08:06 / 08.09.2021
5018

3ta yangi quyosh fotoelektr stansiyasini qurish uchun investor tanlovi e'lon qilindi

Energetika vazirligi O‘zbekistonda umumiy quvvati 500 MVt.gacha bo‘lgan 3 ta yangi quyosh fotoelektr stansiyasini qurish uchun investor tanlovini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ mustaqil quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchilar (investorlar) uchun 3ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihalariga investor tanlov-tenderining birinchi bosqichi bo‘lgan talablarga muvofiqlik so‘rovnoma jarayoni boshlanganini e'lon qildi.

Tender Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyihada Namangan (150 MVt), Buxoro (250 MVt) va Xorazm (100 MVt) viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt gacha bo‘lgan uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish nazarda tutilgan.

Tenderda g‘olib kelgan investor quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, 25 yil davomida ishlatishi va texnik xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Buxoro viloyatidagi loyiha uchun elektr energiyasini saqlash batareyalarini qurish va ishlatish uchun narxlar so‘rovi ham o‘tkaziladi.

Top