17:18 / 29.09.2021
18496

“Milliy bog‘dagi ko‘l o‘rnida allaqanday “siti” qaqqaytirib qo‘yildi” - prezidentlikka nomzod ekologik muammolar haqida

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov ekologiyani asraydigan omillar – suv havzalari ko‘payish o‘rniga tag-tugi bilan yo‘qotilib, qurilishlarga berib yuborilishi keskin muammolarga sabab bo‘lishini aytdi.

Nomzodning ta'kidlashicha, ekologiyaning ifloslanishi sabab o‘lganlar soni OITS, bezgak, sil qurbonlaridan 3 barobar ko‘pdir. Urushda halok bo‘lganlar esa ekologik muammo bois vafot etganlardan 15 marta kam ekan. Bolalar hayotini xavfga qo‘yadigan, turli onkologik, infeksion xastaliklarga, to‘satdan o‘lim holatlariga qarshi kurashishning samarali yo‘llaridan biri – changga qarshi kurashish.

“Havodagi changga qarshi qanday kurashish mumkin? Buning yo‘llari ko‘p, masalan sun'iy ko‘llardan foydalanish. Undagi suv havoning namlik miqdorini mo‘'tadillashtirib, atmosferani tozalab turadi. Lekin yurtimizda suv havzalari ko‘paytirilishning o‘rniga ularni yo‘q qilishga harakat qilinayotgani taassufli holatdir. Bundan ancha yillar avval poytaxtdagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi binosi o‘rnida katta ko‘l bo‘lardi, hozir undan asar yo‘q. Yaqinda Milliy bog‘dagi ko‘l ham tag-tugi bilan yo‘q qilinib, o‘rniga allaqanday “siti” qaqqaytirib qo‘yildi. G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i ham shunday rejalar changalida turibdi”, deydi Abduhalimov.

Darhaqiqat, milliy maqomiga ega O‘zbekistonning asosiy bog‘ining yarmi hozir yangi qurilgan siti bilan band. Taqdiri hozircha noma'lum G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i ayni paytda yopiq va kirib-chiqayotgan yuk mashinalaridan u yerda qurilish ishlari ketayotganini bilish qiyin emas.

“Afsuski, hozir bizda muhtasham “siti”larga ruju qo‘yilib, hayot va sog‘liq uchun foydali manbalardan voz kechilmoqda. Yurtimizda soha mutaxassislari yetarli bo‘lishiga qaramay ularning hukumat qarorlari payti fikr bildirmay, qo‘l qovushtirib o‘tirishi taajjublanarli” deydi partiya nomzodi. Shuningdek, u Orol dengiziga bo‘lgan munosabat bizga ibrat bo‘lishi lozimligini uqtirgan.

“Orol dengizi - Markaziy Osiyodagi yopiq havzada joylashgan katta ko‘l. Sovet tuzumidagi noto‘g‘ri siyosat – paxta dalalarini sug‘orishdagi xo‘jasizlarcha munosabat, ya'ni Orol dengiziga oqib tushayotgan daryolardan katta miqdordagi suvning burilishi tufayli suvning maydoni va hajmi sezilarli darajada kamaygan, oqibatda sho‘rlanish darajasi oshgan. Bu xatoning azobini haligacha tortyapmiz. Mamlakatimizda dengiz yo‘qligi bois O‘zbekiston yod tanqisligiga uchragan hududlar ro‘yxatida turadi, aholining katta qismi turli daraja va ko‘rinishlardagi endokrin kasalliklar bilan yuribdi”. 

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ekologik vaziyatning og‘irlashib ketishiga birinchi navbatda hokimlar aybdorligini aytgan edi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top