16:20 / 18.09.2021
9320

Shavkat Mirziyoyev Eron prezidentining iqtisodiy korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tajribasini qo‘llash haqida gapirdi

Dushanbe shahriga tashrifning birinchi kungi dasturi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy prezident Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklab, hamkorlik bo‘yicha komissiya ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar rivojlanishida muhim rol o‘ynashini ta'kidlab o‘tgan.

Eron prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, Raisiy, shuningdek 2021-2022 yillarda Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi bilan tabriklagan.

«Men sizning ijobiy va konstruktiv yondashuvingiz mintaqa va ShHT davlatlari uchun ko‘plab xayrlar olib kelishiga ishonaman.

Tehron va Toshkent o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning hozirgi holati ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar darajasiga mos emas. Shuningdek, Eron Islom Respublikasi qo‘shnilar bilan aloqalarni chuqurlashtirish doirasida O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor», degan u.

Shuningdek, Raisiy Eronga qarshi repressiv sanksiyalar uning rivojlanishiga to‘siq bo‘lolmasligini, lekin mamlakat ularni bekor qilishga harakat qilishini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Eron prezidenti bilan uchrashuvdan minnatdorligini bildirgan. «Biz sizning bu sohadagi tajribalaringizni qo‘llashdan mamnun bo‘lamiz», degan Mirziyoyev Raisiyning sud tizimidagi tajribasi va iqtisodiy korrupsiyaga qarshi samarali kurashini nazarda tutib.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Eron bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishi kerakligi haqida gapirgan. Xususan, transport sohasida – Chobaxar portiga chiqish uchun shimol-janub yo‘lagini faollashtirish lozimligi qayd etilgan.

Top