16:22 / 29.09.2021
13484

16 fevral voqealari bo‘yicha bojxonachilarga chiqqan oqlov hukmini bekor qilish yuzasidan protest kiritildi

Toshkent viloyat prokuraturasi 16 fevral voqealari sabab jinoiy javobgarlikka tortilgan sobiq bojxonachilar ishi bo‘yicha, oradan 22 yil o‘tib chiqarilgan oqlov hukmini bekor qilishni so‘rab, Oliy sudga protest kiritdi.

Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, kassatsiya protesti viloyat prokuraturasi tomonidan 2021 yil 27 avgust kuni kiritilgan (protest nusxasi tahririyatda mavjud). Protestda 1999 yil 16 fevral kuni terrorchilar tomonidan Toshkent shahrida sodir etilgan portlashlar sabab jinoiy javobgarlikka tortilgan 5 nafar shaxs (sobiq bojxonachilar)ga nisbatan Toshkent viloyat sudining apellyatsiya hay'ati tomonidan 2021 yil 24 iyul kuni chiqarilgan oqlov hukmini bekor qilish hamda Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi hukmini o‘z kuchida qoldirish so‘ralgan.

Kun.uz’ning Oliy suddagi manbasi tasdiqlashicha, Oliy sud protestga asosan ishni kassatsiya tartibida ko‘rishni 30 sentyabr kuni boshlaydi.

Avvalroq, 16 fevral voqealari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 208-moddasi bo‘yicha aybdor deb hukm qilingan 5 nafar sobiq bojxonachilar oradan 22 yil o‘tib (2021 yil 24 iyul kuni) oqlangani xabar berilgandi.

Ma'lumot uchun, sobiq bojxonachilar Yolqin Kamolov, Muhammadzohir Xo‘jayev, Ibrohim Yunusov, Baxtiyor Begmatov va Iskandar Bo‘riyev 1999 yil 16 fevral kuni «G‘isht ko‘prik» bojxona maskani orqali terrorchi hisoblangan N.Yuldashev, Z.Xasanov va boshqalarni o‘tkazib yuborganlikda ayblanib, JKning 208-moddasi bilan ayblangan. JIB Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi hukmi bilan ularning har biriga 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oradan 22 yil o‘tib, Toshkent viloyat sudi terrorchi hisoblangan N.Yuldashev va Z.Xasanov davlat chegarasini aynan bojxona maskani orqali kesib o‘tganini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas degan xulosaga kelib, sobiq bojxonachilarni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya qildi va jinoyat ishining ularga oid qismi harakatdan tugatdi.

Kun.uz sud jarayonlarini yoritib boradi.

Top