08:11 / 01.09.2021
4996

Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun qo‘shimcha javobgarlik joriy qilindi

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda suv obektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun fuqarolarga 3 BHMdan 5 BHMgacha, mansabdor shaxslarga esa 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima solinishi belgilandi. Suvlarning hamda suv obektlarining holatiga ta'sir ko‘rsatuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarganlik uchun ham xuddi shunday jazo choralari qo‘llaniladi.

MJTK quyidagi moddalar bilan to‘ldirildi: 79-1-«O‘simlik dunyosi obektlarini yig‘ish, tayyorlash va ulardan foydalanish tartibi va shartlarini buzish» hamda 861-«Ozon qatlamiga zararli ta'sir ko‘rsatishning oldini olishga doir talablarni buzish».

Dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish, atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelsa, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga 5 BHMdan 7 BHMgacha, mansabdor shaxslarga esa – 10 BHMdan 15 BHMgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

96-«Loyihalarni davlat ekologik (sanitariya-ekologik) ekspertizasining ijobiy xulosasisiz ro‘yobga chiqarish» moddasida nazarda tutilgan sanksiyalar endi fuqarolarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

111-«Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish» moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi:

hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya'ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish - 3 BHMdan 5 BHMgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa - bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Endi hayvonlarga nisbatan ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib keladigan holatda shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik Jinoyat kodeksida ham belgilanadi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar qonun kuchga kirgan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Top