09:53 / 15.09.2021
1533

Qoraqalpog‘istondan qancha odam ishlash uchun chet elga ketolmagani ma'lum bo‘ldi

Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘istonda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida olib borilayotgan masala keng muhokama qilingan.

Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda Qoraqalpog‘istonda aholi bandligini ta'minlash yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning axboroti eshitilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyi mobaynida Qoraqalpog‘iston bo‘yicha 68 ta bo‘sh ish o‘rni yarmarkalari o‘tkazilgan. Unda 2 091 ta korxona va tashkilot 6 353 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etgan. Ushbu yarmarkalarga jami 2 977 nafar ishsiz jalb qilinib, unda 1408 nafar ish izlab yurganlarga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berilgan. 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida 2 315 nafar fuqaro chet davlatlarga ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilning 6 oyi mobaynida 14,6 ming nafar ishsiz, ishlash uchun chetga ketolmagan va qaytib kelgan fuqarolarni mehnat organlari yo‘llanmalari asosida davlat dasturi doirasida yaratilayotgan va doimiy bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashishiga ko‘maklashilgan.

Bundan tashqari, 14,2 ming ish bilan band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan va ularning ish haqi uchun 8,3 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Ta'kidlanishicha, 2021 yilga belgilangan Davlat dasturi doirasida ishsiz, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarning 796 nafariga 3 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Biroq joriy yilda subsidiya berish orqali aholi bandligini ta'minlash choralarini ko‘rish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oxirida Senat raisi Tanzila Norboyeva Jo‘qarg‘i Kenges deputatlari 2021 yilning dastlabki 6 oyida qanday ish qilishini aytgandi.

Mavzuga oid
Top