09:27 / 24.09.2021
18154

Imomali Rahmon afg‘on tojiklarini Afg‘oniston boshqaruvida ishtirok etishga chaqirdi

Tojikiston prezidenti BMT Bosh assambleyaning 76-sessiyasi ishtirokchilariga videomurojaatida Afg‘onistonda afg‘on tojiklari ishtirokida inklyuziv hukumat shakllantirishga chaqirdi va mamlakatda xalqaro terrorchilik tiklanishi mumkinligini aytdi.  

“BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelishi mintaqadagi o‘zi shundoq ham murakkab geosiyosiy jarayonni yanada murakkablashtirdi”, deb aytgan o‘z nutqida Rahmon.

U “Tolibon” inklyuziv hukumat shakllantirishga bergan va'dasini bajarmaganidan afsuslanish bildirdi.

Tojikiston rahbarining ta'kidlashicha, afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari ishtirokidagi muloqotgina Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga olib kelishi mumkin.

“Shu sababli Afg‘oniston aholisining 46 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiluvchi tojiklar boshqa etnik guruhlar bilan bir qatorda davlat boshqaruvida munosib o‘rin egallash huquqiga egalar”, deb ta'kidlab o‘tgan Rahmon. 

U Afg‘onistondagi inson huquqlari buzilishlari, qotilliklar, talon-torojliklar va xalqning jabr-zulm ko‘rishini qoraladi hamda Panjsher viloyatida haqiqiy gumanitar falokat yuzaga kelganini aytdi.  

Rahmon Tojikiston Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmoqchi emasligini aytib, “Afg‘onistonda hokimiyat strukturasini referendum yo‘li va barcha fuqarolar pozitsiyalarini hisobga olib belgilash”ni taklif qildi.

Tojikiston rahbari, shuningdek, Afg‘onistonda xalqaro terrorchilik tiklanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Tinchliksevar afg‘on xalqi bugungi kunda terrorga to‘qnash keldi. Biz bunda afg‘on xalqining aybi yo‘qligini, bu vaziyat tashqaridan tashkillashtirilgani va afg‘on xalqiga suqishtirilganini tushunishimiz kerak. Turli terrorchi guruhlar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun mamlakatdagi beqaror harbiy-siyosiy vaziyatdan faol tarzda foydalanmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Rahmon.

“Biz Afg‘onistonda IShID, “Al-Qoida” va boshqa terrorchi guruhlarning minglab a'zolari ozod qilinishining guvohi bo‘ldik. Biz Afg‘oniston bugungi kunda yana xalqaro terrorchilik shakllanishi maydonchasiga aylanish yo‘lida turganidan xavotirdamiz va afsusdamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Tojikiston prezidenti.

Uning aytishicha, Afg‘onistondagi joriy inqirozga AQShning mamlakatdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish qarori sabab hisoblanadi. U bu qarorni mas'uliyatsizlik deb atagan.

21 sentyabrda “Tolibon” o‘z hukumatini shakllantirishni yakunlagani ma'lum qilindi. Savdo vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimiga panjsherlik tadbirkor Hoji Nuriddin Aziziy, uning birinchi o‘rinbosari lavozimiga bog‘lonlik tadbirkor Hoji Muhammad Bashir va ikkinchi o‘rinbosari lavozimiga Saripul viloyatidan tadbirkor Hoji Muhammad Azim Sultonzoda tayinlandi. Shu tariqa toliblar o‘z hukumati tarkibiga nafaqat pushtunlarni, balki boshqa milliy ozchiliklar vakillarini ham qo‘shishga tayyorligini namoyish qilgan.

Top