16:49 / 06.09.2021
20468

Bagrom va Qandahor aviabazalari Xitoy va Pokistonga berilishi mumkin – OAV

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘onistondagi barcha besh aviabazani ko‘zdan kechirmoqda, Xitoy delegatsiyasi esa Bagromdagi aviabazadan foydalanish bo‘yicha "Tolibon" rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan. 

Foto: Picture Alliance

"Tolibon" harakati Xitoy va Pokistonga Bagrom va Qandahor aviabazalaridan o‘z operativ maqsadlari yo‘lida foydalanishiga ruxsat berishi mumkin. Pioneer gazetasining yozishicha, bu Hindiston uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi.

"Bagrom aviabazasidan foydalanish Xitoyga Hindistonni mintaqadagi harakatlardan tiyib turish va Pekin tomonidan tashkil etilayotgan Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi xavfsizligini ta'minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar beradi", — deb hisoblaydi nashr manbalari.

"Pokiston Qandahordagi aviabazadan foydalanish orqali Kashmir hududida Hindiston ustidan harbiy ustunlikka ega bo‘ladi va ushbu mintaqadagi obektlari himoyasini kuchaytiradi", – degan manbalar.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘onistondagi barcha besh aviabaza, jumladan, Qandahor, Bagrom va Kobuldagi aerodromlarni ko‘zdan kechirmoqda, Xitoy delegatsiyasi esa Bagromdagi aviabazadan foydalanish bo‘yicha "Tolibon" rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan.  

Nashrning qayd etishicha, toliblar amerikaliklar qoldirib ketgan aviatexnikalarni Xitoyga berishi mumkin.

AQSh Afg‘onistonda 200dan ortiq harbiy samolyot va vertolyotlarni qoldirgan.

Top