08:24 / 11.09.2021
38402

Zelenskiy Rossiya bilan urush ehtimoli mavjudligini aytdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy YES Brainstorming forumida Rossiya bilan urush ehtimoli borligini, biroq agarda bu yuz bersa Moskva uchun “katta xato” bo‘lishini aytdi.

Foto: AP

“Fikrimcha, bo‘lishi mumkin. Bu yuz berishi mumkin bo‘lgan eng qo‘rqinchli narsadir. Biroq afsuski, buning ehtimoli mavjud”, deb javob qilgan “Rossiya bilan to‘laqonli urush xavfi bormi?” degan savolga Zelenskiy.

Uning fikricha, 2014 yilda Moskva “bu yo‘nalishda oldinga bir qadam tashlagan”, biroq ukrainaliklar “ortga bir qadam tashlab”, vaziyatning nomaqbul ko‘rinish olishini to‘xtatib qolishgan. Siyosatchining ta'kidlashicha, agar Rossiya tomonidan urushga yo‘l qo‘yilsa, unda “Rossiya, Ukraina va Belarus qo‘shnichiligi boshqa hech qachon bo‘lmaydi”.  

Zelenskiyning aytishicha, uning AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvida xavfsizlik masalasiga ko‘p e'tibor qaratildi. Uning ta'kidlashicha, Bayden Rossiya tomonidan Ukrainaga tahdid mavjudligini tushunadi va Kiyevning flot hamda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini kuchaytirish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Ukraina rahbari forumda rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashishi ehtimoli borasida ham to‘xtatilib o‘tdi.

“Uning davlati va u xafa bo‘lmasin. Meni u (Putin) ba'zi davlatlar rahbarlari bilan amalga oshiradigandek shunchaki rasmiy uchrashuv emas, balki haqiqiy amaliy uchrashuv ko‘proq qiziqtiradi”, deb aytgan Zelenskiy.

Uning ta'kidlashicha, Kiyev bunday uchrashuvni tashkillashtirish ustida ish olib bormoqda, biroq uning o‘tkazilishi Rossiyaga bog‘liq. 

“Hammasi ham istaganimdek jadal bormayapti va fikrimcha, Rossiya bugun buni istamayapti. Ularni (Rossiya) hududlarimizni okkupatsiyadan chiqarish borasida gaplashishga qanday majbur qila olishim bu mening ichki muammolarimdir. Tahdid qilish, baqir-chaqir bilan hech narsaga erisha olmaymiz. Uchrashuv bo‘lishi lozim. Biz mustaqil davlatmiz, biroq ba'zi masalalarda ularga bu siyosatni o‘tkaza oladigan darajada hali unchalik kuchli emasmiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina rahbari.  

Ukraina prezidenti matbuot kotibi Yuliya Mendel aprelda Kiyev Donbassga hujum qilishni rejalashtirmayotganini aytgan. “Ukraina o‘z hududiga hujum qila olmaydi va o‘z fuqarolari bilan urush qila olmaydi”, deb aytgan Mendel. Keyinroq Zelenskiy ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich Ukraina Rossiya hujumiga javoban, Kiyevda boshqa tanlov qolmagandagina Donbassda hujumga o‘tishi mumkinligini aytgan.

O‘z navbatida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina bilan Donbassda urushga kirishishdan qochish lozim deb hisoblashini aytgan. “Agar bu bizga va ayirmachilarga bog‘liq bo‘lsa, unda urushdan qochish mumkin va zarur”, deb aytgan Rossiya vakili.

Top