19:57 / 04.09.2021
25561

Bog‘dodning gigant oshqovoqlari

Jamoliddin aka Qodirov 2005 yilda Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani Cho‘rindi qishlog‘i hududida qarovsiz yotgan yerda bog‘dorchilik qilishni maqsad qildi. U 5 gektar yerga shaftoli ekdi. O‘zlashtirilgan yer qishloqning chekka hududida bo‘lgani bois mevalarni sug‘orishda qiyinchiliklarga duch keldi. Oxir-oqibat dehqon dalaning bir chekkasidan 50 metr chuqurlikdan suv chiqardi.

Jamoliddin akaga bog‘dorchilik ishlarida suyanchiq bo‘lgan o‘g‘li Abdulahad o‘tgan yili urug‘chilik do‘konidan oshqovoq urug‘i sotib oldi. U ekkan oshqovoqlar aql bovar qilmas darajada tosh bosdi. Gigant oshqovoqlarni ko‘rib, oila hayratga tushdi. Hammasi shundan boshlandi...

Jamoliddin aka gigant oshqovoqlar yetishtirishdan avval shaftoli ko‘chatlarini saqlab qolish uchun chelaklab suv tashigani haqida so‘zlab berdi.

“Fermer xo‘jaligimiz 2005 yilda o‘z faoliyatini boshlagan.Ota-bobolarimiz ham dehqon bo‘lishgan. Biz asosan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganmiz. Bog‘dorchilikni boshlagan paytda suv muammosiga duch kelganmiz. Ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish uchun chelaklab suv tashigan kunlarni ham boshimizdan o‘tkazdik.

Yaratganga shukrki, o‘tgan yili quduq qazib, suv chiqardik. Suv chiqqanidan keyin daromad ham oshdi, albatta. Tirikchiligimiz bog‘dorchilikdan bo‘lgani uchun astoydil mehnat qildik. Biz asosan yerga shaftoli ekkanmiz.”

Fermer oshqovoqning gigant navi dalasiga qanday kelib qolganini gapirib berdi.

“O‘tgan yili o‘g‘lim Abdulahad “oshqovoq ekaman” deb Amerikaning “punkin” degan oshqovoq navini urug‘chilik do‘konidan ko‘tarib keldi. Oshqovoq urug‘ini shaftolizor orasiga ekib chiqdik. Hosildan kutilmagan natija chiqdi. Oshqovoqlar aql bovar qilmas darajada kattarib borardi. O‘tgan yili ham kutilmagan hosil oldik. Endilikda oshqovoqning bu navini kengaytirishni reja qilib turibmiz.”

Jamoliddin akaning ta'kidlashicha, o‘tgan yili qovoqning eng kattasi 30 kg, bu yil esa eng yirigi 40 kg tosh bosibdi.

“O‘tgan hosilda oshqovoqning eng kattasi sal kam 30 kg chiqqan edi. Bu yil esa “rekord”ni yangiladik. Bu safargi yetilgan oshqovoqning eng kattasi hozircha 40 kg tosh bosdi. Hozirda oshqovoqlarni parvarish qilishda davom etyapmiz. Ularning tanasi hali “tirik”. Yetilayotgan qovoqlar orasida hali 40 kg.dan o‘tib ketadigani chiqishi ehtimoli yuqori.”

Bog‘bon antiqa gigant qovoq navini qanday parvarish qilayotganini ham so‘zlab berdi. Pishib yetilgan qovoqlarni mehribonlik uylariga ehson qilishni rejalashtirishayotgan ekan.

“Qovoqlarga o‘z vaqtida suvi va o‘g‘itini berib, chopiqlarini qilib, parvarish qilib kelyapmiz. Yaxshi niyat yarim mol degan naql bor. Hamma narsa niyatga qarab bo‘lar ekan. Niyatimiz xolis edi, yaratgan hosilimiz barakasini berdi. Bu yilgi hosilning barchasini mehribonlik uylariga, yetim-yesirlarga ehson qilmoqchimiz.”

Bog‘bonning ta'kidlashicha, qovoqlar palagi kasallikka o‘ta chidamli bo‘lib, ajablanarlisi, hatto ularga shira ham tushmagan.

Jamoliddin aka qovoqlarni bu yil shaftoli daraxti orasiga, 7 sotix yerga ekkan. Kelajakda u bu gigant navni kengroq maydonga ekmoqchi...

P.S: Lavha tayyorlanish jarayonida bog‘boning o‘g‘li Abdulahad qo‘ng‘iroq qilib, oshqovoqlardan biri 50 kg tosh bosgani haqida ma'lum qildi. Xirmonga baraka kirgani rost bo‘lsin...

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Top