10:26 / 29.09.2021
4486

Poytaxt hokimligi Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga 3 ta bino taklif qilinganini bildirdi

Toshkent shahar hokimligi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov hokimlik 2017 yil avgustdagi prezident qarori ijrosini ta'minlamayotgani borasidagi e'tirozlariga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahar hokimligi 2017 yil 10 avgustda «O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirgan.

Jumladan, poytaxt hokimligi qarorda nazarda tutilgan Shayxontohur tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 16-A uy binosi boshqa davlat idoralari bilan to‘lganligi sababli, uyushmaga Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolangan xat bilan uchta bino taklif etilgan.

  • Shayxontohur tumani, Furqat ko‘chasi 1-uy manzilidagi bino;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik shohko‘chasi 71-uy manzilida joylashgan binoning 4-qavati;
  • Yashnobod tumani 22-harbiy shaharchada joylashgan bino.

Hokimlik matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yuqoridagi takliflarga nisbatan hech qanday javob bermaganligi sababli bu masala ochiq qolgan va hozirgi kunda bu uchta taklif ham o‘z kuchini yo‘qotgan.

«Sababi shaharda katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘plab binolar buzildi, ko‘plarining o‘rniga yangilari bunyod etildi. Buni Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov bilishi, yuqoridagi masala yuzasidan fikr bildirishdan avval masalani o‘rganishi lozim edi.

To‘g‘ri, Olimjon O‘sarovning uyushmaga rahbar bo‘lganiga endi to‘rt oy bo‘ldi. Bu vaqt mobaynida hamma narsaga ulgurish, hamma narsani bilish qiyin. Ammo «xafa bo‘ldim» deb OAVda chiqishdan avval Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan bo‘lardi,” – deyiladi Toshkent shahar hokimligi bayonotida.

Toshkent shahar hokimligi Kun.uz’ga uyushmaga taklif sifatida berilgan xatni taqdim qildi. Hokimlik rasmiysining aytishicha, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi o‘zi uchun bino so‘rab, yuqori tashkilotga ariza kiritgan. Shu asosida, Toshkent shahar hokimligiga xatni javob tariqasida Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga emas, balki Vazirlar Mahkamasiga yuborgan.

Xatda haqiqatan ham ijodiy uyushmaga yuqoridagi ko‘rsatilgan binolar taklif qilinganini ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov Toshkent shahar hokimligi 2017 yil avgustdagi prezident qarori ijrosini 5 yildan buyon paysalga solib kelayotganini ta'kidlab, Toshkent shahri hokimidan juda xafaligini bildirgan edi.

Hozircha Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ushbu masalaga munosabat bildirmadi. 

Top