17:38 / 11.09.2021
32024

“Bizni aldab qishloqqa ko‘chirishdi” - Toshkentdan Qibrayga ko‘chirilgan fuqarolar shikoyati

Toshkent shahridan Do‘rmon qishlog‘iga ko‘chirilgan yuzdan ortiq xonadon ahli bir yildan beri elektr, gaz, suv va boshqa tarmoqlar ulab berilmagani tufayli qiyin sharoitda yashashga majbur bo‘lmoqda.

2020 yilda hukumat qarori bilan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani O‘qituvchilar ko‘chasida joylashgan turar joy binolari davlat ehtiyojlari uchun olinishi sababli u yerda yashovchi aholi Toshkent viloyati Qibray tumani Do‘rmon qishlog‘iga ko‘chirilgan.

Biroq hududga gaz, elektr energiyasi, suv kabi yashash uchun eng zarur tarmoqlar ulab berilmagan. Oradan 1 yil o‘tibdiki, shahardan qishloqqa ko‘chgan 100 dan ortiq xonadon ahli birlamchi sharoitlarsiz yashamoqda.

Fuqarolar tegishli tashkilotlarga murojaat qilgani, ammo natija bo‘lmaganini aytishadi. Bundan bir oy ilgari esa aholi holat yuzasidan Oliy Majlis Senatiga shikoyat qiladi. Voqeaga befarq bo‘lmagan senatorlar jarayonni o‘rganib, fuqarolar e'tirozi asosli ekanini e'tirof etishadi.

9 sentyabr kuni Qibray tuman hokimligida mazkur hududdagi muammolar yechimi bo‘yicha aholi va tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida muloqot o‘tkazildi.

“Oilam bilan 5 yildan beri kvartirada yashayman. Oyiga 500 dollar to‘laymiz. Do‘rmondagi uyimiz tayyor, qurib bo‘lingan. Lekin suv, gaz bo‘lmasa, qanday ko‘chib boramiz?! Shahardagi yerimizni olish uchun bizni aldab, buyoqqa ko‘chirishdi”, – deydi fuqaro Shuhrat Ushurov.

Murojaatchilarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida ba'zilar ijarada yashab keladi, ayrimlar uy qurgan bo‘lsa-da, sharoit yo‘qligidan u yerda hayot kechirolmayapti. Afsus bilan ta'kidlanganidek, hatto hududga nimalar qurilishi, uylar va ko‘chalar qanday joylashishi bo‘yicha bosh reja ham mavjud emas. Shu sababli ham tartibsiz qurilgan uylar buzilishi mumkinligidan xavotirlar ham yo‘q emas.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev hududning qurilish rejasi bo‘lmasa, elektr ham, gaz va suv ham ulab bo‘lmasligini aytdi.

Sherzod Xo‘jayev

“Elektr va gaz ta'minoti masalasini yechish uchun hukumat qarori qabul qilingan. Mablag‘ ham bor. Eng katta muammo texnik jihat bilan bog‘liq. Bugungi kunga qadar massivning bosh rejasi yo‘q. Qayerdan ko‘cha o‘tadi, qayerga ijtimoiy soha obektlari quriladi, quvvati qanaqa bo‘ladi, degan tushunchaga ega emasmiz. Shuning uchun elektr va gaz muammolarini hal qilish uchun Toshkent viloyati hokimligi tasdiqlagan bosh reja kerak. Va'da beraman, bosh reja tasdiqlansa, uzog‘i 10 kun ichida loyiha hujjatlarimizni ishlab chiqamiz”, – dedi vazirlik rasmiysi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov ham bosh rejasiz ish qilib bo‘lmasligini aytdi.

“Suv va kanalizatsiya muammolarini hal qilish uchun ham bosh reja kerak. Taxminiy hisob-kitoblarimizga ko‘ra, shu massivni suv va kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta'minlash uchun 3,6 mlrd so‘m talab etiladi. U yerda umuman suv yo‘qligi uchun 7 kilometrga yaqin quvur tortib kelish zarur”, – dedi u.

Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonovning aytishicha, Toshkent viloyati hokimligiga mazkur hudud bosh rejasini ishlab chiqishi uchun 10 kun muhlat berildi.

Qutbiddin Burhonov

“Muloqotda qatnashgan vazir o‘rinbosarlari bu ishlar hududning bosh rejasi yo‘qligi uchun bajarilmayotganini aytishdi. Toshkent viloyati hokimligining qurilish ishlari bo‘yicha kotibiyati mudiriga bosh rejani 10 kun ichida tasdiqlatish topshirig‘i berildi.

Ishlar yakuniga yetganidan keyin masala batafsil o‘rganiladi va Senat tomonidan yalpi majlisda muhokama qilinadi. Aybdor shaxslarga qonuniy choralar ko‘riladi”, – ta'kidladi senator.

Mutasaddilar hudud bosh rejasi tasdiqlanishi bilan barcha tarmoqlarni ulash va aholiga zarur sharoitlarni yaratish ishlari boshlab yuborilishini va'da qilishdi.

Islombek Umaraliyev,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top