12:20 / 16.09.2021
2221

Samarqandda yuk mashinasi urib yuborgan 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida 10-sinf o‘quvchisi o‘zini yuk mashinasi ostiga tashlab vafot etgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 14 sentabr kuni soat 17:00larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-46 Samarqand-Juma-Kattaqo‘rg‘on avtomobil yo‘lining Past Darg‘om tumani Beklar mahallasi hududidan o‘tgan 27-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Samarqand tumani Yangiobod qishlog‘ida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan Q.G‘. o‘ziga tegishli bo‘lgan «ZIL MMZ» rusumli yuk mashinasi bilan Samarqand-Kattaqo‘rg‘on yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtda, Nurobod tumani Navro‘z mahallasida yashovchi Samarqand ixtisoslashtirilgan san'at maktabining 10-sinf o‘quvchisi 2004 yilda tug‘ilgan E.A.ni urib yuborgan.

Oqibatda, 17 yoshli o‘quvchi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga olib borishda yo‘lda vafot etgan. Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, o‘quvchi yo‘lda harakatlanib ketayotgan «ZIL MMZ» rusumli yuk mashinasi harakatlanib ketayotganda o‘zini uning ostiga tashlagan.

Ta'kidlanishicha, hozirda hodisa yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top