23:02 / 27.07.2021
7482

Saudiya Arabistoni taqiqlangan davlatlarga borgan fuqarolarga mamlakatdan chiqishni man qildi

Saudiya Arabistoni hukumati epidemiologik nuqtayi nazardan ba'zi davlatlarga borishga kiritilgan taqiqlovni buzgan fuqarolarga 3 yilga podshohlikdan chiqishni taqiqlab qo‘ydi.

“Taqiqlangan davlatlarga borganlar ortga qaytgandan keyin qonun oldida javob berib, qat'iy sanksiyalarga uchraydi. Ularga 3 yilga podshohlikni tark etish taqiqlanadi”, deb aytilgan podshohlik ichki ishlar vazirligi xabarida.

Saudiya Arabistoni hukumati dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etayotgani va virusning yangi shtammlari tarqalayotgani sababli ba'zi davlatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri va boshqa davlatlar orqali borishni taqiqlab qo‘ygan. Bunday davlatlarga BAA, Liviya, Suriya, Livan, Yaman, Eron, Turkiya, Armaniston, Efiopiya, Somali, Kongo, Afg‘oniston, Venesuela, Belarus, Hindiston va Vetnam kiritilgan. Faqatgina diplomatlar va ularning oilalari a'zolari, xorijiy delegatsiyalar vakillari, samolyotlar ekipajlari hamda dori-darmon yetkazish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar ushbu taqiqlovdan istisno qilingan.

Shuningdek, 9 avgustdan koronavirusga to‘liq emlangan saudiyaliklarga mamlakat tashqarisiga chiqishga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, turistik vizalarga ega xorijliklarga pandemiya vaqtida podshohlikka kirish taqiqlanadi.

Top