09:56 / 06.09.2021
25640

Panjsherdagi janglarda qarshilik kuchlari matbuot kotibi halok bo‘ldi

Afg‘onistonning Panjsher viloyatida Milliy qarshilik fronti matbuot kotibi Fahim Dashtiy toliblar bilan janglarda halok bo‘ldi. Bu haqda afg‘on ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Foto: FahimDashty / Facebook

Qarshilik kuchlari Dashtiyning o‘limini tasdiqlashgan. Shuningdek, janglarda qarshilik kuchlarining yana bir vakili – general Abdulvudod Zara ham halok bo‘lgan.

“Afg‘oniston milliy qarshilik kuchlari jabr-zulm va tajovuzga qarshi muqaddas urushda ikki safdoshi – Milliy qarshilik fronti matbuot kotibi Fahim Dashtiy va Abdulvudod Zarani yo‘qotganini chuqur qayg‘u bilan ma'lum qiladi”, deb aytilgan qarshilik kuchlari xabarida.

O‘z navbatida, qarshilik kuchlari Panjsherda toliblar yetakchi qo‘mondonlaridan biri Mavlavi Fasihuddin yo‘q qilinganini ma'lum qilgan.

Avvalroq qarshilik kuchlari toliblar Panjsherdan qo‘shinlarini olib chiqsa va ig‘vo harakatlaridan tiyilsa, ular bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. “Tolibon”ning ta'kidlashicha, Panjsher masalasi Afg‘onistonning yangi hukumatini shakllantirishga yo‘l qo‘ymayotgan yagona muammo bo‘lib turibdi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top