14:45 / 02.09.2021
15998

«Pandemiya shaxmatga o‘xshaydi. Biz to‘g‘ri imkoniyatni kutib o‘tira olmaymiz» - Sardor Umurzakov

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashi yillik yig‘ilishi doirasidagi forumda ITBga a'zo davlatlar pandemiyadagi vaziyatni to‘g‘ri tahlil qila olishlari va shunga muvofiq harakat qilishlari muhimligi haqida ta'kidlab o‘tdi.

«Xalqaro moliya institutlari orasida, ITB pandemiya boshlanganidan buyon yirik tadbirni «yuzma-yuz» formatida birinchi bo‘lib o‘tkazishi chuqur ramziy ma'noga ega. Ishonchim komilki, bu hamma uchun majburiy signal bo‘ladi. Ishga kirishish vaqti keldi. Pandemiya shaxmatga o‘xshaydi. Biz shunchaki o‘tirib, harakat qilish uchun to‘g‘ri imkoniyatni kutib o‘tira olmaymiz. Hozirgi vaziyatni to‘g‘ri tahlil qila olish va unga muvofiq harakat qilishimiz kerak», — dedi Umurzakov.

Uning ta'kidlashicha, bugungi kunda ITBga a'zo mamlakatlarning birlashgan iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotining o‘sishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«ITBga a'zo mamlakatlarda 1,8 milliard aholi istiqomat qiladi va ularda jahon yalpi ichki mahsulotining 16 foizi ishlab chiqariladi. O‘tgan yili iqtisodiyotimiz 4,1 foizga o‘sdi, bu jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqoriroq. Shuningdek, kelgusi uch yilda o‘sish 4,2 foiz darajasida prognoz qilinmoqda, bu ham jahon o‘rtacha prognozi – 3,5 foizdan yuqori. Bu stavkalarni ushlab turishgina emas, balki undan ham oshirish kerak. Hozirgiga o‘xshash davrda sarmoyalar va bozorlar uchun raqobat muqarrar va bunga tayyor bo‘lish juda muhim», — deya qo‘shimcha qildi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Xususiy sektor kuni» forumi yangi aloqalar va yangi o‘sish nuqtalarini yaratish uchun juda ahamiyatlidir. Bugungi kunda ITB Boshqaruvchilar kengashi tadbirlarida ishtirok etayotgan 1000 dan ortiq xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi mavjud munosabatlarni tiklash kerak.

Mavzuga oid
Top