17:35 / 04.09.2021
36904

Odam o‘g‘irlash, reket, bosqinchilik va ichki ishlar idoralariga ishonchsizlik - Zokirjon Almatov mustaqillikning ilk yillari haqida

IIV axborot xizmati “30 yil - Vatan osoyishtaligi yo‘lida” nomli filmni e'lon qildi. Unda, xususan, ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov mustaqillikning dastlabki yillarini xotirlagan.

Mustaqillikning ilk yillarida juda og‘ir vaziyatlarga tushgan paytlarimizni ham eslaymiz. Ana shunday og‘ir vaziyatlardan qanday qilib chiqqanimizni ham eslatib o‘tmoqchiman.

O‘sha paytlar xalqimizning sud-huquq tizimiga, ichki ishlar idoralariga ishonchsizligi, qo‘rquv mamlakatimizda jinoyatchilik keng ildiz otib ketishiga sabab bo‘ldi. Uyushgan jinoyatchilik avjiga chiqdi. Bir kunda 40-50 tagacha bosqinchilik, talonchilik holatlari bo‘lgan. Odam o‘g‘irlash, reket masalalari eng katta muammolarimizdan biri edi. Ichki ishlar idoralariga ham ishonchsizlik juda yuqori bo‘lgan.

Ma'lum bir tayyorgarlikdan keyin 1992 yil I choragining o‘zida uyushgan jinoyatchilikka qarshi qaqshatqich zarbalar berildi. Reket degan narsalar tugatildi. Jinoyat olamining obro‘li shaxslari javobgarlikka tortildi. Jinoyat yo‘lidan qaytganlarga amnistiya e'lon qilinib, ularga ishlash, yashashi uchun shart-sharoitlar yaratib berildi.

Shu bilan birga, o‘sha kezlar mamlakatimizda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kela boshladi. Mustaqilligimizning ilk yillarida o‘n kunga yetar-yetmas oziq ovqat, ya'ni un, bug‘doy qolgandi. Chet davlatlardan zudlik bilan bug‘doy va un mahsulotlarini olib kelib, mamlakatimiz zaxiralarini to‘ldirishga harakat qilganmiz. Ana shu vazifani sidqidildan bajardik deb ishonch bilan aytsam bo‘ladi.

70 yil mobaynida sovet ittifoqining tarkibida bo‘lib, Allohni qalbimizdan chiqarishga bo‘lgan xatti-harakatlar bekor ekanini anglab yetdik. Allohga bo‘lgan e'tiqod xalqimizning qalbida juda chuqur ildiz otganining shunda guvohi bo‘lganman.

Moddiy ta'minotdagi muammolar

Filmda ta'kidlanishicha, istiqlolning ilk yillarida ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari uchun zarur bo‘lgan qurol-aslaha, kiyim-kechak, moddiy texnika ta'minoti bo‘yicha ko‘plab yetishmovchiliklar mavjud bo‘lgan.

IIV faxriylar kengashi raisi Erkin Norgitov bu haqda shunday deydi.

— 90-yillarda vazir o‘rinbosari bo‘lganman. Moliya, kiyim-kechak va shaxsiy tarkibning moddiy ta'minoti menga yuklatilgandi. O‘sha paytdagi qiyinchiliklarga qaramasdan Moskva bilan aloqa qilib bizga tegishli bo‘lgan narsalarni undirib olib kelishga muvaffaq bo‘lganmiz. To‘g‘risini aytish kerak, texnika ta'minoti bo‘yicha kamchiliklarimiz juda ko‘p edi. Hattoki sovet davrida ham. Xizmat faoliyatimiz uchun suv va havoday zarur bo‘lgan texnikalar yetishmasdi. Mana, masalan, bitta misol, shaxsiy tarkib va boshqa xizmatlarga kundalik foydalanish uchun beriladigan texnik qurilmalarimiz, oddiy aloqa vositalari ham yo‘q edi. Lekin shunga qaramasdan shaxsiy tarkib kechasi-yu kunduzi ish olib borgan.

1992 yil Janubiy Koreyaga shaxsan o‘zim delegatsiya bilan borib, kichik ratsiyalar olib kelganmiz. Germaniyaga borib jinoyat-qidiruv faoliyatida ishlatiladigan texnikalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan zavod bilan gaplashib, respublikadan kerakli mablag‘ni olib, zarur narsalarni olib kelganman. Ana shundan keyin ishimiz albatta yurishdi. Bugungi kunda hamma narsa bor bizda.

Top