18:57 / 09.09.2021
51235

Insonlar uchun qurilgan aeroport, qulay jamoat transporti va bepul hojatxonalar – Turkiya safari taassurotlari

“Davlat tiliga hurmat yuksak darajada, mamlakat bo‘ylab barcha jamoat hojatxonalari bepul, jamoat transporti turlari bo‘yicha aholiga tanlov imkoniyati berilgan bu mamlakatda “Barchasi inson uchun” tamoyili ustuvorlik qiladi”. Kun.uz muxbiri Turkiya safari taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Avgust oyining bir haftasini Turkiya safariga bag‘ishladim. Turkiyaning olti shahri: Istanbul, Anqara, Ko‘niyo, Kappadokiya, Antaliya va Pamukkale shaharlarida bo‘lib, mamlakatning ancha joyini aylanib chiqdik. Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi, xalqaro yo‘lak vazifasini o‘tovchi mamlakatdan o‘rganishimiz lozim jihatlar talaygina. Sayohat qilish qanchaga tushishi, turk madaniyati, bozorlari, aeroportlari va boshqa muhim ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etamiz.

Aeroportdan aeroportgacha

Biror xorij mamlakatiga borganda birinchi taassurotimiz, tabiiyki, o‘sha yerning aeroporti bilan bog‘liq bo‘ladi. Mamlakat haqida ilk bahoni aeroportdan boshlaymiz. Sayohat davomida menda O‘zbekiston va Turkiya xalqaro aeroportlarini taqqoslash imkoni bo‘ldi. Bunda bir nechta muhim jihatlarni sanab o‘tish kerak.

Birinchidan, valuta ayirboshlash. Aeroportda so‘mni dollarga almashtiraman, deb o‘ylagandim. Ammo adashibman. Xalqaro aeroport bo‘yicha yagona (!) bo‘lgan valuta ayirboshlash shoxobchasiga borib, xodimga so‘mni dollarga almashtirmoqchi ekanligimni aytdim. U bu yerda faqatgina dollar so‘mga almashtirilishi, agar so‘mni dollarga almashtirmoqchi bo‘lsam, aeroportga yaqin bankka soat 9.00 dan borishim mumkinligini aytdi. Istanbulga reysimiz soat 7.40 da edi. “Shu yerda almashtirib beraqoling”, degan iltimosimga “Biz ayirboshlash shoxobchasimiz, bank emas”, degan javobni oldim. Ehtimol, bank filialini shu yerda tashkil qilish qiyin bo‘lsa kerak.

So‘ngra aeroport xodimlaridan biriga muammomni aytganimda, tashqaridagi kirakashlar almashtirib berishlarini aytdi. Aeroport hududidan chiqib, ularning oldiga bordim va 200 dollarni almashtirish uchun bankdagi kursdan 150 ming so‘m ko‘proq to‘lashimga to‘g‘ri keldi. Ham vaqtim, ham naqdim, ham asablarimdan ayrildim. Dollarni so‘mga aylantirish mumkin bo‘lgan joyda so‘mni dollarga ayirboshlash, nahotki, ilojsiz?

Turkiya aeroportida har qadamda ayirboshlash shoxobchalariga duch kelasiz. Istalgan mamlakat valutasini turk lirasiga yoki aksincha; uyga ketishdan oldin ortib qolgan lirangizni o‘zbek so‘miga muammosiz almashtirib ketishingiz mumkin. Valuta almashtirmoqchi bo‘lsangiz, bu ishni aeroportdan tashqarida, shahar ichkarisida amalga oshirgan ma'qul. Chunki aeroportda kurs pastroq baholanadi. Shuningdek, dam olish kunlari turk lirasi kursi pasayarkan. Bu holat dam olish kuni sayyohlar oqimi ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Bizdagiga o‘xshab Turkiyada ham banklarning valuta kurslarida farq bor.

Ikkinchidan, o‘zbek aeroportida yo‘lovchilarni aeroportdan samolyotgacha eltib qo‘yuvchi avtobus xizmatini takomillashtirish kerak. Avtobus salonda tik turib ketishga joy qolmaguncha joyidan siljimaydi. Sanitariya-gigiyena, masofa saqlash talablari amal qilmaydigandek, go‘yo. Qolaversa, konditsioner faqatgina avtobus harakatlanganda ishga tushadi.

Turkiya aeroportida esa bunday avtobuslar yo‘q. Aeroportdan chiqmasdan turib, hech qanday trapsiz maxsus yopiq yo‘lak orqali samolyotga chiqish imkoniyati mavjud.

Uchinchidan, til masalasi. Bort kuzatuvchilari asosan rusiyzabon qizlar ekan. Ularning o‘zaro muloqotda rus tilidan foydalanishini tushunsa bo‘ladi, ammo yo‘lovchilarga, avvalo, davlat tili – o‘zbek tilida murojaat qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yo‘lovchi o‘zbekchani tushunmasagina boshqa tilda muloqotni olib borish kerak.

Turkiya aeroportida imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarning ham manfaati hisobga olingani meni judayam xursand qildi. Hojatxonalarda imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus xonalar mavjud. Undan tashqari, Air Clinic deya nomlanuvchi xizmat xodimlari imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga maxsus aravachalarda individual xizmat ko‘rsatishadi, yo‘lovchini kerakli manzilga kuzatib qo‘yishadi.

 Jamoat transporti

Istanbulda jamoat transporti tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tramvay, metro, avtobus, taksi xizmatidan foydalanish mumkin. Tramvay har 2-3 daqiqada keladi. Tramvaylar harakatlanadigan yo‘lakda ba'zi hollarda avtomobillar ham o‘tib turarkan. Metrobus (tez harakatlanuvchi avtobus) tizimi ham juda yoqdi: shahardagi tirbandliklarni bartaraf etish uchun yaxshi yechim o‘ylab topilgan. Metrobuslar uchun alohida yo‘lak qilingan bo‘lib, transport oqimi uning harakatiga ta'sir o‘tkazolmaydi. Jamoat transportidan foydalanish uchun yagona transport kartasi amal qiladi.

Bu esa to‘lovlarni qulay amalga oshirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, shaharda avtobus yo‘nalishlari ham bor. Istanbulning eski shahar qismi – Sulton Ahmaddan tashqari (u yerda faqat tramvaylar yuradi) barcha qismida avtobuslar harakatlanadi. Shaharda taksi ham bo‘lib, uning narxi ancha qimmat ekan. Aslida, bu ham juda to‘g‘ri yondashuv: tizim shunday yo‘lga qo‘yilganki, odamlar iloji boricha xavfsiz jamoat transportidan foydalansin. Jamoat transporti turlarini ko‘paytirish orqali odamlarga tanlov imkoniyati berilgan. “Barchasi inson uchun” tamoyili ustuvorlik qiladi.

Tilga va milliy o‘tmishga hurmat

O‘zini hurmat qilgan xalq, avvalo, ona tilini hurmat qiladi. Bu borada turklar yetakchi. Aeroportda e'lonlar avval turk tilida, so‘ng ingliz tilida yozilgan. Xorijliklar mahalliy aholiga turk tilida murojaat qilishsa, buni ular o‘zlariga nisbatan alohida hurmat-e'tibor sifatida qadrlashadi. Turk tilini eng boshlang‘ich darajasida bilaman. Safarimiz davomida g‘ij-g‘ij xato bilan murojaat qilsam ham, turklar ustimdan kulishmadi, aksincha, xatolarimni to‘g‘rilab, imkon qadar tushunishga harakat qilishdi.

Turkiya davlati asoschisi Anqaradagi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga borganimda, bir voqea yodimda qoldi: Otaturk ziyoratgohiga kirib borayotganimda turk ota va qizning suhbatini eshitib qoldim. Chamasi 6-7 yoshlardagi qiz otasidan bu yer qanday joy ekanligini so‘radi. Otasi ham erinmasdan bu yer zamonaviy Turkiya asoschisi Kamol Otaturkning maqbarasi ekanini aytdi. Shuningdek, u Otaturkning mamlakat uchun qilgan ishlarini sanay ketdi. Bolalarga ilk yoshlaridanoq milliy g‘ururning singdirilishi meni hayratga soldi. 

Bepul jamoat hojatxonalari

Sayyohlar oqimi yuqori bo‘lgan har qanday davlatda jamoat hojatxonalaridan foydalanish bepul qilib qo‘yilgan. Turkiya bundan mustasno emas. Men tanlagan sayohat paketi mamlakatning 6 ta shahrini qamrab olgan bo‘lib, bir joydan ikkinchi nuqtaga avtobusda borishga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, yo‘lda yonilg‘i, ovqatlanish va boshqa shaxsiy ehtiyojlar tufayli to‘xtaganimizda, jamoat hojatxonalarining barchasi bepul ekanligiga guvoh bo‘ldim. Tahorat olish uchun ham sharoitlar bor. Aslida, hojatxonalarni pulli qilib ancha daromad olish mumkin, ammo bu to‘g‘ri yo‘l emasligiga sayyoh sifatida amin bo‘ldim.

Jamoat hojatxonalari savdo do‘konlari, yonilg‘i quyish shoxobchalari negizida tashkil qilingan. Agar hojatxona pulli bo‘lsa, yo‘lovchi, tabiiyki, o‘sha yerdagi savdo do‘konlaridan xaridni amalga oshirmaydi yoki kamroq mahsulot sotib oladi. Chunki unga hojatxona uchun pul to‘lagani malol kelishi mumkin. Toza, yetarli sharoitga ega hojatxonadan foydalangan odam yaxshi kayfiyatda bo‘ladi va savdo do‘konlaridan ko‘proq mahsulot xarid qilish ehtimoli ham yuqori bo‘ladi. Bu esa jamoat hojatxonalarini pulli qilib foyda olgandan ko‘ra ancha samarali va ko‘proq daromad keltiruvchi yondashuvdir. O‘zbekistondagi pulli va Turkiyadagi bepul hojatxonalardan foydalangan yo‘lovchi sifatida shularni his qildim. Demak, bizda ham buni amalga oshirish imkonsiz emas.

Qancha xarajat ketadi?

Turkiyaga bir kishining bir haftalik sayohatiga o‘rtacha 1000-1500 dollar sarflanadi. Qancha ko‘p odam bilan sayohat qilsangiz, narx optimallashib boraveradi (sayyohlik agentligi orqali). Onam bilan ikki kishilik sayohat paketini sotib olganimda, jami 2000 dollar sarfladim. Faqatgina tushlik xarajatlari bundan mustasno. Sayyohlik agentliklari orqali ketish qulaymi, degan savolga shunday javob bergan bo‘lardim: men kabi birinchi marta xorij safariga chiqayotganlar sayyohlik kompaniyalari orqali sayohat qilgani ham xavfsiz, ham ko‘p tomonlama qulay. Siz oldindan tayyorlangan dastur bo‘yicha harakatlanasiz. Bu esa vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga yordam beradi.

Biroz bo‘lsa-da tajriba orttirgach, keyingi sayohatlarni o‘zingiz mustaqil amalga oshirishingiz qulay bo‘ladi. Chunki bunda Istanbuldagi ko‘plab mahalliy sayyohlik kompaniyalari xizmatidan foydalanib, arzonroq takliflarni qabul qilishingiz mumkin. Yoki mustaqil ravishda sayohat qilish imkoni ham mavjud. Sayyohlik agentliklari mijozlarga ma'lum dastur bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi va bunda odatda guruh bo‘lib harakatlanasiz. Bu esa mustaqil qaror qabul qiluvchi erkin sayyohlarga qiyin bo‘lishi mumkin. Undan tashqari, YouTube’da Turkiya haqidagi sayohat vloglarini tomosha qilib ham ko‘plab foydali ma'lumotlarga ega bo‘lish mumkin.

Ovqatlanish, mehmonxona va kiyim-kechak...

Umuman olganda, o‘rtamiyona ovqatlanish muassasalarida narxlar Toshkentdagi bilan deyarli teng. Ba'zi joylarda ancha arzonga ovqatlanish mumkin. Masalan, Anqarada ikki kishilik tushlik uchun 89 lira (qariyb 11 dollar) to‘ladik. Istanbulda dengiz bo‘yidagi qahvaxona va restoranlar esa nisbatan qimmatroq ekan. Negaki bunda siz dengiz manzarasidan ham bahra olishingiz mumkin bo‘ladi. Mehmonxona xarajatlari haqida gapirsam, O‘zbekiston bilan solishtirganda, juda qimmat emas. Shahar markazida joylashgan, booking.com platformasida eng yuqori baho olgan mehmonxonalardan birining ikki kishilik xonasida bir kunlik tunashga 107 dollar ketadi. Narxlar tez-tez o‘zgarib turadi.

Turkiyada eng rivojlangan sohalardan biri bu to‘qimachilik sanoatidir. O‘zbekistonda Turkiya kiyim-kechaklari qadrlanishi hech kimga sir emas. Kiyimlar narxlariga keladigan bo‘lsak, Turkiyaning o‘zidan xarid qilganingiz uchun narx ancha arzonga tushadi. Savdo markazlarining ayrim mashhur brendlaridan xarid qilsangiz ham, O‘zbekistondagi shu kabi savdo nuqtalaridagi narxdan bir necha baravar arzonga tushishi mumkin.

Turklar savdolashishni yaxshi ko‘risharkan. Bozor yoki boshqa savdo do‘konlarida savdolashsangiz, arzonroqqa sotib olasiz. Turk tilida savdolashsangiz, imkoniyatlaringiz oshadi. Boshqa holatlarda ham turk tilini bilishingiz ko‘plab ustunliklar beradi.

O‘ta muzday ichimlik, achchiq choy, rang-baranglikni sevuvchi xalq

Turklarning mashhur achchiq choyini eshitmaganlar kam bo‘lsa kerak. O‘ta achchiq choyni ichish turk bo‘lmaganlar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Shaxsan o‘zim choyga 3-4 qoshiq shakar solib ichdim. Yuqori qon bosimi bo‘lganlar bu choyni ichmaganlari ma'qul. Turklar faqatgina qora choy ichisharkan, ko‘k choyni hech qayerda uchratmadim.

Yana bir qiziq holat: turklar issiq ob-havoda salqin ichimliklarni o‘ta muzday holatda ichisharkan. Avvaliga ichimliklarni sotib olishga ikkilandim, chunki tomoq og‘rig‘idan ko‘rqdim. Issiqda chanqoqni bosish uchun muzday ichimlikni ichishga to‘g‘ri keldi, tomoq og‘rig‘i bezovta qilmadi. Agar O‘zbekistonda bo‘lganimda, aksincha holat bo‘lishi aniq edi. Bu Turkiya iqlimi bilan ham bog‘liq bo‘lsa kerak. Bizda quruq havo bo‘lsa, u yerda havo harorati mo‘'tadil va namlik yuqori.

Turk xalqi rang-baranglikni sevadi. Ko‘chalarda jamiki ranglarni uchratishingiz mumkin. Odamlar yorqin tusda kiyinishni yoqtirishadi. 

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top