10:11 / 11.08.2021
4629

Jazoirda o‘rmon yong‘inlari vaqtida 42 kishi halok bo‘ldi

Foto: EPA

Jazoirda o‘rmon yong‘inlari oqibatida 42 kishi, jumladan 25 askar halok bo‘ldi. Yana bir necha askar kuchli kuyish jarohatlari olgan.

Askarlar mahalliy aholini yong‘inlardan qutqarish vaqtida halok bo‘lgan. Jazoir prezidenti Abdulmajid Tabbunning yozishicha, ular poytaxtdan 100 km uzoqlikda joylashgan Qabiliya tog‘li viloyatida 100 kishini yong‘indan qutqarishgan.

Yong‘inlar 9 avgustda boshlangan. Hukumat falokat hududiga yong‘inlarga qarshi kurash va odamlarni evakuatsiya qilish uchun harbiylarni jo‘natgan.

The Washington Post nashrining yozishicha, Qabiliyada yetib borish qiyin bo‘lgan qishloqlar ko‘p bo‘lib, ular cheklangan miqdorda suvga ega.

“Ba'zi odamlar yong‘inlardan qochgan, boshqalari esa chelak, shox-shabba va qo‘l ostidagi buyumlar bilan yong‘inni to‘xtatishga harakat qilgan. Hududda suv sepuvchi samolyotlar ham yo‘q”, deb aytilgan xabarda.

Jazoir ichki ishlar vaziri Komil Beljudaning ta'kidlashicha, yong‘inlar o‘t qo‘yishlar oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. 

Uning aytishicha, “faqatgina qing‘ir qo‘llargina viloyatning bir necha aholi punktida bir vaqtda 50 ga yaqin yong‘in chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin”.

Avvalroq Turkiya va Gretsiyada ham o‘rmon yong‘inlari chiqqandi va ular hamon davom etmoqda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, yong‘inlarga issiq havo sabab hisoblanadi. Biroq rasmiy shaxslar yong‘inlar ataylab uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Top