13:38 / 27.09.2021
3675

“O‘zbek asarlarini hind tiliga tarjima qilmoqchiman” – Toshkentda tahsil olgan hindistonlik magistr 

Shahid Taslim hindistonlik. Dehlida yashaydi. Falsafa fanlari doktori (PchD), Dehlidagi Jamamiliya markaziy universitetida ishlaydi. U yaqinda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasini oldi.

– Shahid, ko‘pchilikni bir savol qiziqtirishi tabiiy – nega o‘rganish uchun aynan o‘zbek tilini tanlagansiz?

– Hindistondagi universitetimizda 2004 yilda o‘zbek tili kafedrasi tashkil etilgan. O‘sha yildan boshlab men hind talabalariga o‘zbek tilidan dars berganman. Chunki bundan 24 yil avval Sharqshunoslik universitetida o‘qib, o‘zbek tili bo‘yicha diplom olganman. Ammo dars berishim uchun bilimlarimni yetarli deb hisoblamadim hamda 2019 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga magistraturaga o‘qishga kirdim. O‘zbek tilini mukammalroq va chuqurroq egallashga kirishdim. Ustozlarning har bir maslahatiga quloq tutdim, har bir o‘gitini ko‘nglimga jo qildim. Magistraturani muvaffaqiyatli yakunlab, magistr diplomiga ega bo‘ldim. Bu men uchun katta sharaf.

– Tilshunoslikda ilmiy ishlar ham qilibsiz, endi qanday rejalar ustida ishlamoqdasiz?

– Aslida o‘zim boshqa yo‘nalishda o‘qib, Hindistonda doktorlik himoya qilganman, PhD darajasiga egaman. Daf'atan, yana ta'lim olishimga zarurat yo‘q edi. Ammo hind talabalariga o‘zbek tilidan dars berar ekanman, ularga yaxshi ta'lim berish, yaxshi o‘rgatish uchun o‘zim bu tilni juda yaxshi bilishim shart deb o‘ylayman.

Hindistonga qaytgach, o‘zbek adabiyotining nodir asarlarini hind tiliga tarjima qilmoqchiman. O‘zbek tilida tarjimalar yo‘q emas, lekin ular ingliz tilidan hind tiliga o‘girilgan. Men esa o‘zbek adabiyotini aslidan, to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilishni ko‘zlaganman. Bundan tashqari, talabalarga o‘zbek tilining asoslari hamda adabiyoti haqida ko‘proq ma'lumot berishni niyat qilganman.

– Hindistonda o‘zbek tilining mavqeyi qanaqa?

– Hindiston katta mamlakat. Lekin shunday katta mamlakatda o‘zbek tilini mukammal biladigan odamlar kam, yo‘q desa ham bo‘ladi. O‘zbek adabiyoti haqida hindlar deyarli bilmaydi. Vaholanki, bizning mamlakatlarimizni, millatlarimizni bog‘lab turgan uzviy rishtalar bor. Birgina Mirzo Bobur va boburiylarni eslashning o‘zi kifoya. Tilimizda o‘zbek tilidagi 3000dan ortiq so‘z faol ishlatiladi. Lekin afsuski hindlarning aksariyati bundan bexabar.

Men birinchilardan bo‘lib o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘ldim. O‘ylaymanki, izlanishlarim besamar ketmaydi va Hindiston xalqiga o‘zbek tilini kashf etishida yordam beraman. O‘zbek adabiyotining eng sara asarlarini hind tiliga o‘giraman. Va mening yo‘limni davom ettiradiganlar topilishiga ishonchim komil.

O‘zbek tilini mukammal o‘rganishda menga yaqindan ko‘mak bergan ustozlarimga, ayniqsa mendan yordamini va vaqtini ayamagan ustozimiz, rektor Shuhrat Sirojiddinovga alohida rahmat aytmoqchiman. O‘zbekistonda 1 oktyabr – Ustozlar va murabbiylar kuni bo‘lsa, 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana nishonlanadi. Ustozlarni, tilshunos olimlar va barcha o‘zbek xalqini bayram bilan tabriklab qolaman.

Umid qilamanki, kelajakda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aloqalar yanada kuchli bo‘ladi. Hozir ham ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu aloqalarning yanada mustahkam bo‘lishi uchun men ham astoydil harakat qilaman.

"O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi" kafedra mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Marg‘uba Abdullayeva:

– Shahid Taslim yaqinda «Xorijliklar uchun o‘zbek adiblari hayoti va ijodini o‘rganish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma yaratish» mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shahidning O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga mehri o‘zgacha. U o‘zbek adiblarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda doimiy ravishda qatnashadi. Shahid Taslim ona tilimizni dunyo miqyosida targ‘ib qilishda katta xizmat qilmoqda.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Top