13:40 / 30.07.2021
4244

«Indamasdan kuzatib o‘tirish noto‘g‘ri» – Senat raisi mahalliy kengash deputatlarini faollikka chaqirdi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva davlat dasturlarining hududlardagi ijrosi bo‘yicha mahalliy kengashlar ishiga e'tibor qaratib ularni dasturlar ijrosida faolroq bo‘lishga chaqirdi.

«Obod mahalla», «Obod qishloq», investitsiya va boshqa muhim davlat dasturlarining hududlardagi ijrosiga mahalliy kengashlar e'tibori yetarli emas. Mahalliy kengash doimiy komissiyalari o‘zlariga taalluqli masalalarni doimo ko‘rib borishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda hududiy nazoratni kuchaytirishlari zarur.

Senat qo‘mitalari mahalliy kengash doimiy komissiyalariga biriktirilyapti. Biz doimiy komissiyalar ishini tubdan qayta ko‘rib chiqdik. Ixtisosliklaridan kelib chiqib, joylardagi mahalliy kengashlarga qo‘mitalarimiz kuratorlik qilib muammolarni birgalikda ko‘rib chiqadi.

Indamasdan kuzatib o‘tirish noto‘g‘ri. Bu vazirlikning ishi, bunisi hokimning ishi deyish mutlaqo noto‘g‘ri. Har bir mahalliy kengash doimiy komissiyasi bong urib, mening hududimda falon masala hal bo‘lmadi, vazirlik kelib hal qilib bersin degan talablar qo‘yishi kerak», dedi Senat raisi.

Top