08:20 / 27.07.2021
18590

Ish beruvchi emlanmagan xodimini ishga qo‘ymaslik huquqiga ega bo‘lishi mumkin 

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Partiya xabariga ko‘ra, qonun loyihasida «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonun 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, bosh davlat sanitariya vrachi qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda. Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi ko‘zda tutilmoqda.

«Buning natijasida koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqinlari oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi. Yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.

Bugun bu ofatdan himoyalanishning yagona yo‘li emlanish ekani e'tirof etilayotgan bo‘lsa-da, fuqarolarning vaksinalarga bo‘lgan ishonchsizligi oqibatida emlashdan faqat 1 mln 27 ming kishi o‘tgan, xolos. Bu 18 yoshdan oshgan aholining 4,8 foizini tashkil qilmoqda. Jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun esa aholining 60-80 foizi emlanishi talab etiladi», deyiladi ma'lumotda.

Deputatlar ushbu qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma'qulladi.

Top