14:16 / 29.07.2021
1955

Surxondaryoda bir guruh fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan ikki nafar shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida bir guruh fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan ikki nafar shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 21 iyul kuni, Oltinsoy tumani Qiziltepa mahallasida yashovchi X.Abdusalom, Gulchechak mahallasida yashovchilar A.Bekzod, X.Xursand, Beshbola pahlavon mahallasida yashovchi O.Chori va Sho‘rchi tumani Oliyhimmat mahallasida yashovchi Q.Olim IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Ular o‘z murojaatida, 2021 yil mart oyida, Oltinsoy tumani Qiziltepa mahallasida yashovchi X.Dilshod va Gulchechak mahallasida yashovchi M.Mirzohid ularning ishonchiga kirib, ancha miqdordagi pullarini o‘zlashtirib ketganini bildirgan.

Jumladan, O.Omondan 3 500 AQSh dollari, A.Bekzoddan 71 million so‘m, X.Xursanddan 50 million so‘m, O.Choridan 11 million so‘m, X.Abdusalomdan 4750 dollar, A.Hayitdan 50 million so‘m, Z.Eshboltadan 10 million so‘m va Q.Olimdan 18 million so‘m pullarini olib, o‘zlashtirib yuborganini ma'lum qilishgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 23 iyul kuni Oltinsoy tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan X.Dilshod va M.Mirzohidlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top