19:34 / 26.08.2021
33678

Uxlamay tush ko‘rayotgan ayol

Ochiltosh Ataullayeva avtobus bekatlarida tong ottirgan ayol. Uning 13 yil umri ko‘chada kechgan. Ikki farzandi bilan oshxona, yerto‘lalarda yashab kelgan. Ayol o‘sha kunlarni bugun eslar ekan, uxlamasdan tush ko‘ryapman, deydi...

Ochiltosh opa hozirgi vaqtda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi boquvchisini yo‘qotgan, chin yetim va og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarga mo‘ljallab qurilgan uylarda yashaydi. Bu uy unga tekinga qurib berilgan. U shu kunlarga kelgunicha ham irodasi ming sinovlardan o‘tgani, har bir kuni tuganmas azobdek tuyulgani, biroq o‘zini, ayollik sha'nini yo‘qotmaganini aytadi.

«Onam ham yoshlikdan yetim qolgan. Kamiga turmush qurgach otam hayotni erta tark etgan. Shundan so‘ng rahmatli otamning qarindoshlari uyiga ham sig‘maganmiz. Onamning ikki oyoqlari umuman ishlamay qoldi. Keyinchalik bir necha yil tog‘amning uyida yashadik, voyaga yetmasimdan onam ham vafot etdi.

Qarindoshlarim meni turmushga uzatishdi. Ammo ota-onasiz, aka-uka yoki jigaringiz bo‘lmasa sizni hamma ham hurmat qilavermas ekan. Ortimdan boradigan odam bo‘lmadi, kambag‘al va nochorligim sababli qizim va o‘g‘lim bilan ko‘chada qoldim. Onamning taqdiri takrorlandi», — deydi ayol.

Shundan so‘ng Ochiltosh opaning sargardonlik yillari boshlanadi. O‘zi yetimlikda tortgan mashaqqati, onasini erta yo‘qotib qiynalganlaridan xulosa qiladi. Irodali, mashaqqatli bo‘lishga intiladi. Kichik-kichik oshxonalarda ishlaydi, mardikorchilik qiladi, odamlar bergan bir burda non uchun bo‘lsa ham ishlaydi. O‘n yildan oshiq vaqt goh ijara uylarda, goh bekatlarda, yerto‘lalarda, oshxonalarda farzandlari bilan yashab yuradi.

«Hech qachon qizimni o‘zimdan uzoqlashtirmadim. Taqdiridan xavotir oldim», — deydi u.

Ochiltosh opaning aytishicha, ba'zan ijaraga to‘lash uchun pulning o‘zi bo‘lmagan. Shu sababli ko‘chada qolib ketgan kunlari ko‘p bo‘lgan. Avtobuslar o‘tib ketaverardi. Eng oxirgi avtobuslar qayerga olib ketaylik, deb so‘rashsa ham indamasdi u. Boradigan joyi yo‘q edi. Ko‘chada mashinalar siyraklashgach och-nahor bekatda uxlashga majbur bo‘lgan. Dunyo egasiz emas, bunday vaqtlarda o‘zining ta'biri bilan aytganda, uni PPX olib ketardi.

«Ayol «melisalar» beradigan non-choy bilan kun ko‘rgan vaqtlarimiz bo‘lgan», deydi ayol.

U kambag‘allik va muhtojlik sababli maktabni bitira olmagan. Tabiiyki, oliy ma'lumot, tayinli ish joyi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shu sababli kimningdir uyida, ayollar mardikor bozorida, arzon choyxonalarda ishlab yurishga majbur bo‘lgan. Shunga ham shukr qilgan (Ayolning og‘zidan shu so‘z tushmaydi). Bu vaziyatda uning qachondir uy sotib olishi bu haqiqatan ham o‘zi aytgandek tush, xayol edi.

U hokimiyatga, portalga, umuman, qayerdan yordam berilishi mumkin bo‘lsa, hamma joyga murojaat qilaveradi. Turli darajadagi yordam va ko‘mak bilan yillar o‘tib ketadi. Harqalay, unga butun boshli boshpana berishning imkoni bo‘lmaydi. Nihoyat, bu toifa muhtojlar uchun Past Darg‘omda 2020 yilda 44ta uy qurilishi boshlanadi. Ikki sotixdan iborat uch xonali uylardan biri unga ham beriladi.

«O‘g‘limni bir muddat bolalar uyiga berib ko‘rdim. U yerda o‘g‘lim qiynalmasdi, och qolmasdi. Ammo vijdonim qiynalar, sog‘inardim. Pandemiya boshlanib qoldi, ko‘rishga ruxsat berishmadi, bolamni ko‘rolmay juda qiynaldim. Yana yonimga olib kelishga majbur bo‘ldim. Eng arzon narsa tuz bo‘ladigan bo‘lsa, hatto tuzga ham pulim qolmadi. Faqat suv ichib kun o‘tkazgan damlarimiz bo‘ldi», — deydi Ochiltosh opa.

Mana shunday kunlarda u tekin uylardan biriga ega bo‘ldi.

«Ba'zan kechalari uyqum qochib ketadi. Xayolga berilaman. Tush ko‘ryapmanmi, deyman. Nazarimda, uxlamasdan tush ko‘rayotgan bo‘lsam kerak.

Mana bu televizorni ham bizga sovg‘a qilishdi. O‘zimga qolsa, bunaqa televizorlarni xarid qilish haqida o‘ylasam qo‘rqib ketardim. Xudoga shukr, uyimdagi mebel va gilamlargacha homiylar olib berishdi», — deydi ayol.

Opa ikki qarich hovlichasini to‘ldirib ekin ekkan, hovliga kartoshka, pomidor, hatto tarvuz ham ekilgan. U ekin ekadigan yeri bo‘lishini ham orzu qilgan.

«Aytgancha, boshimdan shuncha ko‘rguliklar o‘tdi. Ammo biror marta yomon yo‘lga kirish, o‘g‘rilik qilish yoki farzandlarimdan voz kechish haqida o‘ylamadim. Ochig‘i, farzand sotish haqidagi gaplarni mana shu televizorni berishganidan so‘ng televideniye orqali ko‘rdim. Nazarimda, sabrim va o‘sha qiyinchiliklarim uchun menga bu uy berildi. Avvalo, Allohga shukr qilaman, qolaversa, menga boshpana bergan rahbarlarimizdan minnatdorman», — deydi Ochiltosh opa.

Ayol bugun o‘g‘li bilan shu xonadonda yashayapti. Qizini uzatgan. Bog‘chada ish topgan. To‘rt yuz ming so‘m atrofida oylik olyapti. «Shukr, yetadi» deydi u. Ba'zan qo‘ni-qo‘shnilarning bichish-tikishini qilib berar ekan.

Ochiltosh opa irodali ayol. Uning ko‘zida ko‘p narsani ko‘rish mumkin. Og‘ir yillar, kamsitilishlar, iztiroblar izi, sabr, iroda, shiddat va baxt bor. Angladikki, shukr qila olgan insonga baxt uchun unchalik ko‘p narsa ham kerak emas...

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top