08:54 / 29.07.2021
20765

Bahodir Jalolov chorakfinalga chiqdi

Boks bo‘yicha +91 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Bahodir Jalolov 29 iyul kuni Tokio Olimpiadasidagi ishtirokini boshladi.

Og‘ir vazn toifasida reytingning birinchi raqamli bokschisi hisoblangan Jalolov 1/8 finalda ozarboyjonlik Muhammad Abdullayevga qarshi jang qildi. Jalolov jang davomida to‘liq ustunlik namoyish etib, ikkinchi raundda raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik sportchining g‘alabasini qayd etdi (5:0).

Endi chorakfinalda Jalolovga hindistonlik Satish Kumar raqiblik qiladi, u 1/8 finalda yamaykalik Rikardo Braun to‘sig‘idan o‘tdi.

Bungacha Bobo-Usmon Boturov (-69 kg) ham chorakfinal yo‘llanmasini hal qilgandi (u ishtirokini nimchorak finaldan boshlagan). Shuningdek, Elnur Abduraimov (-63 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Fanat Qahramonov (-75 kg) va Tursunoy Rahimova (-51 kg) ilk janglardan muvaffaqiyatli o‘tib, nimchorak finalga yo‘l olgan. Bugun Qahramonov va Rahimova chorakfinal uchun jang qiladi.

Sanjar Tursunov (-91 kg) va Shahnoza Yunusova (-69 kg) ilk raqiblariga mag‘lub bo‘lib, turnirni 1/16 finaldayoq tark etgandi. Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) va Dilshod Ro‘zmetov (-81 kg) esa 1/8 finalda yutqazdi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top