22:10 / 22.09.2021
15312

Avtomobillar kamaymagan avtomobilsiz kun: nega bu xayrli aksiyaga ko‘pchilik bepisandlik bilan qaramoqda?

Bugun butun jahonda avtomobilsiz kun nishonlandi. To‘g‘risi, o‘zbekistonliklarning juda ko‘pchiligi bundan bexabar ham qoldi. Chunki ko‘chalarda mashinalar oqimi kamaygani yo‘q, piyoda yoki velosipedda ishga otlanganlar soni ortgani ko‘zga tashlanmadi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ishga piyoda otlanib, buni jonli efirda yoritdi.

Yaponiyadagi elchimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ishga velosipedda otlanib, vatandoshlarni ushbu aksiyada faol ishtirok etishga chorladi.

Turizm va sport vazirligi esa «Xalqaro avtomobilsiz kun» tanlovini e'lon qildi. Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov rahbarlarni namuna bo‘lishga chaqirdi. O‘zi ham ishga velosipedda keldi.

U boshliq velosipedchilar Ekopark tomon harakatlanishdi. G‘oliblarga 27 sentabr – Butunjahon turizm kuni bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan mukofotlar tantanali ravishda topshirilishi e'lon qilindi.

Toshkent hayvonot bog‘i jamoasi ishga avtomobillarsiz velosipedda kelib, aksiyaga qo‘shilishdi.

Poytaxt Toshkent shahrida soat 20:00dan boshlab «Tungi velosayr» festivali o‘tkazildi. U poytaxtdagi Maxtumquli va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidan boshlanib, «Yangi O‘zbekiston» bog‘igacha davom etdi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti rahbariyati va shaxsiy tarkibi ham ishga piyoda va velosipedda kelishdi. Qayd etish joyiz, qo‘mitaning joylardagi boshqarmalari ham aksiyada faol ishtirok etishdi.

Samarqand, Buxoro va Farg‘ona shaharlarida ham aksiyaga atab piyoda yurishlar va velopoygalar o‘tkazildi.

Aksiyadan murod nima?

Yangi asr boshidan buyon 22 sentyabr butun jahonda avtomobilsiz kun sifatida nishonlanib kelmoqda. Bizda bu aksiya yaqin o‘tgan yillardan boshlab, endi-endi ommalasha boshlandi.

Avtomobilsiz harakatlanishni targ‘ib qilishdan maqsad, eng avvalo, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘lsa, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zaharli gazlardan himoya qilish, shuningdek, katta shaharlarda avtomobil tirbandligi, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik e'tiborini qaratishdir.

Bu kunning yurtimizda u qadar ommalashmayotganiga sabablardan biri — televideniye, matbuot va internet saytlarda bu aksiya yetarli darajada targ‘ib qilinmayotganidir.

O‘zi avtomobilsiz kunning bir yilda bir kun bo‘lishi ham uning ahamiyatini pasaytiradi. Bunday aksiyalar avval oyiga bir marta, keyinchalik haftaning ma'lum bir kunida o‘tkazilsagina odamlar ongiga singa boshlaydi.

Tirbandlik muammosiga duch kelgan Xitoydagi ayrim shaharlarda avtomobil davlat raqami juft yoki toq son bilan tugashiga qarab, oyning juft yoki toq raqamli kunlarida avtomobilda harakatlanishni cheklab qo‘yishgan. Balkim bizda ham shu kabi tajribalardan foydalanish kerakdir?

Aksiyaning bizda ommalashmayotganiga yana bir sabab — shaxsiy transport vositasi bilan harakatlanish bizning mentalitetimizda katta obro‘, nufuz darajasiga ko‘tarilgan. Piyoda yuruvchilar, jamoat transportidan foydalanuvchilarga hayotda hech narsaga erishmagan omadsiz qatlam sifatida qaraladi. Buning oqibatida ko‘pchilik haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga bepisand, ko‘chalarda piyodalarga yo‘l bermaydi, albatta, bu haydovchilik madaniyatining o‘ta pastligidan ham dalolat beradi.

Jamoat transporti rivojlantirilishi shart

Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon kabi yirik shaharlarimizdagi rahbarlar shaharda jamoat transportini rivojlantirish masalalariga yillarki, panja orasidan qarab kelishmoqda. Bu ham shaharlarimiz ko‘chalarida tig‘iz vaqtlarda avtomobillardan iborat kuchli tirbandlik hosil bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Yirik shaharlarimizda ekologik toza jamoat transporti — tramvaylar, trolleybuslar, elektrobuslarni joriy etish borasida hech qanday ishlar amalga oshirilmayapti. Maqtanadiganimiz — faqat Toshkent shahrida prezident Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan metroning yangi liniyalari ishga tushirildi.

Ayrim shaharlarimizda veloyo‘laklar shunchaki, xo‘jako‘rsinga qilinayotgani, ular hech qanday funksional vazifa bajara olmasligi, ulardan foydalanib bo‘lmasligi mutaxassislar tomonidan aytilmoqda.

Sog‘lom turmush tarzi uchun mana shunday yangiliklarni joriy etish kerak ekan, shunchaki bilganicha ishni boshlash kerak emas. Hartugul, milliardlab pul sarflanmoqda. Avvalo, shu narsaga aqli yetadigan shaharsozlik, urbanistika, transport sohasi mutaxassislarini jalb qilish kerak. Birgalikda muhokama qilib, eng maqbul variantlarni ishlab chiqish lozim.

Aytmoqchi bo‘layotganim, butun jahonda isbotini topib bo‘lgan narsa — faqat jamoat transportini rivojlantiribgina katta shaharlarimizda avtomobil tirbandligi muammosini hal qilish mumkin. Ko‘chalarni kengaytirish, ko‘priklar qurish bilan bu muammo hal etilmaydi, aksincha, battar chigallashadi.

Shaharlarimiz avtomobillar uchun emas, eng avvalo, insonlarning bemalol harakatlanishi uchun bo‘lishi kerak.

Bu masalalarni faqat avtomobilsiz harakatlanish tavsiya etilgan kunda emas, yil-o‘n ikki oy o‘ylashimiz, vaziyatni yaxshi tomonga og‘dirish uchun rahbarlar ham, jamoatchilik ham tinmasdan harakat qilishi kerak.

Avtomobilsiz kunda esa, eng avvalo, rahbarlar qimmatbaho xizmat avtomobillaridan tushib, piyoda yurib yoki jamoat transportidan foydalanib, o‘z shahridagi oddiy aholi har kuni yo‘l yurib, qanday kun kechirayotganini o‘z tanasida his qilib ko‘rsa yaxshi bo‘lar edi.

Ya'ni, bu xayrli ishni barcha rahbarlar doimo bosh bo‘lib boshlab berishsa, qolganlar davom ettirishadi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Top