09:20 / 04.09.2021
16502

ITB elektron to‘lov platformasini ishga tushirdi

Islom taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining Toshkentda o‘tkazilayotgan 46 yillik yig‘ilishi doirasida moliyaviy samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi platformani joriy etish masalasida kelishuvga erishildi.

Pul mablag‘lari to‘lovini tezlashtiruvchi raqamli platforma bank operatsiyalarining samaradorligini oshiradi va ishbilarmonlik munosabatlarini amalga oshirishni soddalashtiradi.

Ta'kidlanishicha, platforma foydalanuvchilarga real vaqt rejimida to‘lov talabnomalarining holatini kuzatib borish va xavfsizlikni ta'minlovchi shart-sharoitlarda to‘lov bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun loyihaviy guruhlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish imkonini beradi.

Platforma global texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mobil qurilmalarda aks ettirishga ham moslashtirilgan. Shuningdek, unda qo‘lda bajariladigan jarayonlar bilan bog‘liq boshqaruvdagi har qanday nuqsonlarni bartaraf qilish mumkin.

Pandemiya va ITB tomonidan a'zo mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa'y-harakatlar bank operatsiyalarining samaradorligi dolzarb ahamiyat kasb etishini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, yangi elektron to‘lov platformasini ta'sis etish muhim strategik qadam bo‘ldi deyish mumkin.

Top