11:48 / 17.09.2021
21444

O‘zbekistondan topilgan yangi dinozavr suyagi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U haqda nimalar ma'lum?

10 yil muqaddam Qizilqumdan topilgan dinozavr suyagi tadqiqotchilar guruhi tomonidan o‘rganildi. U Bo‘r davrida yashagan eng yirtqich: bo‘yi 7-8 metr, vazni 1 tonnadan iborat trinozavr ekanligi isbotlandi. Trinozavr haqida nimalar ma'lum, uning suyagi qayerda?

Kun.uz tadqiqotda ishtirok etgan o‘zbek olimlari bilan suhbatlashdi.

Hammasi haqida qisqacha

O‘zbekistonning Qizilqum cho‘lidan 2008-2011 yillarda Andrey Kanash tomonidan topilgan yangi dinozavr turi haqidagi yangiliklar jahon ilm-fan arboblari orasida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Alohida yangi urug‘ga mansub yangi dinozavr turi yaqinda Yaponiyaning Tsukuba universiteti doktoranti Otabek Anvarov, yapon professori Kohei Tanaka, kanadalik professor Darla Zelenitskiy, O‘zbekiston Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev hamda Hokkaido universiteti professori Kobayashidan iborat tadqiqotchilar guruhi tomonidan kashf etilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, suyaklari topilgan trinozavrning tana uzunligi 7,5-8 metr va vazni 1000 kg dan oshiq. Bu uning Bissekti ekotizimining ilgari tan olinmagan eng yetakchi yirtqichi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Biroq o‘zbekistonlik tadqiqotchilar OAVda dinozavr yaponiyalik olimlar tomonidan topilgani haqidagi noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqab ketganini aytishdi.

O‘zbekiston Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev

– Geologiya muzeyiga kelib ko‘rsangiz, muzeyning 2-qavatida Yerda hayot paydo bo‘lishi, jonivorlarning rivojlanishi va dinozavrlarga juda katta urg‘u berilganiga guvoh bo‘lasiz.

Dinozavr O‘zbekistonda topilishi yangilik emas, bir necha marta suyaklari ham topildi. 2018 yildan boshlab Geologiya muzeyi Yaponiyaning Tsukuba universiteti olimlari bilan Bo‘r davridagi hayvonot olamini o‘rganish uchun o‘zaro hamkorlik qilish maqsadida memorandum tuzdi. Bizning o‘zbek yigitimiz Otabek Anvarov hozirgi paytda Tsukuba universitetida doktoranturada o‘qiyapti. Bakalavr va magistraturani bitirgach, universitet uni professor qilib olib qoldi. U Yaponiya olimlarini O‘zbekistonga olib kelgach, yangi dinozavr turini kashf etish ishi boshlangandi.

2008-2011 yillarda davlat Geologiya qo‘mitasining ilmiy tekshirish instituti xodimi Andrey Kanash ilmiy mavzu bilan Jalaquduqda o‘rganish ishlarini olib borgan. Mustaqillikka erishganimizdan keyin O‘zbekistonning Jalaquduq hududidan katta miqdordagi dinozavr qoldiqlari ko‘p topildi. Xalqaro ekspeditsiya qilib Daniya, Rossiya olimlari Jalaquduqdan topilmalarni topib, olib chiqib ketishgan.

Hozir o‘sha yerdan topilgan topilmalarning hammasi geologiya muzeyida saqlanadi, ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Yapon olimlari bilan yangi turning kashf etilishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Dunyo bo‘yicha 4 ta davlatda oxirgi rusumdagi tomograflar bor, shulardan biri Yaponiyada.

Pandemiyadan oldin yapon tadqiqotchilari O‘zbekistonga kelganda bizdagi eksponatlarni rasmga olib ketishdi. Hozir tadqiq qilingan dinozavr trinozavr, dinozavrning vahshiysi turkumiga kirishi isbotlangan ilmiy maqola shov-shuvga sabab bo‘ldi. 8 sentyabr kuni ilmiy maqola Buyuk Britaniyaning Royal Society Open Science nashrida e'lon qilindi.

 Yangi turni kashf etish jarayoni qanday kechdi?

Otabek Anvarov. Yaponiyaning Tsukuba universiteti doktoranti

– Yapon olimlarini O‘zbekistonga borish sababi ilmiy ishim bilan bog‘liq edi. Farg‘onada birinchi tekshiruv qilganmiz, Farg‘ona vodiysi dinozavr qoldiqlari topilishida juda katta potensialga ega. Ilmiy ishim uchun 3 ta yapon professori bilan vodiyga borganmiz. Qidirish ishlari qiyin va ko‘p vaqt talab qilgani uchun 2 hafta ma'lumot qidirganmiz, lekin hech narsa topilmagani sabab bizni qiziqtirgan eksponatni o‘rganishga kirishganmiz.

Asosiy ma'lumotni O‘zbekiston Geologiya muzeyidan oldik. Eksponat bizda boshidan qiziqish uyg‘otdi. Bu yangilik ekanligiga birinchi ko‘rishdayoq ishonch hosil qildik. Keyin geologiya muzeyi bilan birgalikda ish olib bordik. Tadqiqot jarayoni har xil bo‘ladi, muzey eksponati bo‘lgani uchun uni olib chiqib ketishga haqqimiz yo‘q edi, shu sabab ko‘rib qo‘l bilan ushlagan narsamizni qog‘ozga tushirib oldik. Bor ma'lumot bilan birinchi bo‘lib taksa, ya'ni dinozavr genini boshqalari bilan solishtirish ishlarini olib bordik. Bunda turlar o‘rtasida qanday o‘xshashliklar borligi solishtiriladi. Jarayon Yaponiyaning milliy  muzeyida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistondan suyakning o‘zini olib chiqib ketib olmas edik, O‘zbekistonda esa bunday texnologiya afsuski mavjud emas. Oddiy tilda aytganda, topilma rentgenga o‘xshagan uskuna yordamida o‘rganiladi. Keyingi ish Hokkaido muzeyida bo‘ldi. Bor ma'lumotlarni boshqalari bilan solishtirdik. Dinozavr tishining so‘rilib yo‘q bo‘lib ketgan joyida ochilib qolgan izlari bo‘ladi, shular bilan taxminan tish qanaqa bo‘lganini o‘rgandik. Keyingi bosqichda Kanadada Darla Zelinskiy bilan ish olib bordik. U bizga o‘z universitetida dinozavrning maketini yasashda yordam berdi. Biz bu narsaning yangiligini isbotladik.

«Dinozavr skeleti topilgani yolg‘on»

O‘zbekiston Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev

– Kimlardir olimlar dinozavrning to‘liq skeletini topishibdi, deb yozibdi. Jalaquduqdan skelet chiqishi qiyin, chunki u yer dengiz bo‘lgan.

«Izlanishga Mirzo Ulug‘bek nomi berildi»

Otabek Anvarov. Yaponiyaning Tsukubi universiteti doktoranti

– Biz bu katta shov-shuv bo‘ladi deb o‘ylamagan edik. Dinozavrni Ulughbegsaurus uzbekistanensis deb nomladik. Bunda Ulughbegsaurus – Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan yangi gen, uzbekistanensis – O‘zbekistonda topilgan degan ma'noni anglatadi. Ishlarimiz bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek darajasiga yetsin deb niyat qilib shu nomni berdik, o‘xshatish degan ma'noda tushunmaslik kerak. Ilmiy ishni shunday nomladik.

Bu topilma katta yangilik desa ham bo‘ladi, chunki tadqiqot trinozavrlardan ham katta tur yashab o‘tganini ko‘rsatadi. Ular oziq-ovqat zanjirining eng yuksagi bo‘lgan. Uning O‘rta Osiyodan topilgani meni yanada xursand qildi, bu sohani bilganlar o‘zi uchun kelajakda shu narsani qayd qilib qo‘ydi: O‘zbekistonda bu ish davom ettirilsa, Yer yuzining tarixiga yanada oydinlik kiritiladi, bo‘shliqlar to‘ldiriladi.

Madina Ochilova. Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top