10:21 / 28.07.2021
13037

Taniqli olim va jurnalistlar ustozi Boybo‘ta Do‘stqorayev 79 yoshida vafot etdi

Taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindori Boybo‘ta Do‘stqorayev 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi Boybo‘ta Do‘stqorayevning vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev 1942 yilda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi «Oqto‘nli» qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969 yildan ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida  ishlab, qariyb yarim asrlik umrini o‘qituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil o‘rganishga bag‘ishlagan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib borgan. 1986 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, o‘zbek matbuot tarixini o‘rganishga kirishgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining «Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi» kafedrasining mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 2002 yil prezident farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» sharafli unvoni bilan taqdirlangan.

Top