22:39 / 08.09.2021
55526

G‘arb toliblarning yangi hukumatidan norozi, mamlakatda namoyishlar taqiqlandi. Afg‘onistondan so‘nggi xabarlar

Toliblar 7 sentyabr kuni mamlakatni boshqarishi kerak bo‘lgan yangi hukumat a'zolarini e'lon qildi, harakat rasmiysi bu tarkib vaqtincha ekanini aytib, doimiy hukumatga boshqa kuchlar vakillari ham kirishi mumkinligini istisno etmadi. Jahon hamjamiyati Afg‘onistonning yangi muvaqqat hukumati tarkibiga ommaviy qotilliklarda ayblangan shaxslar ham kirganidan tashvishda. 

Mulla Muhammad Hasan Oxund / SUPPLIED

Yangi hukumatni boshqaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund BMT sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ichki ishlar vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan Sirojiddin Haqqoniy esa FQB tomonidan amerikalik harbiylarga qilingan hujumlar uchun qidiruvga berilgan.

Afg‘oniston milliy qarshilik harakati fronti jahon hamjamiyatini yangi kabinetning legitimligini tan olmaslikka chaqirdi. Qarshilik harakati vakili «Tolibon» rahbariyatining barcha a'zolari qonunga xilof ishlar qilib kelishgani haqida gapirgan.

Toliblar xalqaro koalitsiya kuchlari chiqib ketishi ortidan Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga oldi. Ular bu safargi boshqaruv ularning 1996-2001 yillardagi boshqaruvidan butkul farq qilishiga ishontirishdi: hokimiyat organlarida ayollar ham bo‘lishi, ularning huquqlariga rioya etilishi, G‘arb kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlardan o‘ch olinmasligi va'da qilindi.

Ammo yangi hukumat tarkibidan birorta ayol kishi o‘rin olmadi, hukumatning 33 nafar a'zosidan 30 nafari pushtunlar, qolaversa, toliblarning umummilliy amnistiya to‘g‘risidagi va'dalariga qaramay turli hududlardan xorijlik harbiylarga yordam ko‘rsatgan afg‘onlardan shafqatsiz qasos olinayotgani haqida ko‘plab xabarlar kelib turibdi. Mamlakatni tark etishga ulgurgan afg‘onlar esa o‘z yaqinlari hayoti uchun xavotirda yashamoqda.

Mulla Umarning o‘g‘li, yangi hukumatda Mudofaa vaziri lavozimini olgan Muhammad Yoqubning ilk surati paydo bo‘ldi

AQSh va YeI reaksiyasi
«Biz yangi hukumatda faqat «Tolibon» a'zolari va ularning ittifoqchilari qayd etilganini ko‘rdik, ro‘yxatda birorta ayol kishi yo‘q. Shuningdek, u yerdagilarning ayrimlari «eski ro‘yxat»dagi odamlar ekanidan xavotirdamiz», deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Vashington yangi afg‘on hukumatini so‘zlariga qarab emas, amallariga qarab baholashini, toliblardan avval berilgan va'dalarini bajarish, xususan, Afg‘onistonda qolayotgan amerikaliklar va kerakli hujjatlarga ega afg‘onlar qarshiliksiz chiqib ketishini ta'minlash hamda boshqa mamlakatlarga xavf soluvchi terrorchilik harakatlarining oldini olish talab etilishini ma'lum qildi.

«Biz ro‘y berayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib boramiz», deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Yevroittifoq afg‘on hukumati inklyuziv emasligi va tor doiradagi guruh manfaatlarini ifodalashini qayd etgan. YeIdagilar toliblar o‘z va'dalarini buzishganini ta'kidlashgan.

«Bu so‘nggi haftalar mobaynida «Tolibon» va'da qilib kelgan, biz ko‘rishni istagan, Afg‘onistonning boy etnik va diniy xilma-xilligini ifodalaydigan inklyuziv hukumat emasligini bilish uchun nomlar ro‘yxatiga bir nazar tashlashning o‘zi kifoya qiladi», degan YeI vakili.

FQB ro‘yxatidagi vazirlar

Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohid

Shu kunlarda toliblar oliy rahbariyat tomonidan yangi hukumatga faoliyatini olib borishda shariat qonunlariga tayanish bo‘yicha ko‘rsatma bergani haqida ma'lum qilgandi.

Harakat «boshqa davlatlar bilan mustahkam va sog‘lom aloqalar o‘rnatishdan manfaatdor va islom qonunlari hamda mamlakat qadriyatlariga zid bo‘lmasa, xalqaro shartnomalarni bajarishga tayyor», deyiladi toliblar bayonotida.

Vaqtincha hukumat rahbari etib tayinlangan mulla Muhammad Hasan Oxund toliblarning 1996-2001 yillardagi birinchi boshqaruvi davrida tashqi ishlar vaziri vazifalarini bajargan. U «Tolibon»da muhim figuralardan sanalgan, harbiy sohadan yiroq bo‘lsa-da, diniy masalalarda ta'sirchan shaxs bo‘lib kelgan.

Uning hukumat rahbarligiga tayinlanishini ko‘pchilik «Tolibon» ichidagi mo‘'tadil va konservator kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatni so‘ndirish maqsadida qilingan o‘ziga xos murosa yo‘li deb qabul qilmoqda.

Ichki ishlar vaziri lavozimini egallagan Sirojiddin Haqqoniy harbiylashgan qanotga mansub bo‘lib, jangovar guruhlardan tarkib topgan «Haqqoniy tarmog‘i» yetakchisi hisoblanadi. U Afg‘onistonda sodir etilgan eng qonli teraktlar tashkilotchisi, xususan, Kobulda 2017 yilda amalga oshirilgan va 150dan ortiq kishini hayotdan olib ketgan portlashlar ortida turgan.

«Tolibon»dan farqli o‘laroq, «Haqqoniy» «Al-Qoida» bilan yaqin aloqalari tufayli AQSh tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.

FQB Sirojiddin Haqqoniyni 2008 yilda amerikaliklar o‘limiga sabab bo‘lgan mehmonxonadagi portlash uchun, shuningdek, amerikalik harbiylarning avtokolonnalariga uyushtirilgan hujumlarda aybdor deb topib, uning boshi uchun 5 mln dollar miqdorida mukofot belgilagan.

Ayollar namoyishi va jurnalistlarning qo‘lga olinishi

Chorshanba kuni Kobulda, shuningdek mamlakat shimoli-sharqidagi Fayzobod shahrida ayollar namoyish o‘tkazish uchun ko‘chalarga chiqishdi.

Kobuldagi Puli-Surh tumanida o‘nlab ayollar "Ayollarsiz hukumat - muvaffaqiyatsizlikka mahkum" shiori bilan norozilik bildirishdi. "Hukumat tarkibi e'lon qilindi va u yerda ayollar yo‘q. Aksiyani yoritish uchun kelgan yana bir necha jurnalist politsiya mahkamalariga olib ketildi", deyiladi ijtimoiy tarmoqqa joylangan yana bir videorolikda.

Xabar qilishlaricha, ikki aksiya ham toliblar tomonidan zudlik bilan tarqatib yuborilgan, Kobulda namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatilgan.

Afg‘onistondagi  bir qancha nashrlar o‘z xodimlari Pokiston elchixonasi oldidagi namoyishlarni yoritish chog‘ida qo‘lga olinib, kaltaklangani haqida xabar berdi. TOLOnews telekanali operatori faoliyatiga ham qarshilik ko‘rsatilib, uning o‘zi kaltaklangan.

Chorshanba kuni kechga yaqin Etilaatroz gazetasining besh nafar jurnalisti qo‘lga olingani ma'lum bo‘ldi. Ular 7 sentabr kuni, hukumat tarkibi e'lon qilinishiga bir necha soat vaqt qolganida olib ketilgan. Buning sababi hozircha noma'lum. Gazeta bosh muharriri Zaki Daryabi seshanba kungi miting vaqtida jurnalistlar zo‘ravonlikka uchragani haqida ma'lum qilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, toliblar mamlakatda namoyishlar o‘tkazilishini taqiqladi. Afghanistan Times nashri xabar berishicha, bu boradagi farmoyish hukumat tomonidan tegishli qonunlar tasdiqlanmaguncha o‘z kuchida qoladi.

Afg‘onistondagi umumiy vaziyat

Amerikalik harbiylar olib ketilishi ortidan Kobuldagi hukumat mag‘lubiyatga uchragach Afg‘onistonda amalda siyosiy tizimlar ishlamay qoldi, fuqarolar - himoyasiz, mamlakat yanada chuqur iqtisodiy va gumanitar inqirozga uchradi.

«Tolibon» mamlakatni qanday boshqarmoqchi, guruh yetakchilari xalqaro miqyosda tan olinishga erisha oladimi va Afg‘oniston aholisini qanday kelajak kutmoqda? Bu savollar javobi hamon mavhum.

Mushakbozliklar, tabriklar, osmonga paydar-pay o‘q uzish - «Tolibon» jangarilari amerikaliklarning Afg‘onistondagi 20 yillik mavjudligi yakunlanishini shunday nishonlashdi.

Ammo mamlakat aholisining aksar qismi 31 avgust kuni Afg‘onistondan ketish yo‘li ular uchun yopilgani, kelajak esa butkul mavhumligini chuqur anglab yetishdi.

Qurg‘oqchilik, ochlik, koronavirus, ishsizlik, tirikchilik va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkonlari chegaralangani, ta'qibdan qo‘rquv ortgani - bu bugungi Afg‘oniston realligidir.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat aholisining har o‘ndan biri boshpanasini yo‘qotgan, uchdan biri yana qachon ovqatlanishini bilmaydi, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ortig‘i to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda, mamlakatdagi oziq-ovqat zaxiralari shu oy oxirigacha tugab bitishi mumkin. Kobul va boshqa katta shaharlarda aholi har kuni bankdan naqd pul yechib olish umidida uzundan uzun navbatlarda turibdi.

«Hozirda go‘yoki barcha xotirjamdek tasavvur uyg‘onadi, ammo ko‘plab yoshlar, shu jumladan men ham oldinda bizni nimalar kutayotganini bilmaymiz», deydi BBC rus xizmati muxbiri bilan suhbatda Kobulda yashovchi Nisan.

Nisan 26 yoshda, u kompyuter muhandisligiga o‘qigan. U Kobul aeroportida qayoqqadir uchib ketish umidida to‘plangan minglab afg‘onlarni anduh bilan kuzatdi.

«Hozir hech qanday samolyot va hech qanday reys yo‘q. Bugun barcha erkin hayotni orzu qilmoqda, ammo hech kim oldinda nima bo‘lishini bilmaydi», deydi u.

Mamlakat hududida IShID ta'siridagi jangarilar faolligi va toliblarning «Al-Qoida» bilan aloqalari tufayli ko‘pchilik Afg‘oniston yana 20 yil oldin bo‘lgani kabi xalqaro terrorizm o‘chog‘iga aylanishi mumkinligidan cho‘chimoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top