08:39 / 22.09.2021
15642

Toshkent shahridagi uchta tuman hokimiga «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi 

Toshkent shahridagi uchta tuman hokimiga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tegishli farmoyishi 16 sentabr kuni qabul qilindi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining 2021 yil 16 avgustdagi 02-RA 1-13401 sonli topshirig‘iga asosan joriy yil birinchi yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yganliklari uchun Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Ergashev, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omovga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.  

Ma'lumot uchun, yanvar—iyun oylarida Yunusobod, Yangi Hayot va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida fizik hajm indeksi keskin pasaygan.

2020 yil avgustida Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentning 5ta tumani hokimiga hayfsan bergan. O‘shanda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Ergashev, Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev, Chilonzor tumani hokimi Sarvar Maxametov, Yunusobod tumani hokimi Rahmon Usmonov va Yashnobod tumani hokimi Hojiakbar Tillashayxov ushbu intizomiy jazoga tortilgan.

Top