10:12 / 24.09.2021
8016

Apple 2 milliard dona iPhone sotdi

Apple kompaniyasi iPhone smartfonlaridan umumiy hisobda 2 milliard dona sotdi. Bu haqda 9to5mac nashri xabar berdi.

Asymco agentligi tahlilchisi Goratsiy Dediuning hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniya 2 milliardinchi iPhone’ni shu kunlarda sotgan. Biroq kompaniya buni ovoza qilib o‘tirmagan. 

“Sonlar bunday katta ko‘rinish olganda, sezuvchanlik pasayadi”, deb tushuntirgan buni Dediu va 2 milliard qurilma sotilgani haqida gapirish bir milliard sotilganini gapirishga qaraganda uncha qiziq emasligini aytgan. 

U, shuningdek, kompaniya ko‘plab yillar davomida iPhone’larining boshlang‘ich narxini 400 dollar atrofida saqlab kelayotganiga, biroq hozirda modellar narxidagi tafovut avvalgidan ancha yuqoriligiga e'tibor qaratgan.  

Tahlilchining fikricha, savdolar hajmi oshishiga qulay kredit dasturlari hamda ko‘plab hududlarda koronavirus cheklovlari yumshatilgani tufayli chakana savdo hajmi oshgani sabab hisoblanadi.

Bundan tashqari, Dediuning ta'kidlashicha, iPhone ikkilamchi bozorda eng ommaviy smartfon hisoblanadi. Tahlilchi buni qurilmalarning sifati yuqoriligi va talabgirligi bilan tushuntirgan.

Avvalroq Apple o‘zining yangi iPhone 13 smartfonlar qatorini taqdim etgandi.

Top