10:16 / 29.09.2021
3434

TIQXMMI: Jonli jarayon va yangicha imkoniyatlar

Ta'lim jarayoni o‘ziga xos sur'at va jadallik bilan taraqqiy etadi. Bu esa yangi texnologiyalarni joriy etish va davr bilan hamqadamlikni taqozo etadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMMI) Yangi O‘zbekiston shukuhiga monand yangi jonli jarayon boshlangani sir emas.

Bugun ilk bor ishga tushirilgan ko‘rgazmali zal va laboratoriyaning ochilishi yuqoridagi fikrning dalolatidir.

Hukumatimiz qarorlarida yuqori malakali kadrlarni, shuningdek, innovatsion tadqiqotlarni olib borish va jamoada ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yosh olimlarni tayyorlash dolzarb vazifa sifatida yuzaga chiqmoqda.

Institutimizda dastavval, ishonchli hamkorlarimizdan biri «Huawei Tech Investment Tashkent» kompaniyasi homiyligida tashkil etilgan «Aqlli qishloq va suv xo‘jaligi» shou-rumi (ko‘rgazmali zali) tantanali ochildi.

Tadbirni institutning birinchi prorektori Mirzayev Bahodir Suyunovich olib bordi. Unda Huawei Tech Investment Tashkent direktori Lyu Tszyasin, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri matbuot kotibi Shuhrat Suyunov ishtirok etib o‘z mulohazalarini bildirishdi.

Bu zamonaviy shou-rumga Xitoyning eng ilg‘or fermer xo‘jaliklarida faol foydalanib kelinayotgan va O‘zbekiston sharoitiga joriy qilinayotgan Aqlli qishloq va suv xo‘jaligini raqamlashtirish texnologiyasi o‘rnatilgan.

Bundan maqsad talabalar va yosh olimlarni tayyorlash jarayonida, shou-rum va ilmiy-o‘quv poligoni o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish hamda real vaqtdagi dispetcherlik punkti faoliyatini amalga oshirishdir. Shou-rum yangi ilmiy ishlanmalarni yaratish orqali loyihalarning natijadorligi, aniqligi va ishonchliligini ta'minlash, sohani raqamlashtirish bilan bog‘liq ilmiy faoliyatni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish hamda ularda tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ikkinchi va uchinchi tadbir «PETRO TEST AVTO» MChJ bilan hamkorlikda «Yonilg‘i moylash materiallari laboratoriyasi»ning hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan hamkorlikda maxsus auditoriyasining rasmiy ochilishi bilan davom etdi.

O‘zbekiston Respublikasi VM huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Voitov Aziz Botirovich, «Agroinspeksiya» boshqarma boshlig‘i Ashraf G‘affarovlar so‘zga chiqib o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida foydalanib kelinayotgan chet mamlakatlarning zamonaviy «Case», «John Deere», «Rosselmash» qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan ham hamkorlik o‘rnatgan. O‘quv jarayonining sifatiga e'tibor kuchaytirilib, shu korxonalarning institutimizda maxsus auditoriyalari tashkil etildi.

Tadbirda oliy ta'lim sohasiga joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar va texnikalar hamda ularning samaradorligi keng muhokama etildi.

Institut hayotidagi ushbu uchta tadbir ham ta'lim muassasamizdagi yangi to‘lqin va jonli jarayonning o‘ziga xosligini namoyon etdi deyish mumkin.

TIQXMMI Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top