19:05 / 18.09.2021
84669

Paxta yetishtirishda dunyo gigantlari. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

5-6 yil avval ayni shu kunlar ommaviy safarbarlik boshlanar, talaba-yu o‘qituvchi, shifokor-u bankir paxta dalasiga «ixtiyoriy otlanardi». Mustaqillikka qadar esa paxta terish mavsumi haqiqiy frontga aylangan. Butun respublika salohiyati 5-6 mln tonnalik xirmon to‘plashga qaratilar, eng yaxshi ilm, barcha kuchlar faqat paxta hosildorligini oshirishga yo‘naltirilardi.

Yoshi kattalar yaxshi eslaydi, paxta terimi uchun bozorlar berkitilishi, to‘ylar tugul azalar ham to‘xtashi, barcha o‘quv maskanlari va aksariyat tashkilotlar yopilishi, qahraton qishgacha hamma dalada kezishi odatiy hol bo‘lgan. Kunlik paxta «svodka»lari eng muhim axborot hisoblanar, hamma bu ma'lumotni qulog‘ini ding qilib eshitardi. O‘sha paytlarda hammaning xayolida O‘zbekiston dunyoning paxta giganti degan tushuncha mustahkam o‘rnashib qolgandi.

Lekin paxta o‘zbek xalqini qiynab qo‘ygani, amalda aholi turmush tarzini yaxshilamasligi kunday ravshan edi. Qolaversa, shuncha intilishlarga, paxtani salkam «ilohiy o‘simlik» darajasiga ko‘tarishga qaramay, O‘zbekiston ittifoq davrida ham, keyin ham paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lmagan.

Umuman, dunyo bo‘yicha yiliga o‘rtacha 26-27 mln tonna paxta hosili olinadi va bu hosilning 60 foizidan ko‘prog‘i uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, qaysi davlatlar bu borada ilg‘or va buning uchun qanday omillar rol o‘ynagan?

Xitoy

Dunyo paxtasining 25 foizidan ko‘prog‘i, ya'ni yiliga taxminan 6,5 mln tonna paxta Xitoyda yetishtiriladi. Buning uchun 100 mingdan ortiq fermerlar ter to‘kadi va ta'kidlash joizki, Xitoy bu borada juda qisqa vaqt ichida yuqori samaradorlikka erisha oldi. Yana bir muhim jihat – Xitoy paxta xomashyosini deyarli eksport qilmaydi va to‘lig‘icha qayta ishlaydi. Nafaqat o‘z paxtasini qayta ishlaydi, balki xorijdan ham faol import qiladi. Ammo hosildorlikni oshirish uchun yerga kimyoviy ishlov berishga zo‘r berilishi ekologlar tomonidan muntazam tanqid qilib kelinadi. Hosilni yig‘ish asosan mashinalar orqali amalga oshiriladi.

Hindiston

Bu davlat tabiati ham paxta yetishtirish uchun qulay. Zamindorlar orasida ham paxtaga qiziqish baland. Shu bois bu davlat ham yiliga 6,3-6,4 mln tonna atrofida hosil oladi va ba'zi yillarda hosildorlik bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, birinchilikka ham chiqib turadi. Hosilni yig‘ishtirishda mashinalar bilan birga qo‘l mehnatidan ham foydalaniladi. Katta hosil olinsa-da, qayta ishlash yuqori darajada emas, xorijga eksport hajmi baland.

AQSh

Amerikada azaldan paxta yetishtirib kelingan. Hozir ham Texas, Florida, Missisipi, Kaliforniya, Arizona kabi shtatlarda yuqori hosil olinadi. AQSh fermerlari yiliga o‘rtacha 3,5 mln tonna paxta yetishtirishlari bu davlatning gigantlar orasida uchinchi o‘rinni egallashini ta'minlaydi. Bu davlatda hosil to‘liq mashinalar orqali yig‘ib olinadi va chuqur qayta ishlanadi. Amerika madaniyati ramziga aylangan jinsi shimlar asosan mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. Bundan tashqari, AQSh paxta eksporti bo‘yicha ham yetakchi – yiliga o‘rtacha 1 mln tonna.

Pokiston

Bu davlat tabiati ham paxta yetishtirishga mos va fermerlar yiliga o‘rtacha 2,3-2,4 mln tonna hosil ko‘taradilar. Pokiston xomashyo bo‘yicha kuchli to‘rtlikka kirish bilan birga paxtani qayta ishlashda ham yaxshi natijalarga erishgan. Pokistonda mahalliy paxtadan tayyorlangan matolar va liboslar dunyo bo‘ylab juda xaridorgir.

Braziliya

Kuchli beshlikka yillik o‘rtacha 1,4 mln tonna hosildorlik bilan Braziliya yakun yasaydi. Bu davlatda ham paxtakorlik azaliy an'ana. Bir vaqtlar «Kanizak Izaura» seriali namoyishida qullarning paxta terishini ko‘rib bejizga hayratlanmaganmiz. O‘shanda ko‘pchilik xorijiy davlatlarda ham paxta terilishidan hayron bo‘lgan. Qizig‘i, bu serial o‘zbek tilida namoyish etilganda qullarning paxta terishiga oid sahnalar kesib tashlangan.

Bundan tashqari, Avstraliya, Turkiya, Argentina kabi davlatlarda ham ko‘p miqdorda paxta yetishtiriladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha bugungi kunda dunyoda 6-o‘rinda turadi. Hozirgi kunda respublika bo‘ylab o‘rtacha 1,1-1,2 mln tonna paxta hosili olinadi. Savol tug‘ilishi mumkin: ittifoq davrida 5-6 mln tonna hosil olingan ekan, o‘sha paytlar O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lganmi?

Avvalo u paytlarda 5-6 mln tonnalik xirmon bilan maqtanilgan bo‘lsa-da, aslida buncha paxta yetishtirilgani katta shubha ostida bo‘lgan. Qolaversa, AQSh, Hindiston kabi davlatlar hosildorligi hozirgidan ham yuqori edi. Shuningdek, mahalliy qayta ishlash deyarli bo‘lmagan, paxta asosan xomashyo shaklida sotilgan.

Mustaqillikdan so‘ng aholining g‘allaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalasi kun tartibiga chiqdi va paxta maydonlari qisqarib, ko‘proq bug‘doy ekila boshladi. Shunday bo‘lsa-da, paxta yakkahokimligi susaymadi, ayniqsa terim paytida safarbarlik oldingidek edi.

Vaqt o‘tib paxta yig‘im-terimi bo‘yicha majburiy mehnatga uzil-kesil chek qo‘yildi. Bugungi kunda faqat manfaatdorlik ortidan paxta terilmoqda. Qo‘pol qilib aytganda, odamlar yoppasiga paxta termasa ham, davlatning bir yeri kamayib qolayotgani yo‘q.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top