16:26 / 15.09.2021
8907

Chiroqchida kaltaklangan o‘qituvchi aybdorlarga yengil jazo belgilanganini aytmoqda

Joriy yil 6 aprel kuni Chiroqchi tumani XTBga qarashli 134-maktab o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyev 2 baho qo‘ygani uchun o‘quvchining akasi va boshqa qarindoshlari uni do‘pposlashgan. Avgust oyida bo‘lib o‘tgan sud majlisida aybdorlarga jazo tayinlangan. Ammo o‘qituvchi aybdorlarga yetarli jazo berilmadi deb hisoblamoqda.

Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning ma'lum qilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining 2021 yil 6 avgustdagi hukmiga ko‘ra Shohnur Oqqo‘ziyevni kaltaklagan B. H. Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Shuningdek, ushbu holat yuzasidan ma'muriy huquqbuzar, deb topilgan fuqarolar N. O. va J. O.ga oid ma'muriy ish 2021 yil 12 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. N. O. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi va 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan, deb topilib, unga nisbatan ushbu kodeksning 34-moddasi 2-qismiga asosan uzil-kesil BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. J.O. esa ushbu kodeksning 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan, deb topilib, unga nisbatan mazkur kodeksning 52-moddasi 2-qismi bilan BHMning 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Shohnur Oqqo‘ziyev kaltaklangandan so‘ng, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev kaltaklangan o‘qituvchi bilan onlayn muloqot qilib, vaziyatni shaxsan nazoratiga olganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top