10:25 / 18.09.2021
19862

Sardoba toshqinidan talafot ko‘rgan 100 dan ortiq fermerlarning zararlari haligacha to‘lab berilmayapti

Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilib ketishi natijasida Sirdaryo viloyati Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi yuzlab fermerlarning daraxt ko‘chatlari va ularning hosillari oqib ketgan, yer maydonlari vayron bo‘lgan. Oradan bir yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da, taxminan 20 milliard so‘m zarar haligacha qoplanmagan.

Sardoba suv ombori... Bu nomni eshitishimiz bilan xayolimizga nafaqat sirdaryoliklar, balki butun xalqimiz va hatto qo‘shni qozog‘istonliklarning jabr chekishiga sabab bo‘lgan texnogen ofat keladi. Afsuski, bu ofat keltirgan zararlar hali ham fuqarolarimiz sarson bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatda Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilib ketishi natijasida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi yuzlab fermer xo‘jaliklarining daraxt ko‘chatlari, ularning hosillari oqib ketgan, yer maydonlari vayron bo‘lgani aytiladi.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi fermerlar oradan 1,5 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ularning zararlari qoplab berilmaganini ma'lum qildi. Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi, prokuratura, tuman va viloyat hokimliklari-yu, ularning qishloq xo‘jaligi boshqarma va bo‘limlari – fermerlar bu ishlarning ortidan murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan hisob.

Rashid Mirzoqulov

«11 yillik bog‘im oqib ketdi. 7,4 gektar maydondagi olxo‘ri va boshqa mevalardan iborat bog‘imni suv oqizib ketdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari kelib bog‘larimni ko‘rib akt qilishgan va bog‘ni buzib qaytadan qilish kerakligini haqida xulosa berib ketgan. Baholash tashkilotlari 412 million so‘m zararni hisoblab chiqarib berdi. Barcha hujjatlarni to‘plab, dastlab Sardoba tumani hokimiyatiga, keyin Sirdaryo viloyati hokimligiga hujjatlarni topshirdim. Erta-indin deyishadi, lekin hozirgacha puldan darak yo‘q”, – deydi «Rashidbek bog‘i» fermer xo‘jaligi raisi Rashid Mirzoqulov.

21 yildan beri fermerlik qilayotgan Mahbuba Ochilova 12 gektarli bog‘i bir necha kun 3 metrlik suv ostida qolgan. Fermer 10 mingdan ziyod bodom, yong‘oq va boshqa meva ko‘chatlarini suv yuvib ketganini aytadi.

“Konsalting tashkilotlari kelib 12 gektar bog‘ uchun 286 million so‘m zarar hisoblab bergandi, keyin viloyatdan kelib tekshirishgach 176 million so‘mga tushib qoldi.

Mahbuba Ochilova

Sardoba tumani rahbarlarining birortasi prezidentning aytgan gaplarini bajarmayapti. Bular prezident aytgan gaplarini 50 foizni ham bajaradigan bo‘lsa, O‘zbekiston yashnab ketardi. Dehqon nima qilsin, dalada ish qilsinmi yoki rahbarlarning orqasidan quvib yursinmi? Yerning ahvoli juda yomon bo‘lib qoldi, uni to‘g‘rilash uchun katta traktorlarni olib kelish kerak, bunga esa pul kerak. Mutasaddilar o‘tgan yili kuzda beramiz dedi, keyin bahorda dedi. Mana oradan 1,5 yil vaqt o‘tdi, haliyam pul yo‘q. Hamma narsamizdan ayrildik, toshqin vaqtida ustimizda qanday kiyim bo‘lsa, o‘sha kiyimda qoldik”, – deydi «Norin guli» fermer xo‘jaligi raisi Mahbuba Ochilova.

Bundan tashqari, bir yildan ortiq vaqt mobaynida zararga ishlayotgan, talfot ko‘rgan fermerlar soliq organlari tomonidan bezovta qilinib ham turadi.

«Toshkentda komissiya kelganida ham, viloyat va tuman rahbarlari ham navbatma-navbat zararlar qoplab berilishini aytgan edi. Hokimliklarning qishloq xo‘jaligi boshqarma va bo‘limlari orqali yetkazilgan zararni baholatganimizda, bu o‘tmaydi, baholash markazlari orqali baholatinglar, deyildi. Gulistondagi xususiy baholash markazlari tomonidan qarz-havola qilib baholatdik, lekin haliyam pul to‘lab berilmayapti. Viloyat hokimligida shuncha kutdilar, yana kutasizlar-da, deyishyapti. Hozir fermerlarni yerlari yaroqsiz holga kelgan, biror ko‘chat yoki ekin ekaman, desa unmaydi.

Murod Najmiddinov

Buning ustiga, soliqdagilar tinmasdan soliqlarni to‘la, deydi. Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarning solig‘i va kreditlarini muzlatib qo‘yinglar deyilgan. Lekin o‘zi talafot ko‘rgan yerda, moliyaviy zararda bo‘lsak-da, bo‘ynimizga katta soliqlarni ilib ertaga pulni olib qolsangiz to‘laysizlar-da degan gapni gapirishyapti”, – deydi «Hasanboy anorzori» fermer xo‘jaligi rahbari Murod Najmiddinov.

«Suv omboridagi barcha zardob suvlar yerlarimizga borib to‘planib qolgan, bedazorimni bir oy suv bosib yotdi. Bundan tashqari, 1,5 gektar olma bog‘im yaroqsiz holga keldi. Qayerga borsang, «Otangga bor, onanga bor», «Insof bilan baholamaysanmi, o‘zi shu mahsuloting bormidi», – deyishadi. Toshqindan keyin viloyat va respublika ishchi guruhi a'zolari kelib, dalani suv bosgani, qanday zarar yetganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib dalolatnoma tuzib ketishgan. Shunga ham ishonishmasa, nimaga ishonishadi?

Zokir Yunusov

Buning ustiga, soliqdan telefon qilib qo‘yishmaydi: Aka, soliqlarni to‘lang, deb. Yerdan ikki yildan buyon daromad qilmayotgan bo‘lsam, mollarimni sotib soliq to‘laymanmi? Bolalarimni boqamanmi, soliq to‘laymanmi yoki yerga ishlaymanmi?» – deydi «Cho‘ldagi bedazor» fermer xo‘jaligi rahbari Zokir Yunusov.

Holatga izoh olish uchun Sirdaryo viloyati hokimligi bilan bog‘landik. Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nuriddin Usmonov Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan hududlardagi aholiga tegishli turar joylar va barcha zarur sharoitlarni yaratish uchun hozirgi kunga qadar davlat budjetidan 1,7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan. Boshqarma mas'uli 120 dan ortiq fermerlar baholash tashkilotlari orqali zararlarini baholatib kelgach, hukumat komissiya pul ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilishini bildirdi.

«Yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan tizim yaratilgan. Unga ko‘ra, ushbu zararlar birinchi navbatda tuman va shahar komissiyalari tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, yetkazilgan zararlar miqdori natura ko‘rinishida aniqlanadi va viloyat komissiyasiga olib chiqiladi. Viloyat komissiyasi ham o‘rganganidan keyin, bu hujjatlar hukumat komissiyasiga olib chiqiladi va tegishli zararlar qoplab beriladi.

Nuriddin Usmonov

Haqiqatan bugungi kunda bog‘dorchilik va poliz ekinlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlarning zararlari hali qoplab berilmagan. Bizga kelib tushgan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2 ming gektar maydondagi 125 nafarga yaqin fermerlar texnogen ofatdan zarar ko‘rgan. Bu bo‘yicha ham hukumat komissiyasi va viloyat hokimligi tomonidan topshiriqlar berilib, zararlar natura ko‘rinishida aniqlangan. Biz fermerlarga har bir ko‘chat, uning hosili va boshqa yetkazilgan zararlarni bugungi bozor narxlarida baholash uchun mustaqil konsalting tashkilotlari murojaat qilishi kerakligini aytganmiz.

Bugungi kunda fermer xo‘jaliklar tomonidan qisman baholash ishlari amalga oshirilgan. Qolgan 80 foizga yaqin fermer xo‘jaliklari hali baholash ishlarini oxiriga yetkazishmagan yoki boshlamagan bo‘lishlari ham mumkin. Ba'zilari dastlab tuzilgan dalolatnomani ham baholash hujjati sifatida ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin. Moliya vazirligi yetkazilgan zararni pul ko‘rinishida qoplab beradi, shuning uchun dastlab aniqlangan natura ko‘rinishidagi zararlar miqdorini mustaqil baholash tashkiloti orqali summasini taqdim qilishi kerak bo‘ladi. Barcha fermerlar tomonidan baholash ishlari yakuniga yetganidan keyin biz ushbu hujjatlarni hukumat komissiyasiga taqdim qilib, davlat budjetidan pul so‘raymiz. Moliya vazirligi tomonidan pul ajratilgach barcha zararlarni qoplab beramiz”, – deydi Nuriddin Usmonov.

Shuningdek, Nuriddin Usmonovning aytishicha, 2021 yilda ushbu hududlar toshqindan zarar ko‘rgan baliqchilik xo‘jaliklariga 93 milliard so‘m, chorvachilik xo‘jaliklariga 8,7 milliard so‘m zarar to‘lab berilgan. Esingizda bo‘lsa joriy yilda Kun.uz sirdaryolik baliqchilarning muammolarini bir necha bor yoritgan edi.

So‘zimiz avvalida zarar ko‘rgan va foyda olmayotgan fermerlarni shu holida ham soliqchilar bezovta qilayotgani haqida ham aytgandik. Ushbu masalaga Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati izoh berib, Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan fermerlarga hech qanday soliq imtiyozlari berilmaganini ma'lum qildi.

Yana bir mas'ul tashkilot - O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi esa joriy yilning may oyida ko‘rilgan zararlar yuzasidan dalolatnoma tuzib, uni baholatish bo‘yicha fermerlarga huquqiy tushuntirish berish bilan cheklangan.

«Fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarida ekilgan ekinlari va bog‘lari suv toshqini natijasida zarar ko‘rganligi, biroq ko‘rilgan zararlar miqdori bo‘yicha dalolatnomalar tuzilmaganligi aniqlanib, murojaatni o‘rganish davomida har bir fermer xo‘jaligi bo‘yicha suv toshqini natijasida ko‘rilgan zararlari yuzasidan dalolatnomalar tuzilib, ishchi guruhga taqdim etilgan.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklariga ishchi guruh tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida yetkazilgan zarar miqdorini baholovchi tashkilotlar orqali baholash lozimligi haqida huquqiy tushuntirish berilgan».

Shuningdek, Kengash Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklariga suv toshqini natijasida yetkazilgan zarar miqdori va uni qoplab berish masalasi qo‘shimcha o‘rganilishini ma'lum qildi.

Fermer va dehqon xo‘jaliklarini o‘z tashkilotiga majburiy tartibda a'zo qilib olgan kengash shuncha vaqtdan beri fermerlarga faqat tavsiya berish bilan cheklanib kelgani, tegishli Hukumat komissiyasiga bu haqda eslatib qo‘yish xayollariga ham kelmagani bu tashkilotning fermerlar uchun qanchalik foydasiz ekanini ko‘rsatib turibdi.

Bundan tashqari, Sardoba toshqinidan talafot ko‘rgan fermerlarga zararlarini qoplash bo‘yicha qanday amaliy yordam bera olishini so‘rab, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan bog‘ladik. Afsuski, vazirlik matbuot xizmati savollarimizni ochiq qoldirdi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 1 may kuni imzolangan «Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoyishi asosida “Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba suv ombori» to‘g‘onidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi” tashkil etilgan. Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Hukumat komissiyasiga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar o‘rnini qoplash choralarini ko‘rish vazifasi topshirilgan.

Yaqinda tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazgan prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning islohotchi ekanligi, xalqni rozi qilish uchun tadbirkorlarga ko‘makchi, yelkadosh bo‘lish lozimligini ta'kidlagan.

Bundan tashqari, Sardobadagi toshqindan so‘ng Sirdaryoga tashrifi davomida prezident bir necha bor fermerlarning zararlari to‘liq qoplab berilishi haqida gapirgan. Ammo mas'ullar davlat rahbarining ko‘rsatmalarini tez va oson unutishgan ko‘rinadi.

Xulosa qilishni hukumat vakillariga qoldiramiz ...

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top