13:03 / 02.09.2021
13036

Fuqarolardan yashil maydonlar bo‘yicha taklif berish so‘ralmoqda

Ekologiya qo‘mitasi fuqarolardan qaysi hudud va mahallalarga daraxt ekish va yashil maydonlar yaratish bo‘yicha taklif yuborishni so‘ramoqda.

Prezidentning 24 avgust kuni ekologiya mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektorida berilgan topshiriqqa asosan, hududlarda attraksionlardan xoli, odamlar toza havoda hordiq chiqaradigan yashil hududlar yaratiladi va har bir uy oldiga daraxtlar ekiladi.

Bu vazifa ijrosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi asosiy ijrochi va nazorat qiluvchi bo‘ladi.

Shu kunlarda qo‘mita fuqarolardan har bir hududda yashil maydonlar va jamoat parklarini tashkil etish, iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda ko‘chatlar ekish bo‘yicha takliflarini yuborishlarini so‘ramoqda.

“Siz o‘z hududingiz – mahallangiz, uyingizga yaqin bo‘lgan biror joyda bo‘sh, egasiz yoki tashlandiq maydonni bilasizmi? Balki tumaningizda ko‘p qavatli uylar va/yoki sanoat korxonalari zich joylashgan va daraxtlar kam deb hisoblarsiz? Ehtimol sizda qo‘mita ishini takomillashtirish yuzasidan boshqa taklif va tanqidlar bordir?

Takliflarni 6 sentyabrga qadar (o‘sha kuni ham) Davlat ekologiya qo‘mitasining TELEGRAM-bot kanaliga yuborishingiz – @eco_2021_bot yoki 71 207 07 70 (ichki 1001#, 5555#) telefon raqamlari orqali qoldirishingiz mumkin”, – deyiladi Ekoqo‘m matbuot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, qo‘mita huzurida yashil maydonlar va jamoat parklarini tashkil etish borasidagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilgan.

Viloyat hokimlariga oktabr-noyabr oylarida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kamida 5 mln tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berilgan.

Top