08:25 / 29.09.2021
2597

Navoiyda qizlarni fohishalik uchun Turkiyaga jo‘natmoqchi bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qildi  

Navoiyda «Go‘zal» taxallusi bilan nom qozongan, qizlarni fohishalik uchun Turkiyaga jo‘natmoqchi bo‘lgan fuqaro 5 yil 4 oy muddatga qamaldi. Bu haqda Kun.uz'ga Navoiy viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha konsultanti Aziza Ro‘ziyeva xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, «Go‘zal» joriy yilning 22 mart kuni Navoiy shahrida joylashgan “Shuhrat” kafesida D.N. bilan tanishib, unga Turkiya davlatida fohishalik qilish yo‘li bilan daromad topishni taklif qilgan. Keyin uning suratlarini Telegram tarmog‘i orqali Turkiya davlatidagi tanishlariga tashab bergan.  

D.N. bilan o‘zaro kelishuvga erishgan «Go‘zal» 2021 yil 11 aprelda uni Andijon viloyatidagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara punkti orqali Turkiyaga olib chiqib ketayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Navoiy shahar sudining hukmiga ko‘ra, «Go‘zal»ga 5 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oldinroq ushbu fuqaro Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, «Madaniyat» xalqaro chegara o‘tkazish punktida qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Top