18:32 / 08.09.2021
9718

“Yoshlik sport jamoalari” sport musobaqalarining respublika final bosqichi o‘tkazildi

Bugungi kunda o‘quvchi yoshlarimiz orasidan malakali profecsional sportchilar yetishib chiqib, jahon sport arenalarida turli musobaqalarda vatanimiz sha'nini munosib himoya qilib, o‘zga davlatlar vakillari orasidan o‘z muxlislariga ega bo‘lmoqda. Bunday natijalar barchamiz uchun faxrli holdir. O‘quvchi yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, katta sportga zaxira sportchilarni tayyorlash, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullantirish samaradorligini yanada oshirish borasida hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qator Farmoyish va Qarorlar mazkur sohani yanada rivojlantirish orqali yoshlarni barkamol, sog‘lom insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan.

Jumladan:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 iyundagi PQ-3031-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi;
  • 2019 yil 19 mart kunidagi shaxsan Prezidentimiz rahbarligida “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida” o‘tkazilgan videoselektor majlisi va shu kabi qator hujjatlarni misol qilishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda “Yoshlik” Jismoniy tarbiya va sport jamiyati markaziy kengashi tomonidan, jamiyatga belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, kelajak avlod vakillarini jismoniy tarbiya va sport orqali harakatlanishga o‘rgatish, ular orasida do‘stlik, vatanparvarlik hislarini rivojlantirish, sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida an'anaviy tarzda umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida muvaffaqiyatli o‘tkazilib kelayotgan “Biz buyuk vatan farzandimiz” shiori ostida “Yoshlik sport jamoalari” sport musobaqalari muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu musobaqalarda ishtirok etish uchun o‘quvchi yoshlarning soni ortib borishi erishilayotgan yutuqlardan biridir.

Joriy yilgi musobaqalarning respublika final bosqichi umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 5-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida sportning futbol turi Jizzax viloyatida, voleybol, badminton hamda stol tennisi turlari Farg‘ona viloyatida 25-30 avgust kunlari o‘tkazildi. Basketbol va gandbol turlari Toshkent hamda Navoiy viloyatlarida sentabr–oktabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu musobaqalarning 1-bosqichida jami 4.253.210 nafar (shundan qizlar 1.432.336 nafar), 2-bosqichida jami 806.450 nafar (shundan qizlar 325.596 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat miqyosidagi 3-bosqichida jami 13.800 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.

Respublika final bosqichida Sportning voleybol, badminton va stol tennis turi bo‘yicha jami 336 nafar, futbol turida 196 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etib g‘oliblik uchun maydonga tushdilar.

Murosasiz, qizg‘in va kuchli raqobat ostida o‘tgan musobaqalarda quyidagi umumjamoa natijalari qayd etildi:

Voleybol turi bo‘yicha (o‘g‘il bolalar):

  • 1-o‘rin Farg‘ona viloyati;
  • 2-o‘rin Andijon viloyati;
  • 3-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi.

Voleybol turi bo‘yicha (qizlar):

  • 1-o‘rin Toshkent viloyati;
  • 2-o‘rin Andijon viloyati;
  • 3-o‘rin Farg‘ona viloyati.

Badminton turi bo‘yicha:

  • 1-o‘rinni Andijon viloyati;
  • 2-o‘rinni Namangan viloyati;
  • 3-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari egalladi.

Stol tennisi turi bo‘yicha:

  • 1-o‘rinni Namangan viloyati;
  • 2-o‘rinni Buxoro viloyati;
  • 3-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari egalladi.

Futbol turi bo‘yicha:

  • 1-o‘rin Toshkent shahar;
  • 2-o‘rin Jizzax viloyati;
  • 3-o‘rin Qashqadaryo viloyati. 

G‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati matbuot xizmati Ⓣ

Top