'lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tizimini isloh qilishni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga yo‘naltirilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari maqomiga ko‘ra Hukumatning a'zosi hisoblanadi va Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga kiradi. U Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida bevosita ishtirok etadi.

Quyidagilar Bosh vazir o‘rinbosarining vazifalari jumlasiga kiradi:

  • uzluksiz ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimi islohotlarini muvofiqlashtirish;
  • yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tilini rivojlantirish faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • atamashunoslik va toponimik obektlarga nom berish faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish.

Bosh vazir o‘rinbosari tegishli idoralararo kollegial organlarga rahbarlik qiladi, shuningdek, Bosh vazir rahbarlik qiladigan idoralararo kollegial organlar faoliyatini hamda ularning qarorlari bajarilishini tashkil etish yuzasidan nazoratni ta'minlaydi.

Hujjat Prezidentning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda “Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Mavzuga oid
Top