16:26 / 23.09.2021
79121

Metroda voyaga yetmagan qizga behayo harakatlar qilgan shaxs qo‘lga olindi

Joriy yilning 18 sentabr kuni Toshkent metropolitenining «Olmazor» bekatida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan behayo harakatlar sodir etib, qidirilayotgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti xabar berdi.

Foto: IIB axborot xizmati

Qayd etilishicha, u ilgari Jinoyat kodeksining 166- (talonchilik), 169- (o‘g‘rilik) hamda 127-moddalarida (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro K.Sh. ekanligi aniqlandi. 

Ma'lum qilinishicha, hozirda IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti tomonidan mazkur shaxsning harakatlarida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish jinoyatining alomatlari mavjudligi tekshirilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, agar siz yoki yaqinlaringiz ushbu fotosuratda ko‘rsatilgan shaxsning harakatlaridan jabrlangan bo‘lsangiz, darhol 102 raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar organiga xabar berishingiz so‘raladi”, deyiladi ma'lumotda. 

Bosh prokuratura matbuot xizmati qo‘shimcha qilishicha, IIV Transportda XTBB Tergov boshqarmasi tomonidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, 129-modda bilan aybdor deb topilgan shaxs uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash, yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Top