10:08 / 27.07.2021
32054

O‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish balli 66,1 ball etib belgilandi. Bu – maksimal ballning 35 foizi

O‘tgan yilgi maksimal ball 189 ball edi. Uning 35 foizi – 66,1 ball va bu ko‘rsatkich shu yil o‘qishini xorijiy OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chiruvchilar uchun o‘tish balli etib belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, 66,1 ball shu vazirlik tizimidagi OTMlarga o‘qishini ko‘chiruvchilar uchun belgilangan. 66,1 ballni to‘play olganlar o‘zi ko‘chirgan OTMda bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.

“Bu yil o‘tgan yillardagidan farqli ravishda imtihonni DTM oladi. Bu OTMlarga hujjat topshirib, DTM imtihoni asosida talaba bo‘lgan abituriyentlarga nisbatan adolatni ta'minlash uchun qilindi.

Shuningdek, imtihonda o‘tish ballini to‘plolmaganlar tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qishi mumkin”, deb ma'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Bunda:

  • 65,1 va 66 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 1,5 baravari miqdorida;
  • 64,1 va 65 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 2 baravari miqdorida;
  • 63,1 va 64 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 2,5 baravari miqdorida;
  • 62,1 va 63 ball oralig‘ida to‘plaganlar bazaviy to‘lov-kontraktning 3,5 baravari miqdorida;
  • 56,7 va 62 ball oralig‘ida to‘plaganlar Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorida;
  • 56,6 va undan kam to‘plaganlar Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdorining 2 baravari miqdorida to‘lab o‘qishi mumkin.

Abduvali Xoliqovning ma'lum qilishicha, boshqa vazirliklar tasarrufidagi OMTlar uchun o‘tish ballarini o‘sha vazirliklar o‘zi tasdiqlaydi. Masalan, tibbiyot OTMlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tish ballini belgilaydi.

“O‘qishni ko‘chirishda 1 yil oldingi kirish imtihonlaridagi maksimal ball asos qilib olinadi. Belgilangan bu o‘tish balli keyingi yillarda ham bir yil oldingi ballga qarab belgilanadi va o‘zgarishi mumkin”, dedi Abduvali Xoliqov. 

Top