23:08 / 21.09.2021
30838

“Dunyo taqdirini hal qiluvchi o‘n yillik boshlanmoqda”. Bayden BMT Bosh assambleyasida ilk murojaat bilan chiqish qildi

AQSh prezidenti o‘z chiqishida ittifoqchilar bilan munosabatlar, Xitoy, Afg‘oniston, Eron mavzusi hamda boshqa muammolarga e'tibor qaratdi.

Foto: Eduardo Munoz/Pool / Reuters

Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida BMT Bosh assambleyasidagi ilk murojaatida butun dunyo uchun hal qiluvchi o‘n yillik boshlanayotganini aytdi va uning mamlakati barcha ittifoqchilik majburiyatlarini bajarishiga va'da berdi.

So‘nggi vaqtda Vashington va uning doimiy ittifoqchilari orasidagi munosabatlar qiyin davrni boshidan kechirmoqda. Amerika harbiylari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan so‘ng vaziyat yanada keskinlashdi, bu Bayden va uning ma'muriyati g‘arblik hamkorlar hamda o‘z vatanidagilarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.

Buning ortidan suvosti kemalari qurish to‘g‘risidagi kelishuv sababli AQSh, Avstraliya va Fransiya o‘rtasida diplomatik mojaro kelib chiqdi. Fransiya rahbariyati Amerika va Avstraliyaning harakatini “ortdan pichoq urish” deb baholadi va o‘z elchilarini bu ikki mamlakatdan chaqirib oldi. 

Baydenning prezidentlik saylovoldi kampaniyasi “Amerika qaytdi” degan shior atrofida qurilgan, bu Donald Trampning izolyatsion yo‘nalishining butunlay aksini anglatishi lozim edi.

Ammo Baydenning sakkiz oylik prezidentlik davri ancha bahstalab deb hisoblamoqda ayrim ekspertlar.

“Biz har doimgidan ham jipslashgan holda ishlashimiz kerakligiga ishonchim komil, – dedi Bayden Bosh assambleyadagi murojaatida. – Bizning muvaffaqiyatimiz boshqalarning muvaffaqiyatiga bog‘liq”.

AQSh va Xitoy orasida davom etayotgan keskinlik haqida gapirarkan, Bayden Vashington sovuq urushga yoki dunyoni bo‘lib olishga urinmayotgani, ammo o‘zining va ittifoqchilarining manfaatlariga nisbatan tajovuzlardan himoyalanishini aytdi. 

Eron bilan munosabatlarga to‘xtalarkan, u AQSh Tehron bilan yadroviy kelishuvga qaytishga tayyorligini bildirdi

“Biz Eronni yadroviy kelishuvga amal qilishga diplomatik yo‘l bilan qaytarish maqsadida 5+1 guruhi bilan ishlayapmiz. Agar Eron kelishuvga to‘liq rioya qilishga tayyor bo‘lsa, biz ham bunga tayyormiz”, — dedi AQSh prezidenti.

U Afg‘oniston borasida ham fikr bildirdi.

“Afg‘onistonda 20 yillik nizo yakunlandi. Urushning bu davrini yopar ekanmiz, rivojlanish va demokratiyani yangilash maqsadida foydalaniladigan to‘xtovsiz diplomatiya davrini ochamiz”, – dedi Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh qurolli kuchlaridan jahon maydonida faqat o‘ta zarur hollardagina foydalanishi lozim: “Armiya muammoni hal qilishda birinchi emas, balki oxirgi vosita bo‘lishi kerak”.

Bayden dunyodagi hamma muammolar ham kuch yordamida yechilmasligini qayd etdi.

“Bombalar va o‘qlar bizni COVID-19 va uning kelgusidagi shtammlaridan qutqara olmaydi”, – dedi AQSh prezidenti.

21 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham chiqish qildi.

Top