07:45 / 20.09.2021
29345

10 bolali Umarovlar oilasi: ular bir oyda 7 nafarga ko‘paydi

Bundan bir oy oldin 3 nafar farzandni voyaga yetkazayotgan, Andijon shahrida yashovchi Umarovlar oilasi birdaniga 10 bolali oilaga aylandi. Oila «Bolalar shaharcha»sidan 7 nafar tarbiyalanuvchini farzandlikka oldi.

Bolajon oilada bo‘lib ular yashayotgan muhit bilan tanishdik. Oila boshlig‘i Farhodbek Umarov Milliy gvardiya safida ishlab nafaqaga chiqqan va ayni paytda Andijon shahar «Shifokor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib ishlab keladi. Ayoli Dildoraxon esa uy bekasi. Uch nafar farzandni tarbiyalayotgan oila «Bolalar shaharchasi»dan bir o‘g‘il, bir qizni olib tarbiyalashni niyat qiladi. Biroq borgach, ularning rejalari o‘zgaradi.

«Bir bolani tarbiyamizga olgach, u yerdagi boshqa bolalar ko‘zidagi mungni ko‘rib, chidab bo‘lmadi, ularni ham olib ketish uchun harakatga tushdik. Oilamizga yetti bola keldi. Mana, bir oydan beri birgamiz. Hozir bir-birimizga ancha o‘rganib qoldik. Ba’zida qiynalaman. Birini erkalatsam, boshqasi xafa bo‘layotgandek bo‘ladi. To‘g‘risi, kechalari bilan ham kam uxlaydigan bo‘lib qoldim.

Chunki mas’uliyatim katta. Endi maqsad aniq – farzandlarni el koriga yaraydigan qilib tarbiyalash. Ikki o‘g‘lim sportga qiziqadi, ularga sport anjomlari buyurtma qildim, to‘garakda shug‘ullanishyapti. Shuncha bolani boqib tarbiyalagani sharoiti yetarmikin, deyishlari mumkin. Xudoga shukur, 14 xona uyim bor. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lishimga qaramay, tadbirkorlik qilaman, o‘zimga tinchman. Farzandlarimni ham mehnatkash, vatanni sevadigan qilib tarbiyalamoqchiman. Insonga berilgan mol-dunyo bir sinov, O‘zi bizga imkoniyat berib qo‘yibdi. Yaratgan bergan ne’matlarni oqlashimiz kerak», deydi oila boshlig‘i Farhodbek Umarov.

Bolajon oila bekasi Dildoraxon turmush o‘rtog‘i bilan maslahat qilib 7 farzandni bag‘riga olganini, beshta qizga ayni paytda ro‘zg‘or tutish, taom pishirish, oila odoblarini o‘rgatayotganini gapirib berdi.

«Bolalar shaharcha»siga bir o‘g‘il olgani borib, ota-ona mehriga tashna bolalarni tashlab keta olmadik. Mana, hozir o‘n bola – sakkiz qiz va 2 o‘g‘ilning onasiman. Onajon deb talashib ham qolishadi», deydi Dildoraxon Umarova.

Oilaning to‘ng‘ich qizi Begoyim turmushga chiqqan. U Andijon tibbiyot institutining 3 kursida o‘qiydi. Biz borgan kuni u o‘qishda ekan.

Ezgulik, mehr, yaxshilik ufurib turgan xonadondan ko‘ngilda o‘zgacha tuyg‘ular uyg‘onib qaytdik. Darvoqe, Andijon viloyat hokimligi vakili Furqatbek Buzrukovning aytishicha, viloyat bo‘yicha har kuni yuzlab insonlar bola asrab olish uchun murojaat qiladi. Yaxshi insonlar ko‘paysin.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Top