11:40 / 23.07.2021
35850

O‘zbekistonda prezident saylovi kampaniyasiga start berildi

O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilindi.

23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yirik siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sayloviga start berildi.

Tadbirda siyosiy partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  Unda Markaziy saylov komissiyasi 2021 yilning 24 oktabr sanasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishi e'lon qilindi.

Prezident saylovi shu yil 8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, oktabr oyida bo‘lib o‘tadi.

2021 yilgi prezident saylovi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Unda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanishi ta'minlanadi.

MSK majlisida saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti va teng sharoitlar yaratilishi ta'kidlandi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat vakillari, jurnalistlar, xususan, xorijiy jurnalistlar kuzatib borishi mumkin.

MSKning matbuot markazi va hududiy bo‘linmalari jurnalistlar va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot yetkazilishini ta'minlaydi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining “Saylov-2021” veb portali va boshqa axborot resurslari yuritilishini ta'minlaydi.

Saylovlarda 5ta partiya – «Adolat» Sotsial-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Liberal demokratlar partiyasi (O‘zLiDeP), Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega bo‘ladi.

Chapdan o‘ngga: Alisher Qodirov — «Milliy tiklanish» DP, Bahrom Abduxalimov — «Adolat» SDP, Aktam Hayitov — O‘zLiDeP, Ulug‘bek Inoyatov — XDP, Narzullo Oblomurodov — Ekologik partiya.

Avvalroq saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani xabar qilingan edi. Bunda har bir siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzod uchun 3 milliard 97 million so‘m to‘g‘ri kelmoqda.

  • Ma'lumot uchun, prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti besh yil muddatga saylanadi.
Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top