23:14 / 12.09.2021
52942

Toliblardan - toliblargacha. 11 sentabr va AQShning xalqaro terrorizmga qarshi urushlari tarixi

11 sentabr teraktlari qariyb uch ming kishini hayotdan olib ketadi. Bunga javoban Qo‘shma Shtatlar xalqaro terrorizmga urush e'lon qiladi — bu urush yigirma yil davom etdi. Harbiy harakatlar chog‘ida koalitsiya harbiylaridan 8 mingdan ortiq kishi, Afg‘oniston, Iroq va boshqa mamlakatda yuz minglab tinch aholi vakillari qurbon bo‘ldi.

G‘alaba uchun kurash butun sayyorada demokratik g‘oyalarni yoyishni o‘z missiyasi deb bilgan, G‘arb dunyosi yetakchisi bo‘lmish AQShning to‘rt prezidenti davrida davom etdi. Yigirma yil o‘tib Amerika bu urushlardan charchadi. BBC mualliflari Amerikaning terrorga qarshi urushi tarixini hikoya qilishadi.

9/11

2001 yil 11 sentyabrda AQSh prezidenti kichik Jorj Bush Oq uydan bir yarim ming kilometr masofada edi. Florida shtatining Sarasota shaharchasidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, o‘qituvchilar va matbuot vakillari davrasida u ta'lim bo‘yicha islohoti haqida gapirardi.

Bush maktabga endi borgan vaqtda mudhish voqea haqida xabar berishadi: unga dastlab Nyu-Yorkda kichik vintli samolyot Jahon savdo markaziga urilgani haqida aytishadi. Qo‘shimcha tafsilotlardan xabardor bo‘lmagan Bush sinfxonaga kirib, o‘quvchilar bilan salomlashadi va stulga o‘tirib, bolalarning ifodali o‘qish mashqlarini eshitishga tayyorlanadi.

Prezident ma'muriyati rahbari Endryu Kard eshik oldida turib Bushga ikkinchi minoraga ham zarba berilgani haqida qanday xabar berish haqida o‘ylardi: endi bu kichik samolyotlar emas, balki «Boing» ekani ma'lum bo‘lib ulgurgandi.

Kameralar prezidentga qaratiladi, Kard so‘zlarni ehtiyotkorlik bilan tanlash kerakligini anglaydi. U partalar orasidan o‘tib, prezidentga egiladi va uning qulog‘iga shipshiydi: «Ikkinchi samolyot ikkinchi minoraga kelib urildi. Amerikaga hujum qilishdi».

«Bir lahzada prezidentning yuz ifodasi o‘zgaradi. Men unga qaradim va nimadir yomon ish bo‘lganini angladim», — deya xotirlaydi ko‘p yillar o‘tib o‘sha sinfxonada bo‘lgan qizchalardan biri.

Ammo keyingi yetti daqiqa davomida prezident Bush stulda harakatsiz o‘tiradi va bolalarni tinglaydi, bir necha savollarga javob qaytaradi, so‘ng uzr so‘ragan holda xonadan chiqadi. Oq qog‘ozga bir necha satrlar yozgach, Bush bolalar va jurnalistlar qarshisiga qaytadi. «Terrorizmda bizga qarshi kurashda imkon yo‘q», — deydi u.

Prezident limuzinga chiqadi va uni birinchi raqamli bortga olib borishadi.

O‘sha kuni terrorchilar to‘rt samolyotni olib qochishgandi. Ulardan ikkitasi Jahon savdo markazi binolariga urilgan, yana biri — Vashington yaqinidagi Pentagonga hujum qilgan. To‘rtinchi samolyot ekipaji va yo‘lovchilari esa terrorchilarga qarshilik ko‘rsatishga va samolyot boshqaruvini ulardan olishga urinishadi. Bu samolyot nishonga yeta olmasdan (ko‘p ehtimol bilan u Vashingtondagi Oq uy yoki Kapitoliyga borishi kerak edi), Pensilvaniyada bo‘sh dala maydoniga qulaydi. Shu kuni jami 2977 kishi halok bo‘ladi.

«2001 yil 11 sentyabrida biz o‘zimizga haddan tashqari bino qo‘yib yuborganimizni chuqur anglab yetdik. Ustimizga olovli bulut, metall va kul yopirilgan o‘sha quyoshli kun minglab kishilarimizni hayotdan olib ketdi. Bu urush boshqacha edi. Bizning sohillarimizga armiya keltirilmagan, nishon bizning harbiylar emasdi. Buning o‘rniga imkon qadar ko‘proq tinch aholi vakillarini o‘ldirish maqsadidagi terrorchilar kelishdi», — deya keyinroq o‘sha kunni ta'riflaydi AQShning 44-prezidenti Barak Obama.

«Doimiy qo‘rquv davri kelgandi — hech kim yana hujumlar bo‘lmasligini kafolatlay olmasdi. Barcha shokda edi. Odamlar avvaliga bu teraktlar ortida kim turganini bilishmasdi», deya eslaydi AQShning sobiq Davlat kotibi Rouz Gettemyuller.

O‘sha kuni kechqurun Bush e'lon qiladi: Oq uyning ishonchi komil, AQShga hujum ortida «Al-Qoida» terrorchilik guruhi rahbari Usama bin Lodin turibdi.

«Bizning terrorizmga qarshi urushimiz «Al-Qoida» bilan boshlanadi, ammo bu bilan tugamaydi. Barcha xalqaro terrorchilik guruhlari aniqlanib, to‘xtatilib, mag‘lub etilmaguncha bu urush tugamaydi», deydi Bush 20 sentabr kuni Kongressdagi chiqishida. Senatorlar va Vakillar Palatasi a'zolari prezidentni olqishlashadi.

Amerika xalqi ham Bushning urushga kirish to‘g‘risidagi qarorini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi. Prezidentning Kongressdagi chiqishini jonli efir orqali barcha teletomoshabinlarning 79 foizi kuzatib turadi. Bushning reytingi sanoqli daqiqalar ichida mamlakatni Buyuk inqiroz va Ikkinchi jahon urushidan olib o‘tgan Franklin Ruzveltdan keyingi barcha prezidentlarnikidan oshib ketadi.

Afg‘oniston. Urushning boshlanishi

11 sentabr teraktlariga ikki kun vaqt qolganida afg‘on dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas'ud intervyu berishga hozirlanayotgandi.

Uchrashuvga jurnalistlar qiyofasidagi ikki xudkush terrorchi keladi. Ular portlovchi qurilmani videokameraga yashirishgandi.

Mas'ud og‘ir tan jarohati oladi — u bir kun o‘tib Dushanbedagi shifoxonada vafot etadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu dala qo‘mondoni Amerika maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgani uchun o‘sha vaqtda Afg‘onistonda yashiringan Usama bin Lodinning buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirilgan.

Hududi bo‘yicha Amerikaning Texas shtatiga teng bo‘lgan Afg‘oniston yigirma yildan buyon fuqarolik urushi girdobida edi. Bu vaqtga kelib «Tolibon» harakati mamlakatning 90 foiz hududini egallab olgan, unga shimolda turli kuchlar bo‘ysunmagan, harakatning asosiy raqibi Mas'ud rahbarligidagi Shimoliy alyans hisoblanardi.

«Men ko‘p bor Afg‘onistonda bo‘lganman va meni mamlakatning bepoyon hududi, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘lar hamda qarshilik kuchlarining umumiy maqsad sari qiyinchiliklarni yengib o‘tishi hayratga solgan», deya eslaydi NATO kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni,  admiral Jyeyms Stavridis.

«Al-Qoida» toliblar nazoratidagi hududlarda o‘zini xavfsiz sezar, bin Lodinning odamlari bu yerlarda terrorchilar uchun mashg‘ulot lagerlari ochib, saflariga yangi tarafdorlarni yollashardi. 11 sentyabrdan keyin kichik Jorj Bushning tanlagan pozitsiyasi aniq edi: biz bilan birga bo‘lmaganlar, terrorchilar tarafida bo‘ladi. U toliblarga ultimatum qo‘yadi — ular yoki bin Lodinni topshirishi kerak, yoki AQSh ularni dushman sifatida ko‘radi. Toliblar taklifni rad etishadi.

«Amerikaliklar 11 sentabr hujumlari ortida kim turganini bilishgach, prezident Bushni va uning urush boshlash haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlaydi. Men ham bu yovuzlikni tugatish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish tarafdori edim», deya hikoya qiladi Rouz Gettemyuller.

2001 yil oktyabrida Amerika o‘z tarixidagi eng uzoq vaqt davom etgan urushga kiradi.

«Tushunish kerakki, AQSh terrorchilar tomonidan keng miqyosli hujumga uchragandi, bu terrorchilar mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun boshqa bir davlat o‘z hududidan joy bergandi. Agar biz javob qaytarmaganimizda, bizga yana hujum qilgan bo‘lishardi», — deya ishonch bilan gapiradi admiral Jyeyms Stavridis.

Harbiy amaliyot muvaffaqiyatli kechadi: noyabr oyi boshidayoq toliblar Kobulni jangsiz tashlab chiqishadi, oy oxiriga borib ularning nazoratida faqat bir yirik shahar qolgandi.

Bundan tashqari, AQSh «terror bilan urush» doirasida «Al-Qoida» va uning ittifoqchilariga qarshi Afrikaning o‘nlab davlatlari Filippin hududida ko‘plab harbiy amaliyotlar o‘tkazadi.

O‘shanda terrorchi guruhlarga qarshi harbiy harakatlar Amerika aholisining 90 foizi tomonidan ma'qullangan.

Bin Lodin qayerda?

2002 yil yil mart. Jorj Bush Oq uydagi matbuot markazidagi pyupitr (minbar) ortida turardi.

— Janob prezident, — qo‘l ko‘taradi jurnalistlardan biri. — Hozir siz chiqishingizda Usama bin Lodin nomini deyarli tilga olmadingiz. Nima uchun? Bundan tashqari, amerikaliklarning shu savoliga javob bera olasizmi: u tirikmi yoki o‘lgan?

— Bilganim shuki, bu odam qochib yuribdi, agar u tirik bo‘lsa, albatta. Aniq aytib bo‘lmaydi, u qaysi g‘orda yashiringan. Biz anchadan buyon u haqda hech narsa eshitmadik. Ammo siz e'tiboringizni bir odamga qaratganingiz odamlar missiya ko‘lamini to‘liq tushunmasligini anglatmoqda. Shunday ekan, men u qayerdaligini bilmayman. Ochig‘ini aytganda, men bu borada ko‘p qayg‘urmayman. Men askarlar ta'minoti yaxshi bo‘lishi haqida o‘ylayman - strategiyamiz aniq, koalitsiya esa kuchli bo‘lishi uchun.

Urushning dastlabki bosqichidagi ulkan muvaffaqiyatlarga qaramay, amerikaliklar bin Lodinni tuta olishmaydi.

2001 yil oxirida Amerika qo‘mondonligi bor e'tiborini Afg‘oniston janubi-sharqidagi Tora-Bora tog‘lariga qaratishadi. Toliblar nazoratidagi hudud g‘orlarida «Al-Qoida» a'zolari yashiringandi.

Bir necha yil o‘tib Afg‘onistondagi Amerika harbiylari qo‘mondoni, general Tommi Frenks tan oladi: «Biz shu vaqtgacha 2001 yil dekabrda bin Lodin chindan ham Tora-Borada bo‘lganmi-yo‘qmi, bilmaymiz. Razvedkaning bir manbasi u shu yerdaligini aytgan, boshqasi u Pokistonga qochgani haqida gapirgan. Tora-Bora «Tolibon» va «Al-Qoida» jangarilari bilan to‘lib toshgandi, ammo hech qachon bin Lodinga yaqinlasha olmaganmiz».

Ammo uning oxirgi gapi to‘g‘ri bo‘lib chiqmadi. 2009 yilda AQSh Senatining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi Tora-Boraga hujum bo‘yicha tekshiruvni yakunladi. Ma'lum bo‘lishicha, Pentagonning o‘sha vaqtdagi rahbari Donald Ramsfeld va general Tommi Frenks birinchi raqamli terrorchini g‘orlar kompleksidan qidirish uchun juda kam odam ajratgan, shu tufayli Tora-Boradagi harbiy harakatlar arafasida ushbu hududda bo‘lgan bin Lodin qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan, natijada Afg‘onistonda urush tugamagan.

Bu AQShning «Al-Qoida» bilan urushi tarixidagi eng katta muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi.

«Ortga nazar tashlab, Afg‘onistondan amaliyotning birinchi yilidan keyinoq chiqib ketishimiz kerak bo‘lgani va Iroqqa kirishimiz kerak bo‘lmagani haqida o‘ylayman. Men bu gaplarni aynan bugungi kun pozitsiyasidan turib aytmoqdaman. O‘shanda — 2002-2003 yillarda men brigada qo‘mondoni edim. Bizning oldimizga vazifa qo‘yilgandi. Men bilganim, ko‘rganim, ishonganimga asoslangan holda to‘g‘ri ish tutyapmiz deb o‘ylaganman», deya hisoblaydi amerikalik general Ben Hodjyes. U Barak Obama prezidentligi davrida Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiya amaliyotlarini boshqargan.

Usama bin Lodin o‘z-o‘zidan amerikaliklarning asosiy dushmani bo‘lib qolaverardi, ammo 2002 yilning birinchi yarmiga kelib amaldorlar odamlarga shuni uqtira boshlashadi: «Al-Qoida» yetakchisining taqdiri harbiy amaliyot muvaffaqiyati o‘lchovi bo‘lmasligi kerak.

Shunga qaramay, 2002 yil boshida amerikaliklarning 83 foizi AQShning toliblar va «Al-Qoida»ga qarshi harbiy kampaniyasini ma'qullardi.

Yangi urush. Iroq

2002 yil oktyabrida illinoyslik siyosatchi Barak Obama Chikago markazida urushga qarshi mitingda chiqish qilish uchun taklif etiladi. 41 yoshda bo‘lgan Obama o‘shanda Senatga saylanishni ko‘zlagandi, shuning uchun u bu taklifga ehtiyotkorlik bilan yondashadi.

Bir tomondan, uning saylovoldi shtabida Iroqdagi urushni keskin qoralash Obamaga ochkolar keltirishi va Demokratik partiyadagi pozitsiyani mustahkamlashga yordam berishiga ishonch bildirganlar bor edi. Boshqa tomondan, Amerika hali 11 sentyabrni unutmagan, bunday fonda urushni qoralash aksincha, uning kampaniyasiga xalal berishi ham mumkin edi.

Miting kuni Barak Obama sahnada turib shunday deydi: «Ruxsatingiz bilan avvalboshdan shuni aytamanki, bu urushga qarshi miting bo‘lsa ham, men urushga butkul qarshi bo‘lgan odam emasman». Yig‘ilganlar jim qoladi.

Obama AQShdagi Fuqarolik urushini, 1941 yil Perl-Harborga qilingan hujumni eslaydi va shundan so‘ng Afg‘oniston va Iroq mavzusiga o‘tadi: «11 sentyabrdan keyin, vayronkorlik, chang va ko‘zyoshlarni ko‘rib, men prezident ma'muriyatining begunoh odamlarni o‘ldirayotgan yovuzlikka qarshi toqatsizlik ko‘rsatish borasidagi qarorini qo‘llab-quvvatladim. Bu fojia takrorlanmasligi uchun o‘zim ham mamnuniyat bilan qurol olgan bo‘lardim. Ammo men ahmoqona urushlarga qarshiman. […] Men aqlga emas, ehtiroslarga tayangan, prinsiplarga emas, siyosiy maqsadlarga asoslangan urushlarga qarshiman. Oydinlik kiritishimga ruxsat bersangiz: men Saddam Husayn borasida illyuziyaga berilmayman. U hokimiyatni saqlab qolish uchun o‘z xalqini o‘ldirib kelayotgan shafqatsiz va rahmsiz odam. […] Ammo men yana shuni bilamanki, Saddam AQShga yoki o‘z qo‘shnilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf solmayapti».

Kichik Jorj Bush boshqacharoq fikrda edi. Saddam Husayn rejimi uni 11 sentyabrdan oldin ham g‘azablantirardi, katta ehtimol bilan bunday qarash unga otasidan o‘tgandi: Katta Bush, AQShning 41-prezidenti ham Iroqda urush olib borgan, ammo 1991 yilda. O‘shanda iroqlik diktator Saddam Husayn rejimi katta neft havzalariga ega chiqish uchun qo‘shni Kuvayt hududini bosib olishga qaror qilgandi.

Ammo katta Bush Husayn rejimini ag‘dara olmagan — qisqa muddat olib borilgan harbiy harakatlardan keyin katta qurbonlik bermaslik uchun amerikalik harbiylar ushbu mamlakatdan olib chiqilishini e'lon qilgan.

2001 yilda Pentagon rahbari bo‘lgan Donald Ramsfeldning eslashicha, kichik Bush 11 sentyabrdagi teraktlardan 15 kun oldin undan Iroqqa qarshi urush ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Egizak binolar qulaganidan keyin bu mavzu yana kun tartibiga chiqdi. Yagona muammo — Iroqqa bostirib kirish uchun yaqqol sabab yo‘q edi, Saddam Husaynning «Al-Qoida» va Usama bin Lodin bilan aloqalari borasida hech qanday dalil bo‘lmagan.

Ammo 2002 yil yanvaridayoq Bush Iroq «yovuzlik kuchlari» tomonida ekani va o‘zining «vayronkor qurollari» bilan AQSh xavfsizligiga tahdid solishi haqida gapira boshlagandi. Amerika maxsus xizmatlari Bag‘dodda yadro bombasi yo‘qligini aniq bilishgan, ammo Husaynda biologik qurol bor-yo‘qligi borasida aniq xulosaga kela olishmagan.

Shunga qaramasdan, 2003 yil fevralida AQSh Davlat kotibi Kolin Pauell BMT Xavfsizlik kengashida Vashington Saddam Husayn rejimida ommaviy qirg‘in qurollari borligi borasida aniq ma'lumotga egaligi haqida aytadi.

Bir oydan keyin Iroqda urush boshlanadi. Bu vaqtda amerikaliklarning taxminan 64 foizi urushni yoqlayotgandi.

Shubhalar

AQSh Iroqqa 130 mingdan ortiq harbiy jo‘natadi – bu mamlakat qurolli kuchlarining taxminan 10 foizlik qismi edi. Vashingtonning ittifoqchilari ham 50 mingga yaqin askar yuboradi. Qudratli ko‘ringan Iroq armiyasi amerikaliklarga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmaydi.

«Iroqlik harbiylar sovetlar namunasidagi texnikalar bilan jihozlangandi. Ularning armiyasi juda va juda katta edi, armiya — mamlakat mudofaasi uchun bir necha diviziya tuziladi. Agar operatsiya maqsadi Iroqdagi rejimni ag‘darish bo‘lsa, quruqlikda nafaqat odatiy armiya bo‘linmalari, balki maxsus topshiriqli kuchlar ham joylashtirilishi va ular hamjihatlikda harakatlanishi talab etilardi», — deya vaziyatni baholagan general Ben Hodjyes.

9 aprelga kelib — Iroqqa bostirib kirilganidan ikki haftaga yaqin vaqt o‘tib Bag‘dod AQSh harbiylari nazoratiga o‘tadi. 2003 yil 1 may kuni Bush g‘alaba haqida e'lon qiladi. U Iroqda qilinadigan ishlar hali ko‘pligi, lekin «burilish nuqtasidan allaqachon o‘tilgani»ni qo‘shimcha qiladi.

Mamlakatda baribir ommaviy qirg‘in quroli topilmaydi.

Bu vaqtda muxolifat pozitsiyasidagi AQSh Demokratik partiyasi vakillari Bushni tanqid qilishga kirishadi, katta qurbonliklar va tartibsizliklarga guvoh bo‘lgan jurnalistlar esa prezident ma'muriyatini savolga tuta boshlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda — o‘sha vaqtda AQShda MySpace’dan keng foydalanilardi — Barak Obamaning o‘sha urushga qarshi mitingda aytgan so‘zlari matni virus kabi tarqaladi.

Vaqt o‘tgan sayin Iroqdagi vaziyat yomonlasha boradi.

«Bu juda g‘alati tuyg‘u. Eslayman, Iroqqa birinchi safarimiz oxirida men shunday o‘ylagandim: "Bu ish berdi!" Men bizda hammasi joyida ekanini his qilganman. Albatta, men Iroq shimolidagi kichik uchastka uchungina javobgar edim — Mosul va undan janubdagi hududga. Ammo menga biz barchasini to‘g‘ri qilayotgandek va bizning strategiyamiz o‘zini oqlayotgandek tuyulardi. Shu tufayli men ikkinchi bor, 2005 yilda Iroqqa kelganimda ham juda optimistik kayfiyatda edim, keyin 2006 yilda yana keldim. Bu safar esa barchasi butunlay boshqachaligini ko‘rdim. To‘qnashuvlar yanada qonli tus olar, vaziyat yana va yana murakkablashar, dushman esa kuchayib borardi», — deya eslaydi general Hodjyes.

Amerikaliklarning raqiblari xuddi sahroga singib ketgandek g‘oyib bo‘lishar, partizan urushlari taktikasida harakat qilishardi — pistirmalar o‘rnatilar va koalitsiya harbiylariga kutilmagan hujumlar uyushtirilardi. Bunga javoban AQSh Iroqdagi kontingentni oshiradi. Qurbonlar soni ortishi davom etadi.

Shtatlarda kichik Bushni tanqid qilish avjiga chiqadi. Iroqning Abu-Greyb shahridagi qamoqxonada mahbuslarga qiynoq qo‘llangani mojarosi vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Saddam Husayn davrida qurilgan kompleksda amerikalik harbiylar koalitsiyaga qarshi jinoyatlarda ayblanib qo‘lga olinganlarni saqlashardi. OAVda nozir qo‘li bog‘liq mahbuslarni qiynayotgani va tahqirlayotgani aks etgan fotosurat tarqaladi. Ayblanuvchilar zo‘rlanadi, qamoqxonadagi hojatxona unitazidan ovqat olib yeyishga majburlanadi, tok bilan qiynoqqa solinadi, yalang‘och qilib yechintiriladi va bir-birining ustiga chiqib piramida shakli hosil qilish buyuriladi. Bu shov-shuvdan keyin qiynoqlarda ishtirok etgan sakkiz nafar harbiyga real qamoq jazosi tayinlanadi. Ular orasida birorta ofitser bo‘lmagan.

Abu-Greybdagi mojaro amerikaliklarga yangidan yangi hujumlar uyushtirilishiga sabab bo‘ladi. Bush Iroq masalasida «ayrim xatolar»ga yo‘l qo‘yganini tan oladi, ammo qo‘shimcha harbiy bo‘linmalarni yuborish orqali bu xatolarni tuzatish mumkinligini qo‘shimcha qiladi. 2007 yilda Iroqda bir vaqtning o‘zida 170 mingdan oshiq amerikalik harbiylar bo‘lgan - hukumat tomonidan yollangan xususiy harbiy kompaniyalar jangchilaridan tashqari.

«Yildan yilga harbiy rahbarlar ham, amaldorlar ham oldinga qo‘yilgan vazifa bajarilishi, uzil-kesil g‘alabaga erishish imkoniyatlarini ko‘rardilar. Eslaymanki, biz yildan yilga o‘zimizga takrorlardik: biz g‘alaba qozonamiz, bu ishni yakunlab qo‘yish uchun shunchaki yana bir yil yoki yana bir necha ming askar kerak.

Barcha uchun gapirmoqchi emasman, ammo men o‘zim chindan ham shunday o‘ylardim, yana ozgina va biz barcha qiyinchiliklarni ortda qoldiramiz. Afsuski, men xato o‘ylardim», — deydi general Hodjyes.

2006 yil apreliga kelib amerikaliklarning 64 foizi Bushning Iroqdagi harakatlarini ma'qullamayotgandi.

Noayon maqsad 

2008 yil. Afg‘onistonda toliblar kuch to‘play boshlashadi, amerikaliklarning harbiy karvonlarini o‘qqa tutishadi, yo‘llarni minalashtirib, blokpostlarga hujum qilishadi. Iroqda — jimlik, AQSh faol harbiy harakatlar olib bormasdi.

Amerikalik Piter Lyuser dengiz piyodasi bo‘ladi — u AQSh harbiy-dengiz kuchlari ilg‘or bo‘linmasi tarkibiga kiradi. Piter 19 yoshda edi va harbiy harakatlar haqida asosan sevimli kitoblaridan bilardi.

Xuddi shu vaqtda AQSh prezidentligi saylovlarida «ahmoqona urushlar»ga qarshi bo‘lgan Barak Obama g‘alaba qozonadi. U avvaliga «terror bilan urush» nomini olgan harbiy amaliyotlar ko‘lamini qisqartirish tarafdori bo‘lgan esa-da, uning boshqaruvining dastlabki yillarida Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar soni faqat oshirib boriladi va 100 ming kishiga yetadi. Obama «terrorga qarshi urush» konsepsiyasidan voz kechib, bor e'tiborini «Al-Qoida»ga va bin Lodinni qidirishga qaratadi.

2009 yil iyulida Piter Afg‘onistonga jo‘nashidan xabar topadi. Ketishgacha uch oy vaqt bor edi.

«Men bunga tayyor edim, ammo biroz asabiylashdim. Balki, mening bir qismim men bulardan chetda qolaman va hech qayerga bormayman deb o‘ylagandir. Lekin bunday bo‘lib chiqmadi».

Lyuserdan urush haqida so‘rashganida, u hamisha birinchi jasadni qachon ko‘rgani haqida aytib beradi. Amerikaliklar blokpostiga hujum qilingandi. Tarkibida Lyuser ham bo‘lgan piyodalar patruli havodan yordam jo‘natilishini so‘raydi. Aviatsiya to‘rt nafar dushmanni o‘ldiradi.

«Qahri qattiq katta serjant mendan o‘ldirilganlarni ko‘rishni istaysanmi, deb so‘radi. Men rozi bo‘ldim. Men ko‘tarma tepalikdan tushdim va 30 millimetrli snaryad nimtalab tashlagan odam yelkasiga nazar tashladim. Va men hech narsa his qilmadim. Bu ushbu odam o‘limiga sabab bo‘lgan aviazarba bilan yakunlangan, juda og‘ir va uzoq davom etgan  kun bo‘lgandi. Menda nimadir his qilish uchun shunchaki kuch va vaqt yo‘q edi», deya xotirlaydi Lyuser.

Bu vaqtga kelib u Afg‘onistondagi uchinchi oyini o‘tkazayotgandi. U dushman bilan yuzma-yuz kelmagan, ularning tanasini ko‘rmagan. Piyodalar maqsadni bilmasdan, muvaffaqiyat nima bilan o‘lchanishini tushunmasdan doimiy ravishda Hilmand bo‘ylab ko‘chib yurardi. Ichki bo‘shlik ayniqsa Hilmanddagi ko‘knori dalalarida bilinardi», deydi Piter Lyuser.

U Afg‘onistonda yetti oyni o‘tkazadi.

«U yerda umumiy kartinani ko‘rish qiyin edi. Taktik, operativ va strategik maqsadlar aniq emasdi. Va hech kim, menimcha, bularni bizga ko‘rsatishga urinmasdi. Biz shunchaki nimani aytishsa shuni qilardik. Biz katta pazlning kichik qismlari edik va hech narsani tushunmasdik».

Afg‘oniston bilan Lyuserni ko‘plab og‘riqlar, yo‘qotishlar va umidsizliklar bog‘lab turadi. Urush uzoq davom etadi, jamiyat esa muammoni inkor qilardi, deydi u. Afg‘onistondagi harbiy kampaniyaning dastlabki o‘n yilida Amerika 2000 nafarga yaqin harbiysini yo‘qotadi.

«AQShga qaytganimda men juda g‘azabda edim. Tinch aholiga, dengiz piyodalariga, oilamga va do‘stlarimga, ko‘chalardagi odamlarga, Xudoga g‘azab qilardim. Kimdir «Tolibon» Afg‘onistonga foyda keltirdi deb aytadi deb o‘ylamayman. Ammo urush Amerikani xavfsizroq qildimi? Milliy manfaatlarni ilgari surishga yordam berdimi? Biz urushganimiz uchun hayot yaxshiroq bo‘lib qoldimi? O‘ylaymanki, buning javobi — yo‘q».

Afg‘onistonda ikki yil xizmat qilgan general Hodjyes bu savollarga boshqacharoq javob qaytaradi.

«Katta siyosiy xato shunda ediki, AQShda Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy harakatlar xarajatlarini qoplash uchun soliqlarni ko‘tarishmasdi. Nafaqat Bush, balki demokratlar administratsiyasi ham bizning maxsus amaliyotlarimiz uchun soliq vedomostida qo‘shimcha qator kiritmagan. Shuning uchun amerikaliklarning katta qismi xorijdagi voqealarga o‘zini aloqador his qilmagan. Buni faqat o‘z yaqinlarini Iroq yoki Afg‘onistonga yuborganlar his qilishgan. Qolganlar uchun esa urush qayerdadir uzoqlardagi hodisalar edi.

Shu tufayli jamoatchilik hukumatga keraklicha bosim o‘tkazmagan, barchasi tezroq tugashini talab qilmagan. Aynan shuning uchun mazmunsiz urush uzoq cho‘zildi», deb hisoblaydi general Hodjyes. 

2010 yilda Barak Obama Iroqdan asosiy kontingentni olib ketadi. Mamlakatda 50 ming atrofida harbiy xizmatchi qoladi. O‘shanda AQSh vitse-prezidenti bo‘lgan Jo Bayden harbiy amaliyotlar yakunlanganini e'lon qiladi.

«Barak Obama AQSh va ittifoqchilarning harbiy amaliyotlardagi ishtirokini qisqartirishga harakat qiladi, kontingent ko‘proq mahalliy harbiylarni o‘qitish, maslahatchilik qilish bilan shug‘ullanishi va mahalliy armiya mustaqil ravishda o‘z mamlakatini himoya qilishga qodir bo‘lishi uchun uni qo‘llab-quvvatlashi ko‘zda tutiladi», — deya Obama administratsiyasining pozitsiyasini izohlaydi davlat kotibining sobiq o‘rinbosari Rouz Gettemyuller.

Obamaning harbiylarni Iroqdan olib chiqish to‘g‘risidagi qarorini amerikaliklarning 78 foizi qo‘llab-quvvatlashadi.

Birinchi raqamli terrorchining yo‘q qilinishi

2011 yilning mayi. Pokiston shimolidagi Abbottabad shaharchasi aholisi baland devorlar bilan o‘ralgan villaga ortiqcha e'tibor qaratmasdi — uning darvozalari ahyon-ahyonda ochilardi.

Ammo bu uyni amerikalik harbiylar sinchkovlik bilan kuzatib kelishardi. 2 mayga o‘tar kechasi maxsus topshiriqli bo‘linma harbiylari uy devorini portlovchi qurilmalar bilan portlatishadi. Villada yashovchilarning bir necha nafari otib tashlanadi, ular asosiy uyning ikkinchi qavatiga ko‘tariladi — zina orqali uchinchi qavatga ham chiqishadi va u yerda Usama bin Lodinni topishadi.

Jangchilar o‘t ochishadi, ammo o‘qlar xato ketadi. Bin Lodin yotoqxonaga yashirinadi. Eshikni ochib, harbiylar terrorchini o‘qlardan to‘sib turgan ikki ayolni ko‘rishadi. Yaqin orada avtomat turardi, ammo bin Lodin uni olishga ulgurmaydi — uni joyida otib tashlashadi.

Oq uyda ushbu amaliyot borishini real vaqt rejimida kuzatib turganlar jimlik saqlab turishadi. Nihoyat Barak Obamaning We got him («Biz uni qo‘lga tushirdik») degan so‘zlari yangraydi.

Ammo bu hali yakun emasdi.

IShIDdan yana toliblargacha

2015 yil mayida respublikachi Jyeb Bush o‘z akasining izidan bormoqchi bo‘lib, nomzodini prezidentlik uchun ko‘rsatadi.

Bush Nevada shtatining Rino shaharchasiga o‘z dasturini bayon etish uchun keladi. U yig‘ilganlarni Barak Obamaning harbiylarni Iroqdan olib chiqish qarori IShID ko‘tarilishiga olib kelganiga ishontirmoqchi edi.

2014 yilga kelib IShID Iroq shimolidagi hududlarni, shu jumladan, mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mo‘sulni egallab olgandi. Amerikaliklar harbiylarni ushbu mamlakatga qaytarishiga to‘g‘ri keladi. 2015 yilda xalifalik e'lon qilgan ushbu terrorchi guruh Iroq va Suriyada jami 70-90 ming kvadrat kilometrlik maydonni egallab olgandi. Jangarilar butun dunyo bo‘ylab teraktlar uyushtira boshlaydi.

Jyeb Bush bilan uchrashuvda Nevada universitetining 19 yoshli talabasi Ayvi Zidrix sabr qilib tura olmaydi:

— Siz aytmoqchisizki, IShID biz Yaqin Sharqdan ketganimiz uchun paydo bo‘ldi. Ammo IShID Iroq hukumatini ag‘dargan koalitsiya harakatlariga javoban yuzaga kelgan. Iroq qurolli kuchlarida xizmat qilgan 30 ming kishi o‘z lavozimini yo‘qotgan. Ular ishsiz va pulsiz qolishgan, ammo ularda qurol bor edi. Shunday ekan, IShIDni sizning akangiz yaratgan.

Jyeb Bush qizning yelkasiga qoqadi va deydi: "Bu yerda savol qani?"

— Menga o‘rgatishning keragi yo‘q. Siz shunchaki savolimga javob berishingiz mumkin.

— O‘rgatish? Seni qarayu, — deya hayratini yashirmaydi Jyeb Bush va yana gapni Obamaga buradi.

Bu bahsda tahlilchilar talaba Ayvi Zidrixni haq deb bilishadi.

Amerika harbiylari amaliyotlari ko‘p hollarda tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgan — bu mahalliy aholi, ayniqsa urush va zo‘ravonliklar davrida o‘sgan yoshlar radikallashishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, amerikaliklar bir soat ichida Saddam Husayn armiyasini tarqatib yuborib, qariyb yarim million yaxshi qurollangan va yaxshi ta'lim ko‘rgan askarlarni ishsiz qoldiradi. Keyinroq ularning ko‘p qismi IShID safida dala qo‘mondonlariga aylanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, IShID rahbari Abu-Bakr al-Bag‘dodiy ham amerikaliklarning Bukkadagi lageridagi mahbuslik chog‘ida radikallashgan.

2014 yilda egallab olingan Mo‘sulni uch yil o‘tibgina qaytarib olishga muvaffaq bo‘lishadi. Bu vaqtga kelib "terrorizm bilan urush" Amerikaning navbatdagi yetakchisi — Donald Trampga meros bo‘lib o‘tgandi.

Bu davrda amerikaliklarning qariyb yarmi — 49 foizi — AQSh Afg‘onistonda o‘z maqsadiga erisha olmadi, deb hisoblardi. 35 foizi harbiylarning muvaffaqiyatlarini ijobiy baholagan, qolganlar aniq pozitsiyaga ega emasligi ma'lum bo‘lgan.

Toliblar bilan kelishuv

2020 yil fevralida Qatarning Doha shahrida Amerika administratsiyasi vakillari toliblar bilan uchrashadi. "Tolibon" ikkita muhim va'da beradi: birinchidan, afg‘on hukumati bilan tinchlik muzokaralariga kirishish, ikkinchidan, terrorchi tashkilotlar, birinchi navbatda — "Al-Qoida" bilan aloqalarni uzish. Keyinchalik ikki va'da ham bajarilmadi.

Mutaxassislar bu kelishuvni qo‘rqinchli darajada yon berish deb baholashadi — toliblar kelishuvga amal qilmasliklari ayon edi. Ammo bu vaqtda amerikaliklar ichki siyosiy muammolari — avvaliga impichment, keyin pandemiya va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan shunchalar band bo‘lib qoladiki, ular Afg‘onistonga alohida e'tibor qarata olishmasdi.

"Tramp shunchaki Afg‘onistondan ketishni istardi, — deydi prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton. — U biz Afg‘onistonga juda ko‘p pul va vaqt sarflayapmiz degan fikrda edi. Uni bir necha yil mobaynida terrorizmdan ko‘chalarimizda yoki Amerika osmonida himoyalangandan ko‘ra, Afg‘onistonda himoyalangan ma'qul ekaniga ishontirib kelgan bo‘lishsa-da, alal-oqibat u Afg‘onistondan ketishni istadi. Unga buni qanday qilishning farqi yo‘q edi".

Boltonning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘zi prezidentni bunday qilmaslikka undagan – ushbu mamlakatda harbiylarni qoldirish orqali toliblarni kuzatish, shuningdek Pokistondagi vaziyatdan xabardor bo‘lish hamda Eronning rejalari qandayligini bilib turish mumkin edi.

"Tramp qachondir bin Lodin ushlanishi yoki "Al-Qoida" yo‘q qilinishiga qarshi bo‘lgan deb o‘ylamayman. Ammo uning boshi Respublikachilar partiyasi yadrosi adoqsiz urushni yakunlashni istaydi, degan g‘oya bilan band edi”, — deydi Bolton.

Amerikaliklar Jo Baydenni prezident etib saylashganida, AQSh Afg‘onistonda urush qilayotganiga yigirma yil bo‘lgandi. O‘tgan vaqt davomida ikki trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflangandi. Minglab amerikalik askarlar va o‘n minglab afg‘onlar urush qurboniga aylangandi.

Jo Bayden prezidentlik kampaniyasi vaqtida harbiylarni baribir Afg‘onistondan olib chiqish va'dasini beradi. 2021 yil apreli o‘rtalarida u shunday e'lon qiladi: jarayon "tartib bilan olib boriladi" va 11 sentabr voqealarining 20 yilligida yakunlanadi.

"AQSh, mohiyatan, "kelishuv shartlari bajarilishi evaziga harbiylarni olib chiqish" yondashuvidan voz kechdi va men qo‘rqamanki, toliblarni "Al-Qoida" bilan aloqalarni uzishga majburlovchi vositadan ham mahrum bo‘ldi", — deydi Trampning aksilterror masalalar bo‘yicha maslahatchisi Neytan Seyls.

2021 yil yozida Seyls o‘zining sobiq rahbari va "Tolibon" o‘rtasida tuzilgan kelishuvni oqlashga urinadi. U Tramp harbiylarni faqat toliblar o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajargan taqdirda olib chiqishga rozi bo‘lganini ta'kidlaydi. Uningcha, kelishuvga amal qilinmagan taqdirda AQSh Afg‘onistonda bir necha bo‘linmalarni qoldirishi nazarda tutilgan. Seylsning fikricha, Tramp davrida Suriya tajribasi katta bo‘lmagan kontingent bilan raqibni tiyib turish mumkinligini ko‘rsatgan.

"Uchuvchili va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta'minlangan, quruqlikdagi bir necha ming kishilik, katta bo‘lmagan guruhlar "Al-Qoida"ga bosim o‘tkazib, terrorchilar Afg‘onistonda yana boshpanaga ega bo‘lishining oldini olib turgan bo‘lardi", deya hisoblaydi Seyls.

NATO kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, admiral Jyeyms Stavridis esa boshqacha fikrda: "Agar Tramp qayta saylanganida ham, biz baribir Afg‘onistondan chiqqan bo‘lardik. Katta ehtimol bilan, bu ertaroq ro‘y bergan bo‘lardi".

AQShda so‘nggi oy davomida jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun bir necha so‘rovlar o‘tkazildi va aniqlanishicha, 53 foizdan 63 foizgacha bo‘lgan respondentlar — qanday savol qo‘yilishidan qat'i nazar — Afg‘onistondan harbiylar olib chiqilishini ma'qullagan. Ammo evakuatsiya jarayoni qanday amalga oshirilgani 74 foiz amerikalikni qoniqtirmagan.

Tugallanmagan urush

Yigirma yil ichida afg‘on muammosini hech kim hal qila olmadi. Jorj Bush asosan Iroq bilan band bo‘ldi. Barak Obama Iroqqa kirishni xatolik deb atadi, ammo Afg‘onistonda esa dastlab kontingentni ko‘paytirdi, keyin kamaytirdi. Donald Tramp toliblar bilan kutilmagan kelishuvni imzoladi. Jo Bayden Afg‘onistondan tinch chiqib ketishga harakat qildi, ammo yakunda Kobuldan evakuatsiya jarayonida yuzaga kelgan xaos uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keldi.

"Amerikaliklar, ayniqsa yoshlar, Afg‘onistonda ro‘y berayotgan voqealarni tugamaydigan ziddiyat deb qabul qilishadi. Ular AQSh bu yerda g‘alaba qozona olmaydi deb hisoblashadi, chunki ular bu urushda qancha odam halok bo‘lgani va yaralanganidan xabardor. Amerika jamoatchiligi Afg‘onistondan ketish qarorini qabul qilishga tayyor edi", — deydi sobiq davlat kotibi o‘rinbosari Rouz Gettemyuller.

Ammo amerikaliklar bunday ketishga tayyor emasdi. 2001 yil 11 sentyabri arafasida bo‘lgani kabi "Tolibon" yana hokimiyatga qaytgan va yana mamlakatda o‘z tartibini o‘rnatgan va hamon avvalgidek bu urushlar boshlanishiga sabab bo‘lgan teraktlarni uyushtirgan "Al-Qoida" bilan qalin aloqalarni saqlab qolgan.

Demak, terrorga qarshi urushda g‘alaba qozonib bo‘lmaydimi?

"Uni faqat qattiqqo‘l kuch yordamida yengish imkonsizligi aniq, — deya hisoblaydi admiral Stavridis. — Ammo qattiq va yumshoq kuchlar qorishmasi — diplomatiya instrumentlari, iqtisodiy yordam, ta'lim terrorizm xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin". Nima bo‘lmasin, Stavridisning ishonchi komilki, so‘nggi yigirma yillikda dunyo xavfsizroq bo‘ldi — asosan "Al-Qoida" mag‘lub etilishi evaziga, hozirda bu guruh qoldiqlari faqat omon qolish payida.

Qirollik mudofaa tadqiqotlari institutining britaniyalik eksperti, Iroqda va Afg‘onistonda qirollik harbiy-havo kuchlari safida xizmat qilgan Pol O’Nil uning fikriga qo‘shilmaydi:

"Men 11 sentabr voqealaridan 20 yil o‘tib dunyo xavfsiz bo‘lib qolgani yo‘q deb hisoblayman. Terrorizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashish mumkin, davlat bu ishni asrlar davomida qilib kelmoqda. Ammo, menimcha , "terror bilan urush" atamasi xuddi "giyohvandlik bilan kurash" atamasi kabi ma'no kasb etib qolgan. Birinchidan, urushda juda aniq maqsad qo‘yiladi va maqsadga qachondir erishilib, urush yakunlanadi. Ammo terrorizm — bu yakuni yo‘q hodisadir. Va armiya — bu sohadagi vazifalarni hal etish uchun eng yaxshi instrument emas. Harbiylar muayyan yakuniy vazifani hal qilish uchun yo‘naltiriladi. Va agar ularga muddatsiz maqsad qo‘yilsa — masalan, terror bilan urush vazifasi bo‘lsa, muammolar boshlanadi".

"Menimcha, xatolik shundaki, biz Afg‘oniston va Iroq harbiylariga haddan tashqari ko‘p sarmoya kiritganmiz, ammo bu mamlakatlarda politsiya, sud va yuridik tizimlar rivojlanishi uchun yetarlicha sa'y-harakatlar qilinmagan. Faqat shunday institutlar orqali ayrim mamlakatlarda terrorizmga qarshi kurashda ijobiy tajriba taqdim etgan", — deya xulosa qiladi O’Nil.

"Biz 20 yil oldingiga qaraganda ancha yaxshi vaziyatdamiz, — deydi amerikalik Neytan Seyls. — AQSh va bizning NATO bo‘yicha hamkorlarimiz terrorizmga qarshi kurashda qo‘llash mumkin bo‘lgan instrumentlar to‘plamini ishlab chiqdi. Bu nafaqat dronlar yoki maxsus topshiriqli otryadlar. Koalitsiya mamlakatlari prokurorlari notinch hududlardagi yuristlarni o‘qitdi va ularga jang maydonlarida topilgan dalillarni qayta ishlab, ularni sudda qanday taqdim etish bo‘yicha maslahatlar berishdi. Amerikalik chegarachi ekspertlar Afrika davlatlaridagi aeroportlar xodimlari bilan uchrashuvlarda ularga o‘tish punktlarida yo‘lovchilarni qanday tahlil qilishni o‘rgatishdi va ularga xavfli sayohatchilarni qanday aniqlashda yordam berishdi. 20 yil oldin bularning hech biri bo‘lmagan".

Global jarayonlarga aralashish kerakmi yoki faqat milliy manfaatlarni ko‘zlashmi? Pol O’Nilning fikricha, siyosatchilar bu borada dam bu tomonga, dam boshqa tomonga og‘ishadi.

"Global ziddiyatlar barham topganida mamlakatlar o‘z milliy manfaatlariga qaytadi. Shunda yillar bo‘yi tinchlik va xotirjamlik hukm suradi. O‘shanda siyosatchilar dunyoda juda qo‘rqinchli ishlar bo‘layotganini qayd etishadi. Ular bunga aralashish kerak deb hisoblashadi. Avvaliga barchasi juda yaxshi ketadi. Keyin esa birdaniga barchasi yaxshi ketmay qoladi. O‘shanda siyosatchilar yana milliy manfaatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga qaytishadi", — deya ta'riflaydi O’Nil Afg‘oniston atrofidagi voqealarni.

Iroqda amerikaliklar o‘z asosiy maqsadiga erishgan — Saddam Husayn ag‘darilgandi, ammo mamlakatda yana ko‘p yillar qolib ketishdi. Afg‘onistonda amerikaliklar o‘z oldlariga qo‘yilgan maqsadlarning hech biriga erisha olishmadi, Pokiston hududida 11 sentabr teraktlari tashkilotchisi Usama bin Lodin yo‘q qilinganidan tashqari. Afg‘onistonda demokratiya o‘rnatishning uddasidan chiqilmadi. Global terrorizmni mag‘lub etish vazifasi ham bajarilmadi. Hokimiyat yana toliblar qo‘lida, AQSh esa shoshilinch ravishda harbiylari va fuqarolarini evakuatsiya qildi — bu yillarda teraktlarning oldini olishni o‘rgandik va 11 sentabr boshqa qaytarilmaydi degan umidda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top