14:06 / 30.07.2021
14043

«Milisaxona» ham, MFY ham, poliklinika ham bitta binoda ishlashi mumkinmi? Angorda mumkin ekan

Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 3-son qishloq oilaviy poliklinikasi joriy yilning iyun oyida kapital ta'mirdan so‘ng foydalanishga topshirilgan bo‘lishi lozim edi. Agar tuman hokimligining rasmiy munosabatida berilgan va'da o‘z vaqtida bajarilganda.

Foto: KUN.UZ

Joriy yil fevral oyida tumandagi Navshahar mahallasi ahliga xizmat ko‘rsatib kelgan Angor tumanidagi 3-son QOPni kapital ta'mirlash ishlari boshlanadi. Loyiha uchun tuman hokimligi budjetidan 1 mlrd 400 mln so‘m ajratilgani ma'lum qilingan. Ammo ta'mirlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshmagach, hudud aholisi noqulayliklar sababli o‘z e'tirozini bildirgan.

Angor tuman hokimligi aholi murojaatiga javoban joriy yilning 2 may kuni hokimlik Telegram-kanali orqali rasmiy munosabat bildirgan. Unda keltirilishicha, o‘sha vaqtda kapital ta'mir 30 foizga bajarilgan va bir oy muddatda ish yakunlanishi ma'lum qilingan. Oradan ikki oy o‘tdi, ammo yangi poliklinikadan darak yo‘q.

Poliklinika vaqtincha mahalla binosiga ko‘chirilgan, hozir ham o‘sha yerda faoliyatini davom ettirmoqda. MFY xodimlari ham, profilaktika inspektori ham shu binoda ishlaydi. 19 iyun kuni tuman hokimligi bu borada yana bir bayonot beradi. Unda poliklinika qurilishi moliyaviy muammo sabab to‘xtab qolgani, lekin ishlar yana tiklangani aytilgan. Qiziq, 1,4 milliard so‘m pul ajratilgan bo‘lsa, yana qanday moliyaviy muammo bo‘lishi mumkin?

«Biz ham sifatli tibbiy xizmat olishga haqlimiz. Lekin o‘zi yordamga muhtoj bu oilaviy poliklinika odamlarga qanday sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatsin? Bu yerga kelganlar hozir davolanishdan ko‘ra kasallik yuqtirishi ehtimoli yuqori», deydi navshaharliklardan biri.

Angor tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherali Mirzayev bilan telefon orqali bog‘landik. U ayni vaqtda poliklinikani ta'mirlash uchun mablag‘ yo‘qligini ma'lum qildi. Mirzayevning aytishicha, bu haqda viloyat hokimligiga xabar berilgan.

Qiziq, bundan ikki oy avval hokimlik QOPni kapital ta'mirlash uchun 1 mlrd 400 mln so‘m ajratildi, bir oyda ish yakunlanadi, deganda nimani nazarda tutgandi? Umuman, osonlikcha va'da berilayotganda uning ijrosi, ertaga so‘ralishi mumkinligi haqida kimdir o‘ylab ko‘rganmi?

Navshahar mahallasi aholisi yana qancha vaqt mahalla binosida tibbiy xizmatdan «bahramand bo‘ladi»? Bu haqda hozircha tayinli javob beradigan mas'ul yo‘q. Loyihaga ajratilgan 1 mlrd 400 mln so‘mning taqdiri esa hammasidan ham muhim. Hokimlik ajratildi, deb aytgan bu pullar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi ekan?

Bu ishni surishtirish tuman prokuraturasi uchun jiddiy mavzu deb o‘ylaymiz. Axir soliq to‘lovchilarning 1,4 milliard so‘m puli savol-javobsiz yo‘qolib qolishi kerak emas.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top