09:20 / 23.09.2021
30820

Bargidan mevasi ko‘p. Qo‘ng‘irotning serhosil uzumzorlariga sayohat

Vodiyga yo‘lingiz tushib, meva bozoriga kirsangiz, Qo‘ng‘irot uzumidan so‘rang. Asakaning Qo‘ng‘irot qishlog‘ida yetishtirilgan uzumlar boshqalaridan biroz qimmat, lekin shirasi, sifati ham o‘ziga yarasha.

Qo‘ng‘irot uzumlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgani yo‘l oldik. Bu qishloqda ishkomsiz uy topish qiyin. Har bir xonadon ko‘cha yuziga ham so‘ritok ko‘tarib, uzum ekkan.

Uzumning tanasini zang deyishadi. Zangdan o‘sib chiqqan novdalarda xuddi atay g‘uj ilib qo‘yilgandek osilib turgan uzum boshlarini ko‘rasiz. Tokzorlardagi pokizalik, birorta nuqsoni yo‘q mevalar bog‘bonlarning o‘z kasbining mirishkori ekanligidan dalolat.

Biz usta bog‘bon Abdumannob Qo‘ldoshevning tokzoridamiz. Yarim gektarlik bog‘da uzumning “Kelin barmoq”, “Rizamat ota”, “Ketmon sopi” va “F1” navlari parvarishlanar ekan. Ko‘z tegmasin hosil juda mo‘l. Toklar osti orasta chopilgan, birorta begona o‘t ham ko‘rmaysiz. Nuroniy bog‘bonning aytishicha, tok ostining doim chopilgan holda, pokiza turishi uzumning shirali bo‘lishiga sabab ekan.

«Qo‘ng‘irotda qadimdan uzum yetishtirib kelinadi. Xonadonlarda 100-150 yillik uzumlar bor. Mashaqqati ham o‘ziga yarasha. Kuzda kesib ko‘mamiz, bahorda yana ochib taraymiz. Sifatli hosil olish uchun tinimsiz mehnat qilinadi. Ajdodlarimiz, ota-bobomizdan meros kasb bu. Bog‘imizda to‘rt xil uzum yetishtirsak, bularning teng yarmi eksportga ketadi.

Uzumlarimiz sifatli bo‘lgani uchun mahalliy bozorda ham yaxshi ketadi. Boshqa joyda yetishtirilgan uzumlardan qimmatligining sababi ham uning sifatida», deydi Abdumannob Qo‘ldoshev.

Uzum ishkomlari orasiga to‘rlar yoyib chiqilgan. Bu «uzum o‘g‘risi» bo‘lgan qushlar uchun ekan. Lekin biz ikki soat davomida tokzorda to‘rga tushgan olaqanotdan tashqari birorta qush uchratmadik.

«Biz hosil pishganida tokzorni turli qushlardan asraymiz. Mana bu olaqanot uzumni teshib qo‘yadi. Chumchuq o‘sha yerdan cho‘qilaydi. Keyin ari bosadi. Hosilga katta zarar yetadi. Lekin, bir marta biror qush to‘rga tushgach, boshqa qushlar ancha vaqtgacha tokzorga yaqinlashmaydi. Jonivorlar aqlli, xavfni sezadi. Shuning uchun to‘rga tushgan qushni o‘ldirmaymiz. Qo‘yib yuboramiz», deydi bog‘bon.

Yuqorida aytganimizdek, Asakaning Qo‘ng‘irotida ko‘chalarda ham, xonadonlarda ham uzum yetishtiriladi. 96 yoshli bog‘bon Alijon ota xonadoni va ko‘chasidagi ishkomlarda uzumlar yetilib, tillarang tusga kiribdi.

«Uydagi mana shu uzumlar 1950 yilda ekilgan. Yerimiz uzumni juda suyadi. Bizga Alloh bergan ne'mat bu. Ikkinchi jahon urushi paytida odamlar uylaridagi uzumlarni kesib, yemish yo‘qligidan jo‘xori, makkajo‘xori ekishgandi. Keyin o‘sha paytdagi rahbarlar kelib, osh-non bilan ta'minlab uzumlar kesmaslik bo‘yicha buyruq berishgan», deydi Alijon ota.

Asakada hozir uzumlar g‘arq pishgan palla. Agar ishkomdan uzib yemoqchi bo‘lsangiz, bir keling. O‘zgacha ta'mli, shirador uzum yemoqchi bo‘lsangiz, o‘sha yuqoridagi gap – bozordan Qo‘ng‘irot uzumlarini so‘rang.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Top