08:12 / 10.08.2021
5218

IIV tizimidagi litseylarning vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

IIV akademik litseylarining faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • IIV akademiyasiga kirish uchun huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasi yuqori, intellektual va ma'naviy salohiyati yuksak, jismonan yetuk, irodasi kuchli va shijoatli nomzodlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali kadrlarni tayyorlash;
  • o‘qitishning innovatsion shakl va metodikalarini joriy etish asosida milliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish, o‘quv adabiyotlarini zamon talablari asosida takomillashtirish va ularning yangi avlodlarini yaratish, o‘quvchilarda mantiqiy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida o‘quv va ta'lim dasturlarini davlat ta'lim standartlariga muvofiqlashtirish;
  • yuzaga kelgan turli muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish tajriba va tegishli ko‘nikmalar hosil qilishni nazarda tutuvchi «case-study» metodikasini tatbiq etish.

Belgilanishicha, akademik litseylarga 2019/2020 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar amaldagi ta'lim dasturlariga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar esa ikki yillik ta'lim dasturlarini bir yilda o‘zlashtirish asosida o‘qishni tugatadi.

IIVning akademik litseylari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga pedagog xodimlarni ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • akademik litseylar va ixtisoslashtirilgan maktab-internatdagi bo‘sh pedagog lavozimlarini egallash uchun tanlovlarni adolatlilik, xolislik, oshkoralik va kollegiallik prinsiplari asosida tashkil etish va o‘tkazish tartibi;
  • IIV buyrug‘i bilan tashkil etilgan komissiya tomonidan tanlovlarni test va suhbat shakllarida o‘tkazish tartibi;
  • tanlov natijalarini belgilangan mezonlar asosida rasmiylashtirish, nomzodlarni ishga qabul qilishga tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik yuzasidan komissiya qarorini qabul qilish tartibi.
Top