11:32 / 10.09.2021
7241

Talabalar bilan ishlash bo‘yicha «guruh murabbiyi» instituti bekor qilindi 

“Respublika oliy ta'lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, talabalar turar joylari davlat-xususiy sheriklik asosida quyidagi shakllarda barpo etiladi:

  • loyihalarni tadbirkorning o‘z mablag‘idan kelishiladigan shartlar asosida moliyalashtirish;
  • loyihalarni tadbirkor va Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan aralash moliyalashtirish (kamida 200 o‘rinli turar joyni barpo etish uchun);
  • loyihalarni tadbirkorning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish (kamida 400 o‘rinli turar joyni barpo etish sharti bilan).

Turar joylarni qurish uchun viloyat hokimlari tomonidan OTMga 0,5 gektargacha yer unga yaqin joylardan ajratiladi. 

Tadbirkorga tegishli yer yoki binoda kamida 50 o‘rinli turar joy tashkil etish tizimi joriy etiladi. Bunda, to‘lov OTM bilan kelishiladi hamda u yerda yashagan har bir talaba uchun tadbirkorga bir o‘quv yili uchun Toshkent shahrida BHMning 10 baravari, boshqa hududlarda esa 5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

OTMlarning oshxona va bufetlarini olgan tadbirkorlarga davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llaniladi. Bunda, tadbirkorlar talabalar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar tayyorlash hamda ularni arzon narxlarda sotish majburiyatini oladi.

2021 yil 1 sentyabrdan talabalar bilan ishlash bo‘yicha “guruh murabbiyi” instituti bekor qilindi hamda o‘rniga 1–3-kurs talabalari uchun muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam ko‘rsatuvchi tyutorlarni biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Har 120–150 nafar talabaga 1 ta shtat birligi hisobida “Tyutor” lavozimi kiritiladi.

Respublika bo‘yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etiladi. Shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar joylarining qurilishi belgilangan.  

Top